Golden State Warriors va Kristaps Porzingis: Xavf va Mukofot
Yozgi tanaffusda Golden State Warriors bir qarorga keldi: Kristaps Porzingis bilan ikki yillik shartnomani uzaytirishdi va unga 40 million dollar tikishdi. Bu nafaqat moliyaviy qaror, bu – butun kontsepsiyani yangidan qurish, ayniqsa mudofaa falsafasida.
Porzingis jamoaga o‘tgan mavsum savdo oynasining oxirida, Atlanta Hawks bilan kelishuv natijasida kelib qo‘shilgandi. Evaziga Jonathan Kuminga va Buddy Hielddan voz kechildi. Bu allaqachon katta narx. Shunga yarasha natija talab qilinadi.
Ammo latviyalik yulduz o‘tgan mavsumda atigi 15 o‘yin o‘tkazdi. Qaytalanuvchi tibbiy muammo uni parketdan uzoqlashtirdi. Shunga qaramay, u maydonga tushganida o‘z darajasini ko‘rsatdi: o‘rtacha 16,1 ochko, 5,3 ribaund, 2,3 golli uzatma va 1,1 blok. Statistikasi qoniqarli. O‘yinlar soni esa – yo‘q.
Vogelning rejasi: “KP” markazda qalqon bo‘ladi
Yozda Warriors shtabida ham o‘zgarishlar bo‘ldi. Tajribali, mudofaaga yo‘naltirilgan murabbiy Frank Vogel yordamchi murabbiy sifatida jamoaga qo‘shildi. Uning butun murabbiylik yo‘li bir narsaga tayanadi: hal qiluvchi lahzada savatni himoya qiladigan katta markaz.
Roy Hibbert. Anthony Davis. Endi navbat Kristaps Porzingisga.
Vogelning fikricha, Porzingis aynan shu rolni to‘ldira oladi. U o‘zining murakkab, detalga boy mudofaa tizimiga uni qo‘shishga sabrsizlanayotganini aytadi. Vogel uchun “shot-blocking bigs” – ya’ni blok qilishga ixtisoslashgan katta o‘yinchilar – tizimning yuragi. To‘g‘ri joylashtirish, vaqtni sezish, orqa chiziqni yopish – u o‘ylagan sxemada Porzingis markaziy figura bo‘lishi kutilmoqda.
Warriorsning o‘tgan mavsumdagi eng katta og‘riqli nuqtalaridan biri aynan mudofaa barqarorligi edi. Vogelning kelishi bilan bu yo‘nalish kuchayishi aniq, ammo bir savol baribir ochiq qoladi: jamoaning yoshi.
Yoshi katta tarkib, yupqa “beshlik”
Golden State rotatsiyasiga qarasangiz, ayniqsa markaz chizig‘ida xavotirga sabab yetarli. Porzingis sog‘lom bo‘lishi shart – boshqa yo‘l yo‘q. Chunki uning ortida tayanch kam.
Al Horford – butun ligadagi eng yoshi katta ikkinchi o‘yinchi. Undan har kuni 30+ daqiqa kutish – xavfli ssenariy. Charles Bassey esa hali hech qachon katta rolni ko‘tarib ko‘rmagan. Tajriba yo‘q, bosim esa Warriors darajasida doim yuqori.
Shu sharoitda Porzingis nafaqat Vogel tizimining markazi, balki butun jamoa balansining kalitiga aylanadi. U sog‘lom bo‘lmasa, Warriorsning butun rejalari qog‘ozda qolib ketishi mumkin.
Sog‘liq bo‘yicha xavotirlar: tarix o‘chmaydi, lekin…
Porzingis 2015–16 yillardagi New York Knicks dagi debyut mavsumidan beri biror marta ham 70 ta o‘yinga yetib bormagan. Uning karerasi davomida jarohatlar doimiy hamrohi bo‘lib kelyapti. Shu bilan birga, u maydonda bo‘lgan paytda raqamlar doim yuqori bo‘lgan – bu ham haqiqat.
Yozda Porzingis Latviya terma jamoasi bilan FIBA Jahon chempionati saralash o‘yinlarida qatnashmadi. U milliy jamoa o‘rniga tiklanishni tanladi. Warriors uchun bu aniq signal: klub va o‘yinchi bir maqsadga ishlayapti – kelasi mavsumda maksimal sog‘lom Kristaps.
Klub bosh menejeri Mike Dunleavy Jr. ham ichki tahlillar ularga ijobiy ishonch berganini ta’kidlaydi. Tibbiy holati, yuklama boshqaruvi, jarohatlarning sabablari – hammasi qayta ko‘rib chiqilgan. Natijada, klub rahbariyati Porzingis oldinda yanada sog‘lomroq mavsum o‘tkazishiga ishonyapti.
Bu kafolat emas. Lekin bu – aniq pozitsiya.
Hammasi bir savolga borib taqaladi
Warriors bugun o‘zining eng qimmat resursi – vaqt va yadro o‘yinchilarining so‘nggi elitasini – Porzingisga bo‘lgan ishonch bilan bog‘layapti. Vogelning mudofaa tizimi, Porzingisning bloklari, uning perimetrdan tahdidi va “pick-and-pop”dagi roli – hammasi chizilgan, rejalashtirilgan.
Ammo bitta savol baribir hammani o‘ylantiradi: Kristaps Porzingis nihoyat bir to‘liq, sog‘lom mavsumni Warriors libosida o‘tkaza oladimi? Shu savolga beriladigan javob Golden Statening yaqin yillardagi taqdirini belgilashi mumkin.






