Interning moliyaviy o‘zgarishlari: Suning davrining oxiri
Yevropa futboli tobora ko‘proq moliyaga tayanmoqda. Stadion chiroqlari ostida gollar, tribunadagi shovqin, ijtimoiy tarmoqlardagi millionlab izohlar ortida endi ko‘pincha private equity fondlari turibdi. AC Milan, Chelsea, Olympique Lyonnais kabi klublarning qo‘lma-qo‘l bo‘lishi tasodif emas – investorlar futbolni endi his-tuyg‘u emas, o‘sish bozori sifatida ko‘rmoqda.
Bu hikoyaning markazida esa Milan shahrining ko‘k-qora tomoni – Inter.
Bu Inter haqidagi turkumning uchinchi qismi. Avvalgi bobda klub Italiya cho‘qqisiga qaytish uchun obligatsiyalar, qarzni qayta moliyalash va murakkab moliyaviy strukturalar orqali qanday yo‘l yurgani haqida gap ketgan edi. Endi esa o‘sha model yemirila boshlagan paytga qaytamiz.
Sezilar-sezilmas boshlanib, keskin tugagan jarayon
Suning uchun Interni yo‘qotish bir kechada ro‘y bermadi. Bu to‘rt yilga cho‘zilgan jarayon bo‘ldi.
Hammasi Xitoyning chet el futbol loyihalaridan asta-sekin orqaga chekinishidan boshlandi. COVID-19 pandemiyasi esa jarayonni keskin tezlashtirdi. Xitoy ichki iqtisodiy bosim, ko‘chmas mulk inqirozi, qarzlarni qisqartirish siyosati bilan kurashar ekan, yillar davomida qarz hisobiga chetga kengaygan konglomeratlar birdan moliyaviy manevr qilish imkoniyatidan mahrum bo‘la boshladi.
Suning ham o‘sha to‘lqinning ichida edi.
Kompaniyaning asosiy tayanchi bo‘lgan chakana savdo biznesi allaqachon bosim ostida edi. Taxminan 3,9 milliard RMB (qariyb 490 million yevro) atrofida zarar qayd etilgani Interga pul quyishni davom ettirishni tobora og‘irlashtirdi. Aksiyadorning cho‘ntagi siqilgach, klub uchun bitta yo‘l qolgan edi – tashqaridan moliya topish.
Oaktree sahnaga chiqadi
May 2021. Inter uchun burilish nuqtasi.
Oaktree – muammoli aktivlar bo‘yicha ixtisoslashgan global investitsiya boshqaruvchisi – Suningga 275 million yevrolik qarz beradi. Yiliga 12 foiz stavka. Uch yillik muddat. Kredit bevosita klubga emas, balki Suning Interni ushlab turgan Lyuksemburgdagi Grand Tower S.à r.l. xoldingiga beriladi.
Bu detaldan keyingi hamma narsa kelib chiqadi.
Qarz Inter balansida ko‘rinmaydi. Klub futbolchilari, matchday daromadlari yoki boshqa aktivlari garovga qo‘yilmaydi. Garov sifatida xolding aksiyalari beriladi. Demak, qarz qaytarilmasa, Oaktree xolding egasiga aylanadi va shu bilan birga Inter ustidan ham to‘liq nazoratni qo‘lga kiritadi.
Bitimning ikki jihati ayniqsa e’tiborni tortadi.
Birinchisi – 12 foizlik foiz stavkasi. Bu Interning avvalgi obligatsiyalariga nisbatan ancha yuqori. Risk ham boshqacha: qaytarish klublar daromadlariga emas, Suningning qarzni qayta moliyalashi, klubni sotishi yoki yangi kapital topishiga bog‘liq edi.
Ikkinchisi – uch yillik qisqa muddat. Xaritada juda oz yo‘l qolgan edi: yoki Suning Interni sotadi va tushgan pullar bilan qarzni yopadi, yoki Oaktree klubni qo‘lga oladi. Devor bilan oraliq deyarli yo‘q edi.
2022-yilga kelib bosim yanada oshdi. Inter Media & Communication 415 million yevrolik yangi obligatsiya chiqarib, 6,75 foiz stavkada eski qarzlarni qayta moliyaladi. Xitoyda Suning ahvoli esa tobora yomonlashdi. Interni sotish asta-sekin “variantlardan biri” emas, “deyarli yagona chiqish yo‘li”ga aylana boshladi.
Sotuvga qo‘yilgan gigant – lekin qimmat, murakkab va qarzdor
2022-yil sentyabrida turli OAVlar Zhang oilasi klubga xaridor topish uchun Goldman Sachsni yollaganini xabar qildi. Narx – taxminan 1,2 milliard yevro. Bu RedBird AC Milan uchun to‘lagan summaga yaqin. Keyinroq Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, jarayonga Raine Group ham jalb qilingan.
