UZB SPort

Gianni Infantino uchun bosim ostidagi hafta: FIFA rahbariyatining tanqidlari

Gianni Infantino uchun hafta boshidagi tonglar bir xil manzarani eslatmoqda. Yana tanqidlar, yana bosim, yana savollar. Bu safar zarbani bevosita futbolning eng yirik qit’a konfederatsiyalari berdi.

UEFA, CONCACAF va AFC rahbarlaridan ochiq xat

Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi UEFA, Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi konfederatsiyasi CONCACAF va Osiyo futbol konfederatsiyasi AFC prezidenti hamda bosh kotiblari birgalikda ochiq xat e’lon qildi. Nishonda – FIFA va uning rahbariyati, aniqrog‘i, endi bekor qilingan Fifa Forward Enterprise (FFE) loyihasini yuritish uslubi.

Xatda futbol rahbarligining mazmuni keskin ohangda eslatib qo‘yildi:

“Futbolda yetakchilik – egallab olish mumkin bo‘lgan mulk emas. Bu hokimiyatni ushlab turish yoki talab qilish haqida emas. Bu unga ishonch bildirgan futbol oilasiga xizmat qilish majburiyatidir”, – deyiladi murojaatda.

Yana bir satrda ishonchning buzilishi haqida qat’iy hukm bor:

“Ishonch aldov orqali buzilganda, bir shaxs o‘ziga vakolat bergan jamoaning ustiga qo‘yilganda, bu majburiyat tark etilgan bo‘ladi”.

FFE atrofidagi mojaro

FFE taklifi FIFA’ning eng bahsli tashabbuslaridan biriga aylandi. G‘oya – Jahon chempionati va boshqa musobaqalarning tijoriy va operatsion huquqlarining bir qismini xususiy investorlar qo‘liga topshirish edi. A’zolarga bu reja qanday taqdim etilgani esa norozilikni portlatib yubordi.

FIFA yakunda xato qilinganini tan oldi va a’zolardan kechirim so‘radi. Lekin shikast allaqachon yetkazilgandi. Konfederatsiyalar o‘zini chetga surib qo‘yilgan, qarorlar esa yopiq eshiklar ortida pishitilganini his qildi.

Shu fon ostida UEFA hatto kelgusidagi FIFA musobaqalarini, jumladan, sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan Under-20 Women’s World Cup turnirini boykot qilish bilan ham tahdid qilmoqda. Bu oddiy norozilik emas, global futbol siyosatida ochiq qarama-qarshilik darajasidagi signal.

“Hisobot o‘rnida sukut”

Ochiq xat mualliflari FFE jarayonini mustaqil ko‘rib chiqishni talab qildi. Ularning fikricha, FIFA bu borada na shaffof, na hisobdor bo‘la oldi.

“Hisobdorlik bo‘lishi kerak bo‘lgan joyda sukut, ochiqlik bo‘lishi kerak bo‘lgan yerda masofa bor”, – deyiladi xatda.

“Bular futboldan kutadigan yetakchilik fazilatlari emas. Biz aynan shuning uchun bu pozitsiyani tanladik: yengil qaror qilib emas, yolg‘iz emas, balki birgalikda va xizmat qilayotgan o‘yinimiz oldidagi burchimiz tufayli”.

Ularning yakuniy talabi aniq: futbolni boshqaradiganlar hokimiyatni buyruq berish vositasi sifatida emas, xizmat ko‘rsatish mas’uliyati sifatida qabul qilishi kerak.

FIFA javobi va “uyg‘un hujum” haqidagi da’vo

Dam olish kunlari FIFA ham sukut saqlamadi. Tashkilot bayonotida so‘nggi xabarlarni keskin tanqid qildi va ularni “FIFA va uning Prezidentini obro‘sizlantirishga qaratilgan rejalashtirilgan va davomli urinish” deb atadi.

Bu bayonot, aslida, ikki tomonlama signal bo‘ldi: bir tomondan, FIFA xatolarni tan olib, FFE taqdim etilish uslubidan afsusda ekanini aytdi; ikkinchi tomondan, o‘zini “nishondagi qurbon” sifatida ko‘rsatishga urindi.

Ammo maydon endi juda bo‘lingan. Infantino hali ham hokimiyatni qo‘ldan chiqarmaslik uchun tirishmoqda, tobora bo‘linib borayotgan futbol sahnasida ittifoqchilar izlayapti.

Afrika va Lotin Amerikasi bo‘linishi

Infantino yonida turganlar ham yo‘q emas. Confederation of African Football (CAF) so‘nggi kunlarda FIFA Prezidentini ochiq qo‘llab-quvvatladi. Unga Argentina va Meksika futbol assotsiatsiyalari ham qo‘shildi.

Ayniqsa, Meksikaning pozitsiyasi diqqatga sazovor. Chunki bu mamlakat CONCACAF tarkibida bo‘lsa-da, konfederatsiya chizgan chiziqdan chetga chiqib, Infantino tomonida turishni tanladi. Bu qaror masalaning qanchalik keskin va siyosiy rang olganini, hatto bir konfederatsiya ichida ham birlik yorilayotganini ko‘rsatadi.

Birlik uchun chaqiriq – va bo‘lingan sahna

UEFA, CONCACAF va AFC o‘z xatida futbol kuchining manbai sifatida aynan birligini tilga oldi:

“Futbolning kuchi har doim uning birligida bo‘lgan. Biz aynan shu birlikka hurmat ko‘rsatishga chaqiramiz, buyruq berishga emas, futbola xizmat qiladigan yetakchilikka”.

Ammo hozirgi manzara boshqacha. Bir tomonda Infantino va uni qo‘llayotgan konfederatsiyalar, boshqa tomonda esa mustaqil tekshiruv, shaffoflik va boshqaruv madaniyatini talab qilayotgan yirik futbol kuchlari.

FIFA esa hozircha to‘lqinlarga qarshi suzishga urinmoqda. Savol esa ochiq qolmoqda: bu bo‘ron tashkilotni tubdan o‘zgartiradimi yoki futbol siyosatidagi navbatdagi charchagan jang sifatida tarixga yozilib ketadimi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling