Harry Kane: raqam 9 dan raqam 10 ga o‘tish
Harry Kane karyerasi davom etar ekan, u tobora ko‘proq “butun maydon” futbolchisiga aylanib bormoqda. Bugun u shunchaki jarima maydonida posbon kutayotgan klassik hujumchi emas. Ba’zan o‘z jarima maydonchasigacha qaytib, to‘pni olib chiqadi, hujumni o‘zi boshlab beradi.
Ko‘pchilikning savoli oddiy: nega 33 yoshli, gollarga mas’ul bo‘lgan yetakchi darvozaga yaqinroq turmaydi? Javob esa oddiy emas. O‘tgan mavsumda England va Bayern Munich hujumchisi karyerasidagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi – 73 gol. Eng chuqur o‘ynagan mavsumida.
Bu paradoksni eslatganimda, Kane yuzida tabassum paydo bo‘ladi. U buni juda aniq tushuntiradi: to‘pdan uzoqda “baland” yurish har doim ham golga olib kelmaydi. Futbolni ich-ichidan his qiladigan, o‘yinni o‘qiydigan hujumchi uchun chiziqda qotib qolish – bu vaqtni zoye ketkazish.
Maydondagi hujumchi, chetda murabbiyga o‘xshash
Kane mashg‘ulot paytida maydonga birinchilardan bo‘lib chiqadi. England tarixidagi eng yaxshi to‘purarning professionalligi uzoqdan ham seziladi. Yoshlar ermak qilib “chop” o‘ynab yurgan paytda u murabbiylardan biri bilan suhbatlashib, maydonni kuzatadi. Uzoqdan qaraganda, uni murabbiy bilan adashtirish oson. Ammo bu xato emas, uning o‘yin ichidagi roli ham xuddi shunga o‘xshaydi.
Kane uslubi shaxsiyati bilan chambarchas bog‘liq: muvozanatli, kamtar, lekin o‘ta talabchan. Mavsum endigina boshlanmoqda, ammo u o‘tgan 12 oyni orqaga qarab maqtanib o‘tkazayotgani yo‘q. Atigi besh kunlik mashg‘ulotdan so‘ng England sardori Borussia Dortmund ustidan 2:1 hisobidagi g‘alabada Bayern safida 90 daqiqa maydonda to‘liq harakat qildi va German Super Cupni ko‘tardi.
Bu darajadagi erkin harakat qiladigan roli juda mashaqqatli. Ammo Kane tanasi bu yukni ham ko‘tarib beryapti. So‘nggi olti mavsumda u sarmoya kiritgan STATSports ma’lumotlariga ko‘ra, Kane bosib o‘tgan masofa 8 foizga, yuqori tezlikdagi yugurishlari 22 foizga, tezlanishlari esa 42 foizga oshgan. Taktik manzara shunchalik tez o‘zgargan bir davrda, u nafaqat yetib olmoqda, balki bir qadam oldinda yuribdi.
Kane buni aniq his qiladi: “So‘nggi besh-olti yilda maydonda odamni odamga qo‘yib bosim qilish ancha oshdi. Yevropa futboli juda jismoniy bo‘lib ketdi, top jamoalar to‘pni yuqorida qaytarib olishga urinadi, himoyachi va yarim himoyachilariga yakkama-yakka kurashda ishonishadi”, – deydi u.
Shu sababli eng kuchli jamoalar birga-bir vaziyatlarda raqibini urib o‘tadigan dribbling ustalarini, jismonan kuchli futbolchilarni yig‘ib olmoqda. Kane esa hech qachon “dribblingchi” sifatida tanilmagan. O‘zi ham tan oladi – u eng tezkor emas. Shunga qaramay, o‘yinini boshqa yo‘l bilan qurib, bu sharoitda ham gullab-yashnadi.
Dortmundga qarshi epizod: oyoqdan oldin ishlaydigan miya
Dortmundga qarshi o‘yinda bitta lahza bor edi: Kane odatdagidek chuqurga tushdi, bo‘sh hududga belgi qo‘ydi. Xavfni payqagan ikki raqib futbolchi birdaniga uning ustiga yopishdi.
