UZB SPort

Hamza Abdelkarim: Barcelona uchun yangi hujumchi

Hansi Flick uchun mavsumoldi faqat taktika va jismoniy tayyorgarlik emas. U yangi yuzlarni qidiryapti, yangi qurollarni sinayapti. Shu jarayonda bir ism tobora balandroq eshitilmoqda: misrlik hujumchi Hamza Abdelkarim.

U “Barcelona”ning yozgi o‘rtoqlik uchrashuvlarida o‘zini shunchaki ko‘rsatib qo‘ymadi, balki murabbiyning rejasiga jiddiy da’vogarlik qildi. Ayniqsa, Angliyada “Birmingham City”ga qarshi o‘yin – Hamza uchun bir turning nuqtasi bo‘ldi. Ikki gol, ulardan biri penalti. Qolganini esa uning o‘yini haqida raqamlar emas, maydondagi ohang aytib turdi.

Flick ishonchini olgan kam sonli yoshlaridan biri

Kataloniyaning “Sport” nashri yozishicha, Hamza Flick qo‘l ostida eng yorqin ko‘rinayotgan yosh futbolchilardan biri. Bunga sabab bor: u yozgi dastlabki ikki o‘yinda ham asosiy tarkibda maydonga tushdi – “Europa”ga qarshi 4:1 hisobidagi g‘alabada ham, “Birmingham City”ga qarshi bahsda ham.

Bu premeralik imtiyoz emas, ishonch. Yosh futbolchi uchun esa bunday imkoniyatlar odatda bir marta keladi. Hamza esa ularni qo‘ldan boy bermayapti.

Orqa bilan qabul qiladigan, oldinga yuzlanib hujum qiladigan forvard

“Birmingham”ga qarshi o‘yin Hamza qanday tipdagi hujumchi ekanini juda aniq ko‘rsatdi. U klassik markaziy forvard sifatida o‘ynadi: orqasi bilan to‘p qabul qildi, raqibni tanasi bilan yopdi, sheriklari uchun bo‘sh zonalar ochdi. Yuzini darvozaga qaratgan zahoti esa boshqa qiyofaga kirdi – himoyachilarga qarshi yugurib bordi, dribling bilan ularga bosim o‘tkazdi.

Birinchi bo‘limda uning tezligi va to‘xtamas harakati ko‘zga tashlandi. To‘pni tinmay so‘radi, jarima maydoni ichida doimiy ravishda joy almashdi. Natijada himoyachisini o‘qigandek bo‘lib, penalti ishladi – bu epizod tasodif emas, pozitsiyani o‘qish mahorati edi.

Penaltini ham o‘zi oldi, o‘zi ijro etdi. To‘pni qo‘liga oldi, ortga qaramadi. Chap oyog‘i bilan pastga, aniq zarba – darvozabon James Beadleni chorasiz qoldirdi. Yozgi o‘rtoqlik uchrashuvlaridagi uning ilk goli shunday tug‘ildi.

Kurashchanlik, sariq kartochka va murabbiy talab qiladigan ruh

Hamza faqat raqib darvozasi oldida emas, o‘z jarima maydoni tomonida ham ishladi. U birinchi bo‘limda “Barcelona” tomonidan sodir etilgan olti qoida buzilishining uchtasiga mualliflik qildi. Oxirgisi uchun sariq kartochka oldi. Statistika uchun bu – ogohlantirish. Murabbiy uchun esa – kerakli agressiya va fidoyilik belgisi.

Flick hujumchilardan pressing, qaytish, raqibga tinchlik bermaslikni talab qiladi. Hamza aynan shuni berdi. Sariq kartochka uni to‘xtatmadi, aksincha, xarakterini yanada ochib berdi. U markaziy hujumchi pozitsiyasida murabbiy shtabi ko‘rmoqchi bo‘lgan fazilatlarni – tana bilan kurash, jarima maydoni ichida doimiy tahdid, raqib himoyasini ortga surib turish vazifasini bajardi.

Ikkinchi gol – to‘g‘ri joy, to‘g‘ri vaqt, to‘g‘ri zarba

Bosim ostida qolgan “Birmingham” himoyasi oxir-oqibat xato qila boshladi. O‘yin ritmini “Barcelona” qo‘lga oldi. Ana shunda Hamza ikkinchi bor sahnaga chiqdi.

Roony jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba yo‘lladi, darvozabon to‘pni qaytardi. Ko‘pchilik to‘xtab qolgandek bo‘ldi, lekin Hamza emas. U zarba qaytishini oldindan his qilgandek, birinchi bo‘lib yetib bordi va takroriy zarbani texnik jihatdan toza yakunladi. Bu gol uning instinktini, jarima maydoni ichidagi “hid bilish”ini ko‘rsatdi.

Dubl – nafaqat statistika, balki murabbiy qaroriga bevosita ta’sir qiladigan dalil.

Qattiq raqobat ichida imkoniyatni tortib olayotgan yigit

Hamza o‘tgan qishda Misrning Al Ahly klubidan “Barcelona”ga kelganida, uni ko‘pchilik uzoq muddatli loyiha, kelajak uchun transfer deb qabul qilgan edi. Hozir esa u kelajak emas, bugun haqida gapiryapti.

Katalon klubi yozgi transfer oynasida aniq markaziy hujumchi qidiryapti. Demak, bu pozitsiyada raqobat keskin. Har bir daqiqa, har bir o‘yin – sinov. Yakuniy qarorlar keyinroq e’lon qilinadi, ro‘yxat qisqaradi, kimdir ijaraga ketadi, kimdir B jamoaga qaytadi.

Hamza esa har daqiqasini imkoniyatga aylantiryapti. U Flickning diqqat markazida qolish uchun, hatto asosiy jamoada doimiy o‘rin uchun kurasha olishini isbotlash uchun hamma narsani maydonda ko‘rsatmoqda.

Savol endi shunday: “Barcelona” yangi hujumchini tashqaridan topadimi yoki unga javob allaqachon ichkarida, Hamza Abdelkarim nomi bilan maydonga tushib yurgan bo‘lishi mumkinmi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling