Gianni Infantino: Qarsaklar hushtakka aylandi
MetLife Stadium dagi final kuni Infantino uchun hammasi xuddi ertakdek ko‘ringan edi. Donald Trump yonida, tribunalar to‘la, dunyo bo‘ylab milliardlab tomoshabinlar, maydon markazida esa Ispaniya va Argentina yulduzlari. AQSH prezidenti uni hazil-aralash “King of Football” deb ataydi, Infantino esa o‘sha payt o‘zini aynan shunday his qilayotgandek edi.
Stadion ichida ba’zi hushtaklar yangradi, albatta. Ammo 104-o‘yinlik rekord mundial sport nuqtai nazaridan ham, moliyaviy tomondan ham FIFA uchun g‘alaba sifatida ko‘rilayotgandi. Infantino uchun esa bu — kelasi yil mart oyida deyarli kafolatlangan qayta saylov marosimiga yo‘l.
Oradan ikki hafta o‘tmay, o‘sha quyoshli manzara allaqachon uzoq tarixdek tuyulmoqda.
“Oltin kon” rejasidan siyosiy zilzilaga
Infantino global futbolni larzaga keltirgan xatoni o‘zi qildi. U FIFA’ning eng muqaddas sigiriga — Jahon chempionati daromadlariga qo‘l uzatdi.
Reja sodda, lekin portlovchan edi: FIFA doirasida alohida sho‘ba — FIFA Forward Enterprise (FFE) tashkil etiladi, Jahon chempionati va boshqa barcha FIFA musobaqalarining tijoriy huquqlari shu yerga o‘tkaziladi. Translyatsiya, homiylik, chipta va mehmondo‘stlikdan tushadigan pul aynan shu joyda aylanadi. So‘ngra bu “oltin kon”ning 20 foiziga yaqin ulushi xususiy investorlar qo‘liga o‘tadi.
Valyatsiya? 20 milliard dollar. Investorlar kiritishi rejalashtirilgan summa? 4,2 milliard dollar.
Asosiy investor sifatida Joshua Kushner boshchiligidagi Thrive Eternal ko‘rilgan edi. Uning akasi Jared Kushner — Trumpning kuyovi. Futbol siyosatida siyosiy soyalar doimo seziladi, ammo bu safar ular juda yaqinlashib ketdi.
Infantino bu bitim evaziga FIFA’ning 211 a’zo assotsiatsiyasiga bittadan 20 million dollardan va’da berdi. Taklifni qabul qilish uchun belgilangan muddat — 19-sentabr.
Taqqoslash uchun: joriy tsikl — 2023–26 yillar uchun FIFA rekorda yaqin 15 milliard dollar daromad kutmoqda va bu pul hisobidan a’zolarga allaqachon 10 million dollardan ajratilishi rejalashtirilgan. FFE orqali bu summa 20 millionga, keyin 2034 yilgacha 22 millionga, 2038 yilgacha esa 24 million dollargacha oshishi aytildi.
Andorra, Montserrat, Papua New Guinea kabi kichik federatsiyalar uchun bu raqamlar — butun infratuzilmani qayta qurish imkoniyati. Angliya, Ispaniya yoki Fransiya uchun esa bu puldan ko‘ra, hokimiyat va kalendar muhimroq.
Infantino o‘ylagan ssenariy shunday edi: kambag‘al federatsiyalar uchun “hayotda bir marta keladigan” pul taklifi, boy konfederatsiyalar esa oxir-oqibat yon berishga majbur bo‘ladi.
Ammo futbol siyosati hamisha kalkulyator bilan hal bo‘lmaydi.
“Futbol sotilmaydi”: Yevropa chizig‘i
Yevropa bu safar aniq chiziq chizdi. UEFA boshchiligidagi qarshilik shu qadar keskin bo‘ldiki, oxir-oqibat FIFA prezidentining o‘zi tormozga bosishga majbur qoldi.
UEFA a’zolari ochiqchasiga tahdid qildi: Infantino rejasidan voz kechmaguncha, barcha FIFA musobaqalarini boykot qilish. Bu shunchaki siyosiy shov-shuv emas edi. Yevropa terma jamoalari va klublari — Jahon chempionati ham, Club World Cup ham eng katta daromad keltiradigan turnirlarning asosiy lokomotivi.
Ularning qo‘rquvi juda aniq: xususiy investorlar kirsa, darhol qiymatni oshirishga urinadi. Bu esa ko‘proq o‘yinlar, kattaroq formatlar, tiqilib ketgan taqvim va nihoyat, futbol muvozanatining buzilishi demak.
UEFA Champions League allaqachon milliardlab dollarlar aylanadigan gigant. Qo‘shimcha xalqaro turnirlar va kengaytirilgan formatlar bu bozorni bo‘lib yuborishi, telekanallar va homiylar pulini boshqa yo‘nalishga burishi mumkin. Elita futbolchilarning jismoniy chegarasi allaqachon ko‘rinib turibdi, efir va reklama bozori esa cheksiz emas.
Eng og‘ir zarba esa ishonchga berildi. Ko‘plab rahbarlar bir yil davomida Infantino bu loyihani deyarli hech kim bilan maslahatlashmasdan, yopiq eshiklar ortida ishlab chiqqanini aytmoqda. U esa ko‘proq Trump atrofida ko‘rinish berardi, ammo o‘z uyida, FIFA ichida bo‘layotgan kayfiyatni o‘qimadi.
Hatto Trump ham juma kuni, Jahon chempionati ulushlarini sotish rejasi haqida Infantino bilan gaplashmaganini aytishga majbur bo‘ldi. Siyosiy ittifoqchi ham mas’uliyatni bo‘lishishni istamadi.
Ichkaridan zarba: Cordeiro va Lamour chiqishi
Infantino uchun eng xavflisi tashqi tanqid emas, ichkaridan chiqqan isyon bo‘ldi.
Senior maslahatchi, sobiq Goldman Sachs bankiri Carlos Cordeiro iste’foga chiqdi va bitimni ochiqchasiga “yomon kelishuv” deb atadi. Bu nafaqat siyosiy zarba, balki moliyaviy obro‘ga ham zarba — Infantino aynan Cordeiro kabi odamlar ekspertizasiga tayanib kelgan.
Yana bir kuchli zarba — FIFA bosh operatsion direktori Kevin Lamour bayonoti. U Associated Press orqali hamkasblarini himoya qilib, deyarli o‘z boshlig‘ini ochiq tanqid qildi. Bunday chiqish ko‘plab tashkilotlarda prezidentlikni bir zumda savol ostiga qo‘yadigan hodisa.
Infantino esa bosimni ko‘tarolmadi. Juma kuni u reja bekor qilinishini e’lon qildi va bayonotida loyihaning “bo‘linishlar” keltirib chiqarganini tan oldi.
So‘zlari yumshoq, ammo mazmuni aniq edi: bu jang yutqazildi.
200 maktub, ammo nechta ovoz?
Infantino o‘tgan hafta New Yorkni tark etayotganida qo‘lida taxminan 200 ta federatsiyadan kelgan saylovoldi qo‘llab-quvvatlash maktublari bor edi. 211 a’zodan 200 tasi — bu deyarli yakdil rozilikdek ko‘rinadi.
Ammo siyosiy shamol bir hafta ichida hamma narsani o‘zgartirishi mumkin.
Reja bekor qilindi, lekin savol ochiq qoldi: bu federatsiyalar hali ham o‘sha maktublar ortida turibdimi? Yoki Yevropa, CONCACAF va Osiyo ichidagi kayfiyat ularning pozitsiyasini ham sekin-asta o‘zgartiryaptimi?
Afrika — Infantino uchun har doim tayanch bo‘lib kelgan qit’a. 54 ovoz — har qanday saylovda ulkan kapital. Bu safar esa Afrika federatsiyalari ko‘proq neytral ohangda gapirmoqda: ularga taklif etilayotgan pul hayotiy, ammo siyosiy xavf ham bejiz emas.
Janubiy Amerikadagi CONMEBOL esa juma kuni kelgan taklifni “zarur jiddiyat bilan o‘rganamiz” deb javob berdi. So‘zlar diplomatik, ammo bu ham aniq qo‘llab-quvvatlash emas.
