Infantino futbol siyosatida isyon va ishonchsizlik
Futbolning eng kuchli mintaqaviy uyushmalari FIFA ichida ochiq to‘qnashuv chegarasiga yaqinlashmoqda. Maqsad bitta: Gianni Infantino.
UEFA, AFC va CONCACAF doiralarida bo‘layotgan yopiq uchrashuvlar endi oddiy norozilik emas, balki ishonchsizlik votumi masalasiga borib taqaldi. Gap – FIFA prezidentini lavozimidan chetlatish haqida.
Bir yuqori lavozimli manbaning aytishicha, yo‘l qolmadi.
“Chiqish yo‘li yo‘q. Yoki u tinch yo‘l bilan, mart oyida nomzodini qo‘ymaslikka qaror qiladi, yoki qattiq yo‘l bilan ketadi”, – degan u Reuters bilan suhbatda, mavzuning nozikligi sababli ismini oshkor etmaslik sharti bilan.
FIFA nizomi bor, lekin bo‘sh joy ham bor
FIFA nizomiga ko‘ra, FIFA Kengashi istalgan vaqtda Favqulodda Kongress chaqirishi mumkin. Agar 211 a’zodan kamida beshdan biri kun tartibini aniq ko‘rsatgan yozma talab yuborsa, Kengash buni qilishga majbur.
Shundan so‘ng uch oy ichida Favqulodda Kongress o‘tkazilishi kerak, unda qatnashayotgan har bir assotsiatsiya bittadan ovozga ega bo‘ladi. Ammo bir muhim nuqta bor: prezidentga nisbatan ishonchsizlik votumi tartibi nizomda aniq yozilmagan. Aynan shu bo‘shliq bugungi siyosiy kurashning markazida turibdi.
FIFA Al Jazeera’ning izoh so‘roviga zudlik bilan javob bermadi.
UEFA ishonchsizlik votumi muhokamada ekani haqida bevosita gapirmadi, lekin avvalgi bayonotini eslatish bilan cheklandi: tashkilot FIFA rahbariyati va boshqaruvini “chuqur va tubdan” qayta ko‘rib chiqish zarurligini aytgan va “hech qanday variant stol ustidan olinmasligi kerakligini” urg‘ulagan.
CONCACAF ham bevosita izoh berishdan bosh tortdi, lekin UEFA va AFC bilan birgalikdagi oldingi bayonotiga ishora qildi. O‘sha bayonotda FIFA rahbariyati “ishonchning tubdan buzilishi”da ayblangan edi. AFC esa Al Jazeera’ning so‘roviga hozircha javob qaytarmadi.
Mart 2027 yaqinlashmoqda, Infantino esa ketmoqchi emas
Infantino 2027 yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan FIFA Kongressida qayta saylanish niyatini ochiq aytgan. U hali ham ko‘plab a’zo assotsiatsiyalar, ayniqsa Afrika konfederatsiyasi – CAF tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
FIFA so‘nggi haftalarda a’zo assotsiatsiyalardan xatolar uchun uzr so‘radi. Xususan, xususiy investorlar ishtirokidagi yangi tijoriy tuzilma loyihasi bo‘yicha jarayon qanday olib borilgani tanqid ostida qolgan.
Shunga qaramay, oltita arab futbol assotsiatsiyasi, jumladan Qatar va 2030 yilgi Jahon chempionati hamkori Marokash, Infantino yonini oldi. FIFA rahbariyati ham bu oy boshida Marokashda bo‘lib o‘tgan inqiroz uchrashuvidan so‘ng prezidentga to‘liq qo‘llab-quvvatlovini yana bir bor tasdiqladi.
Shu bilan birga, Reuters bilan gaplashgan yana bir yuqori martabali manba aytishicha, uch konfederatsiya ishonchsizlik votumini afzal ko‘rayotgan bo‘lsa-da, muvaffaqiyatsiz urinish Infantino pozitsiyasini yanada mustahkamlashidan qo‘rqmoqda. Agar u bunday sinovdan omon chiqsa, bu uning saylovoldi mavqeini yanada kuchaytiradi.
15 milliard dollarlik sikl va qulagan loyiha
Bosimning ildizi aniq. Infantino yangi tijoriy subyektga xususiy investorlar orqali ozchilik ulushini sotish rejasini ilgari surgach, mojaro avj oldi. Bu tuzilma Jahon chempionati kabi eng yirik musobaqalarning tijoriy huquqlarini boshqarishi kerak edi.
FIFA 2023–2026 yillar siklida tushum 15 milliard dollardan oshishini kutmoqda. Asosiy daromad aynan 2026 yilgi Jahon chempionatidan kelishi rejalashtirilgan. Shunday fonda tijoriy nazoratni qisman bo‘lsa ham tashqi qo‘llarga topshirish g‘oyasi ko‘plab yirik konfederatsiyalarni larzaga soldi.
FIFA’ning olti qit’a konfederatsiyasidan uchtasi – UEFA, AFC va CONCACAF – bu rejaning eng keskin tanqidchilariga aylandi. Ular Infantino’ni shaffoflik yetishmasligi, maslahatlashuvsiz qaror qabul qilish va boshqaruvdagi xatolar uchun ochiq aybladi.
Inqiroz bu hafta yangi bosqichga o‘tdi: FIFA bosh operatsion direktori Kevin Lamour lavozimidan ketdi. U avvalroq investitsiya loyihasini tanqid qilgan va xodimlar “aldanganini”, bu esa “bitta odam loyihasi” ekanini aytgan edi. FIFA uning ketishi sababini ochiqlamadi.
FIFA vitse-prezidenti Sandor Csanyi ham o‘z pozitsiyasini o‘zgartirdi. U Lamour ketishini “oxirgi tomchi” deb atab, Infantino’ni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechdi.
Afrika hanuz yonida, raqib esa yo‘q
Shunga qaramay, Infantino muxoliflari oldida bir qator jiddiy to‘siqlar turibdi.
Eng avvalo, hozircha biror raqib nomzod sahnaga chiqmadi. Nominatsiyalar uchun 18 noyabr – so‘nggi muddat. Vaqt esa o‘tib bormoqda.
CAF prezidenti Patrice Motsepe o‘tgan hafta Afrikaning Infantino’ni hanuz qo‘llab-quvvatlayotganini aytdi. Uning fikricha, prezident taqdiri saylovda, FIFA a’zolarining ovozi bilan hal bo‘lishi kerak.
Bekor qilingan investitsiya loyihasiga ko‘ra, a’zo assotsiatsiyalar infratuzilma, murabbiylar tayyorlash, milliy jamoalar, musobaqalar, ommaviy futbol va ayollar futboli uchun bir martalik 20 million dollargacha mablag‘ olishlari mumkin edi. Ko‘plab kichik federatsiyalar uchun bu – tarixiy imkoniyat darajasidagi pul.
Shu bois siyosiy qarorlar bilan moliyaviy manfaatlar o‘rtasidagi tarozi hamon juda nozik.
Klub bosimi: ovoz yo‘q, lekin kuch bor
Infantino atrofidagi bosim faqat ovozga ega bo‘lgan federatsiyalar bilan cheklanmayapti.
European Football Clubs (EFC) – raisi Paris Saint-Germain prezidenti Nasser Al-Khelaifi bo‘lgan, 800 dan ortiq klubni birlashtiruvchi tashkilot – UEFA va boshqa norozi tomonlar bilan bir safda turibdi. Mavzuga yaqin manbaga ko‘ra, ular FIFA’dagi o‘zgarishlarni talab qilayotgan lagerga ochiq qo‘shilgan.
EFC FIFA’ni ogohlantirdi: agar boshqaruv, shaffoflik va klublar bilan munosabatlar borasidagi tashvishlar bartaraf etilmasa, a’zolar kelajakdagi erkaklar va ayollar Club World Cup musobaqalarida ishtirok etmasligi mumkin.
Klublar FIFA’da ovoz bermaydi. Lekin ular sport va tijorat maydonida ulkan kuchga ega. Klub bo‘lmasa, turnir yo‘q. Turnir bo‘lmasa, daromad yo‘q.
Xalqaro sport marketingining tajribali nomi Michael Payne shunday ogohlantiradi: hatto Infantino saylovda g‘alaba qozonsa ham, bu bo‘linishni avtomatik bartaraf etmaydi.
“51 foizlik kichik ustunlik bilan, ko‘plab kichik davlatlarning ovoziga tayangan holda g‘alaba qozonish mumkin. Lekin agar barcha futbol superkuchlari sizga qarshi bo‘lsa, tashkilotni qanday boshqarasiz?” – deydi u Reuters’ga.
Homiylar sukut saqlayapti, savollar esa ko‘paymoqda
Hozircha birorta FIFA homiysi Infantino’ni ochiq tanqid qilgani yo‘q. Bu ham siyosiy sahnani yanada murakkablashtiradi: pul oqimi to‘xtamaguncha, ko‘plab tomonlar ochiq pozitsiya bildirishdan tiyiladi.
Payne’ning ta’rificha, homiylar ichida boshqa kayfiyat sezilmoqda: “Ular hayron: qanday qilib shunchalik muvaffaqiyatli Jahon chempionatidan so‘ng o‘zingni o‘zingga o‘q uzishing mumkin?”
Savol og‘ir. Javobi esa, endi FIFA Kengashi, konfederatsiyalar, klublar va nihoyat, 211 a’zo assotsiatsiya qo‘lida.
Infantino ushbu bo‘hrondan omon chiqadimi yoki yo‘qmi – gap faqat bir shaxs taqdiri haqida emas. Bu futbolning eng yuqori darajadagi hokimiyati kimga tegishli bo‘lishi kerakligi haqidagi kurash. Endi bu kurash qanchalik keskinlashishini esa yaqin oylarda bilamiz.