Kane dribblingi – bu texnikadan ko‘ra tafakkur. U muammoni oyoq bilan emas, bosh bilan hal qiladi. Avval pastga egilib, gavdasi bilan markaziy himoyachi Waldemar Antonni surib tashladi. So‘ng biroz o‘ng tomonga og‘di. Ana shu mayda tana harakatlari uning o‘yinidagi asosiy belgilar. Shu kichik og‘ishlar orqali u butun raqib jamoaning og‘irlik markazini siljitib yuboradi.
Daniel Svensson va Jobe Bellingham shu aldovga uchdi, noto‘g‘ri tomonga qadam tashladi. Kane esa to‘pni keskin qarama-qarshi yo‘nalishga “uzib”, Bayern maydonining o‘zidan butun maydonni ochib berdi.
Yil boshida Bayern bosh murabbiyi Vincent Kompany uning rolini “yarmi murabbiy ko‘rsatmasi, yarmi Kane o‘zi qaror qiladi” deb ta’riflagan edi. Kane buni shunday izohlaydi: “Bu qisman instinkt, qisman futbol miyasidan foydalanish. Maydonda his qilish masalasi. Masalan, men chuqurroqqa tushib, markaziy himoyachi qanchalik ortimdan ergashishini sinab ko‘rmoqchiman. U yarim himoyagacha chiqadimi yoki men jarima maydonchamga qadar qaytsam ham ergashadimi? Birinchi besh-o‘n daqiqada raqib qanday o‘ynashini tushunib olasan, keyin shu menga qanday harakat qilishimni aytadi”.
Bayern ichida bu erkinlikka qaramay, tushuncha bor. Rotatsiyalar ko‘zni chalg‘itishi mumkin, lekin jamoa ichida ular mantiqan izohlangan. Markazda esa – Kane.
“Endi o‘zimni ikki raqam 10dan biri deb bilaman”
Kane o‘z rolini aniq his qiladi: “Hozir o‘zimni ikki raqam 10dan biri sifatida ko‘raman. Ikki 10 birga ishlaydi. Bir tomonda son ustunligini yaratishimiz mumkin, bu raqib markaziy himoyachilariga qaysi birimizni olish kerakligi haqida savol tug‘diradi. Agar ikkalamizni ham olishsa, odamni odamga o‘ynashga majbur bo‘lishadi, bu esa vingerlarimiz yoki full-backlarimiz uchun bo‘sh zona qoldiradi. Raqibga savollar beramiz. Shaxsan o‘zimga yaqin o‘yinchi bo‘lishi, u bilan kombinatsiya qilishni juda yoqtiraman”.
U o‘z nomini yakka raqam 9 sifatida chiqargan. Shuning uchun uning o‘zini endi raqam 10, hamda old chiziqda juftlikning bir qismi sifatida ko‘rishi qiziq. “Yakka raqam 9 bo‘lsang, ikki markaziy himoyachi seni bo‘g‘ib qo‘yishi mumkin, to‘pga tegish qiyinlashadi. Boshqalarning seni topishiga umid qilasan”, – deydi u.
O‘tgan mavsumdan ikkita epizodni ko‘rsatganimda, u o‘sha palladagi fikrlarini birma-bir tahlil qilib beradi. “Bizning tizimda bir narsa muhim: har bir zona band bo‘lsa bo‘ldi, u yerda kim turishi unchalik farq qilmaydi. Mana bu epizodda Lucho [Luis Diaz] o‘sha ikkita 10dan biri sifatida o‘ynayapti. Men chuqurroqqa tushib, biroz bo‘sh joy ochmoqchiman, Lucho esa markaz bo‘ylab o‘tib ketadi”.
Kane chuqurga tushgach, raqib yarim himoyachilaridan biri unga ergashadi. Shu lahzada Joshua Kimmich Luchoga vertikal uzatma berish uchun yo‘l topadi. “O‘ylashimcha, bu epizodda orqaga yugurayotgan Serge [Gnabry]. U himoyachilarni o‘ziga tortadi, bu esa men va Luchoga oraliqda joy qoldiradi. Lucho to‘pni menga tashlab beradi va men har safar 20–25 metr masofada bo‘lsam, birinchi fikrim – zarba bera olamanmi, degan savol bo‘ladi”.