CONMEBOL rahbari, FIFA vitse-prezidenti Alejandro Dominguez uchun esa yana bir nozik nuqta bor: u 2030 yilgi Jahon chempionatining 64 jamoaga kengaytirilishiga tayanmoqda. Bu holda Argentina, Paraguay va Uruguay — hozircha faqat bittadan o‘yin o‘tkazilishi rejalashtirilgan mamlakatlar — ko‘proq uchrashuvlarga ega bo‘ladi. Turnirning asosiy qismi esa Ispaniya, Portugaliya va Marokashda bo‘lib o‘tadi.
Demak, Dominguez ham Infantino bilan to‘liq uzilishdan manfaatdor emas, lekin ko‘r-ko‘rona yonini olish ham unga foyda keltirmaydi.
Xususiy kapital: klublarda odatiy, mundialda esa tabu
Evropa klublarida xususiy kapital, hatto davlatga qarashli fondlar — allaqachon kundalik hodisa. Angliya, Fransiya, Italiya, Ispaniya klublarida private equity va petrodollarlar yillar davomida ichkariga kirib bo‘lgan.
Ammo Jahon chempionati — butunlay boshqa masala. Bu turnir ko‘pchilik uchun hamon sof shon-shuhrat, tarix va milliy g‘urur ramzi. Futbol muxlislari bu musobaqani o‘ziga tegishli deb biladi, FIFA esa faqat tashkilotchi sifatida ko‘riladi.
Shu fon’da FFE g‘oyasi ko‘plar nazarida chiziqdan o‘tish, “muqaddas”ni tijoratga qurbon qilishdek tuyuldi. Investorlar uchun bu oddiy aktiv, muxlislar uchun esa hayotining bir bo‘lagi.
Infantino esa aynan shu hissiy chiziqni hisobga olmadi.
Endi nima bo‘ladi?
Reja to‘xtatildi. Ammo savol ko‘p: bu Infantino uchun yetarli “ortga chekinish”mi yoki bu faqat katta siyosiy janglarning boshlanishi?
FIFA nizomiga ko‘ra, u yana bir marta, to‘rt yillik muddatga saylanishi mumkin. 2019 yilda Parijda, 2023 yilda Kigali da raqibsiz qayta saylangan prezident uchun bu uchinchi va oxirgi davr bo‘ladi. 18-noyabr — nomzodlarni ko‘rsatish uchun so‘nggi sana. 19-mart kuni esa Rabat, Marokashda saylov bo‘lib o‘tadi.
Hozircha ochiq raqib yo‘q, lekin nomlar allaqachon futbol koridorlarida aytilmoqda. Paris Saint-Germain prezidenti, Qatar vakili Nasser Al-Khelaifi — eng ko‘p tilga olinayotganlardan. Yana biri — kanadalik vitse-prezident Victor Montagliani. Osiyoda esa AFC rahbari, Bahraynlik Sheikh Salman bin Ebrahim Al Khalifa bor — u 2016 yilgi saylovda Infantino ga juda oz farq bilan yutqazgan va ehtimol, revansh haqida o‘ylayotgandir.
Ushbu haftagacha bularning barchasi ko‘proq mish-mish, xayoliy ssenariydek tuyulardi. Infantino ko‘pchilik nazarida “tegib bo‘lmaydigan” darajadagi kuchga ega edi. Uning uslubi, keskin loyihalari ko‘pchilikni bezovta qilgan bo‘lsa-da, real muqobil yo‘qdek ko‘rinardi.
Endi esa manzara boshqa. UEFA boshchiligidagi qarshilik birinchi bor Infantino ni ochiqchasiga orqaga chekinishga majbur qildi. Ichki jamoasidan kelgan tanqidlar esa uning obro‘siga chiziq tortdi.
FIFA prezidentligi uchun bu faqat bir yomon hafta bo‘ldimi? Yoki aynan shu hafta kelasi yillardagi hokimiyat kurashini boshlab berdi? Futbol siyosati endi aynan shu savolga javob izlaydi.