Vazifa aniq edi: Interni shunday narxda sotish kerak ediki, Oaktree qarzi yopilsin, Suning sarmoyasining katta qismini qaytarib olsin, imkon bo‘lsa, hatto foyda ham ko‘rsin.
Qog‘ozda Inter hanuz jozibador aktiv bo‘lib ko‘rinardi. Italiyadagi eng yirik brendlaridan biri, global muxlislar bazasi, o‘sib borayotgan daromadlar, to‘rt mavsumda ikki marta Serie A chempioni, 2023-yilda UEFA Champions League finali.
Ammo raqamlar chuqurroq qaraganda boshqacha gapirardi.
Klubning obligatsiya dasturi kelajakdagi pul oqimlariga jiddiy bosim qilardi. Oaktree qarzi esa yuqori foiz va PIK (payment-in-kind) mexanizmi sabab tobora kattalashib borardi – to‘lanmagan foizlar asosiy qarzga qo‘shib borildi.
Bunga qo‘shimcha, klubdan tashqaridagi tuzilmaviy muammolar ham bor edi. Italiya ichki teletranslyatsiya huquqlaridan tushadigan daromad deyarli o‘smasdi. Inter o‘z stadioniga ega emas edi – San Siro ni AC Milan bilan bo‘lishadi, arena esa shahar hokimiyatiga tegishli. Potensial investor uchun bu nimani anglatadi? Stadionni modernizatsiya qilish yoki atrofidagi ko‘chmas mulkni rivojlantirish orqali qo‘shimcha qiymat yaratish imkoniyatlari juda cheklangan.
Natijada xaridorlar moliyaviy sog‘lom top-klubga emas, balki katta qarzli, o‘sish imkoniyatlari tor, stadion ustidan nazoratsiz va yaqinda yutuqlar uchun qilgan og‘ir xarajatlari hanuz xarajat bazasini belgilab turgan tashkilotga qarayotgan edi. Qiziqish bo‘ldi. Ammo aniq taklif – yo‘q.
So‘nggi urinishi va kutilgan yakun
Sotuv muvaffaqiyatsiz chiqqach, Suning bir bor yana urinib ko‘rdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, AQShlik PIMCO bilan Oaktree qarzini qayta moliyalash bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Ammo taklif etilgan shartlar yana favqulodda yuqori foiz stavkalarini o‘z ichiga olgani aytiladi.
Bunday bitim amalga oshgan taqdirda ham, u ehtimol faqat vaqt yutishdan nariga o‘tmasdi. Oxir-oqibat yo‘l baribir ikkiga bo‘linardi: klub sotiladi yoki garov bo‘yicha egalik majburan qo‘lga olinadi.
Oaktree qarzi bu orada qanday kuchga aylanganini raqamlar aniq ko‘rsatadi. 2021-yilda olingan 275 million yevro 2024-yil mayiga kelib PIK tuzilmasi sabab taxminan 395 million yevroga yetdi. Suning bu summani yopishga qodir emas edi.
Suning ulushining qiymati ham keskin erib ketdi. Kompaniya Interdagi 68,55 foizlik paketini 586 million yevrodan atigi 148 million yevroga tushirib qayta baholadi – qariyb 75 foizlik pasayish. Bu, aslida, aksiyadorlik qiymatining katta qismi allaqachon yo‘qolganini ochiq tan olish edi. Inter global brend, sport nufuzi va jahon bo‘ylab jozibadorlikni saqlab turgan bo‘lsa-da, og‘ir qarz yuklari kapital qiymatini deyarli butunlay yeb bitirdi.
22-may 2024-yil. Suning qarzni qaytara olmadi. Oaktree garov shartnomasida belgilangan huquqlaridan foydalandi va klubni nazorat qiluvchi xoldingni o‘z qo‘liga oldi. Bu bozor sharoitida erkin kelishuv asosida amalga oshgan klassik sotib olish emas edi. Egasi o‘zgardi, chunki kreditor o‘z ta’minotini amalga oshirdi.
Shu bilan Inter tarixi yangi sahifaga o‘tdi.
Qarzni yoqilg‘i qilgan modelning ironiyasi
Suning Interni bir kunda yo‘qotmadi. Nazorat klubning moliyaviy tuzilmasi ichida asta-sekin qo‘l almashdi: avval obligatsiya egalari tomon siljidi, oxirida esa Oaktree ga o‘tdi. 2024-yil mayida garov kuchga kirganida, natija deyarli muqarrar bo‘lib bo‘lgandi.
Bu davrning eng keskin sabog‘i shunda: qarz Interning sport ambitsiyalarini moliyalashtirdi, lekin oxir-oqibat aynan o‘sha qarz klubning kimga tegishli bo‘lishini ham hal qildi.
Endi savol boshqa: muammoli aktivlar bilan ishlash bo‘yicha tanilgan investor Yevropaning eng yirik klublaridan birini qanday boshqaradi? Va Inter qarzga tayanadigan o‘sish modelidan moliyaviy barqarorroq yo‘lga qayta o‘ta oladimi?