Bu – Kane avval chuqurga tushib, keyin gol uradigan o‘yinlaridan faqat bittasi. “Chuqur o‘ynaganimda, hujum rivojlanar ekan, hamma oldinga siljib ketadi, men esa tabiiy ravishda raqam 10 zonasiga kelib qolaman. U yerdan jarima maydoni chetidan zarba bera olaman – bu mening katta kuchli tomonim. Yoki raqib orqasiga yugurib kiraman, meni hech kim olib bo‘lmay qoladi, chunki yarim himoyachi bu masofada meni kuzatib borishi juda qiyin”.
Raqam 6ga qadar cho‘zilgan ta’sir
Ikkinchi epizod – Bayernning Club Brugge bilan o‘yini. Odatda Kane bilan raqib markaziy himoyachisi shug‘ullanadi. Bu safar esa belgiyaliklar uni holding yarim himoyachiga topshiradi. Kane buni darhol payqaydi va foydalana boshlaydi.
Lennart Karl gol uradi, Kane esa to‘pga tegmaydi. Lekin vaziyatni yaratgan ham aynan u. “Mana shunday mayda yugurishlar bor, hamma ham ko‘rmaydi. Jamal Musiala va Lenny to‘pni qabul qilib, dribbling qilishda juda kuchli. Shuning uchun ba’zan o‘zim biroz yuqorida qolaman, ularga chuqurroqda to‘p bilan ishlashga imkon beraman va orqaga yugurib kiradigan harakatlar qilaman. O‘yinimni keskin o‘zgartirmasdan, atrofimdagilarni to‘ldirishga harakat qilaman”.
U Lenny haqida gapirar ekan, aniq tasavvur beradi: “Lenny o‘sha cho‘ntaklarda juda zo‘r. U yerga to‘p olganida, men ko‘proq orqaga yugurishni o‘ylayman. Birinchidan, u meni o‘tkazib, darvozaga qarab chiqarishi mumkin. Ikkinchidan, u dribbling bilan ketadi va bu epizoddagi kabi vaziyat yuzaga keladi. Lenny o‘sha hududga kirishi bilanoq men yugurishni boshlayman. Har doim ham to‘p olish uchun emas – ba’zan shunchaki himoyachini olib ketish uchun. Shunda u markaziy himoyachi bilan birga-bir qoladi, bu esa har qanday markaziy himoyachi uchun xavfli”.
Kane o‘zini ba’zan raqam 10, ba’zan raqam 9, hatto ayrim fazalarda raqam 6 rolida deb ta’riflagan. Hujumni boshlaydi, o‘rtada ritmni ushlab turadi, oldinda zarba beradi. Futbol tobora tor, keskin ixtisoslashayotgan davrda bunday ko‘lam – kam uchraydigan hodisa.
Ballon d’Or oldidan ko‘rinmayotgan mehnat
Ballon d’Or e’loniga ko‘p qolmadi. Kane nomi bu bahsda bor – avvalo gollari tufayli. 73 golni inkor qilib bo‘lmaydi. Lekin shu shovqinda uning o‘yindagi qolgan jihatlari ko‘pincha ko‘zdan qochadi.
U maydonning har bir fazasida jamoa uchun o‘ynaydi. To‘pni olib chiqadi, pressingda ishlaydi, kombinatsiyalar quradi, so‘ng darvoza to‘rini yirtadi. Bularning ustiga, individual ko‘rsatkichlari Cristiano Ronaldo, Lionel Messi, Erling Haaland darajasiga chiqib bormoqda.
Bugungi futbol olamida rollar keskin chizib qo‘yilgan: kimdir faqat pressing, kimdir faqat yakunlovchi, kimdir faqat orqadan boshlovchi. Kane esa shu chegaralarni buzib, bitta tanada uch raqamni birlashtiryapti.
Savol endi boshqacha: u shunchaki to‘purarmi yoki butun avlod uchun yangi “markaziy futbolchi” andozasiga aylanayaptimi?






