UZB SPort

Infantino jahon chempionatini sotish g‘oyasini bekor qildi

FIFA prezidenti Gianni Infantino jahon futbolini bir necha kundan beri larzaga solayotgan reja bo‘yicha keskin burilish qildi. U juma kuni e’lon qilingan bayonotida Jahon chempionati va boshqa yirik turnirlarning tijoriy huquqlaridan ulushni xususiy investorlarga sotish g‘oyasi bekor qilinganini ma’lum qildi.

Gap shunchaki texnik tuzilma haqida emas edi. Reja bo‘yicha FIFA’ning barcha tijoriy va musobaqa operatsiyalari “FIFA Forward Enterprise” nomli yangi sho‘ba korxonaga birlashtirilishi, uning qiymati esa 20 milliard dollar atrofida baholanishi kerak edi. Aynan shu model doirasida xususiy kapitalga ulush berish masalasi futbol olamida keskin qarama-qarshilik uyg‘otdi.

Qit’alar qarshiligi: “Bu yo‘lga chiqmaymiz”

Avvaliga Yevropa va Shimoliy Amerikadagi futbol tashkilotlari rejaga qarshi chiqdi. So‘ng ularga Osiyo futbol uyushmasi ham qo‘shildi. Yevropa tomoni pozitsiyasi ayniqsa keskin bo‘ldi: ular bu reja amalga oshsa, “FIFA musobaqalarida ishtirok etmaslik” bilan tahdid qildi.

Bosim kuchaydi. FIFA dastlabki javobida “hech kim futbolni sotmayapti”, degan bayonot bilan jamoatchilikni tinchlantirishga urindi. Ammo norozilik to‘lqini susaymadi. Turli qit’alardagi federatsiyalar bu model futbolning bosh turnirini moliyaviy instrumentga aylantirishi, sport tamoyillaridan ko‘ra investor manfaatlari ustun bo‘lib qolishidan xavotir bildirdi.

Natijada chiziq chizildi. Infantino o‘zi ilgari surgan loyihani o‘zi to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

“Birlashtirish istagi bo‘lingan maydonga aylandi”

Juma kuni tarqatilgan navbatdagi bayonotida Infantino ohangini o‘zgartirdi. U bu tashabbus aslida futbol oilasini mustahkamlash uchun ishlab chiqilganini, ammo kutilmaganda global bo‘linish manbaiga aylanganini tan oldi.

“Barcha fikrlarni diqqat bilan tinglagach, loyihaning shunday darajadagi bo‘linishlarni keltirib chiqargani ayon bo‘ldiki, qo‘llab-quvvatlash darajasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, u endi dastlab qo‘yilgan maqsad manfaatiga xizmat qilmaydi”, – dedi u. “Bizning maqsadimiz har doim – va bundan keyin ham – birlashtirish va yaxshilash bo‘lib qoladi”.

So‘zlar keskin qarorga nuqta qo‘ydi. Reja rasman stol ustidan olib tashlandi.

Ichkaridagi zarba: maslahatchining iste’fosi

Loyiha ortida moliyaviy dunyodan kelgan kuchli figura turgani ham sir emas edi. Goldman Sachs’ning sobiq bankiri, hozirda Infantinoning katta maslahatchisi sifatida qayd etilgan Carlos Cordeiro aynan shu tashabbus tufayli iste’foga chiqdi.

“Men FIFA Jahon chempionatidagi ulushni sotishni ko‘rib chiqayotgan bir paytda jim tura olmayman”, – degan u o‘z bayonotida.

Bu iste’fo rejaning ichki doiralarda ham bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanmaganini ochib tashladi. Futbol siyosatidagi bu darajadagi nomuvofiqlik Infantino uchun ham, FIFA uchun ham og‘ir signal bo‘ldi.

20 million dollarlik vasvasa

Taklif etilgan model har bir FIFA a’zo federatsiyasiga bir martalik 20 million dollarlik to‘lovni va’da qilgan. Ko‘plab kichik va o‘rta federatsiyalar uchun bu mislsiz miqdor – infratuzilma, akademiyalar, murabbiylar tayyorlash tizimini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan summa.

Shunga qaramay, Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi futbolini birlashtiruvchi CONCACAF ham bu taklifni rad etdi. Ularning pozitsiyasi bir narsani ko‘rsatdi: masala faqat pulda emas, jahon futboli bosh turnirining kimga tegishli ekani haqidagi tamal savolda edi.

Jahon chempionati tarixan FIFA’ning eng yirik daromad manbai bo‘lib kelgan. Xususiy kapital kirib kelishi boshqaruv va qaror qabul qilish jarayonida yangi kuch markazlari paydo bo‘lishi xavfini tug‘dirardi.

Keyingi qadam: bo‘linganlarni yana bir maydonga qaytarish

Infantino endi boshqa vazifaga yuzlandi – bo‘linib ketgan futbol siyosiy maydonini yana bir stol atrofida to‘plash. U yaqin kunlar va haftalarda barcha manfaatdor tomonlarni yana muloqotga chorlayotganini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maqsad o‘sha-o‘sha: futbolni butun dunyoda o‘sdirish, ayniqsa eng ko‘p yordamga muhtoj mamlakatlarda. Ammo bu safar Jahon chempionatining ulushi emas, ishonch kapitali qayta tiklanishi kerak bo‘ladi.

Savol endi shunday: FIFA o‘z tarixidagi eng bahsli moliyaviy g‘oyalardan birini ortda qoldirgan holda, futbolni chinakam birlashtiradigan yangi yo‘l topa oladimi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling