Iraola davri boshlanmoqda: Liverpoolda yangi futbol falsafasi
Liverpool boshqaruviga Andoni Iraola kelishi bilan klub o‘zining avvalgi yo‘lidan keskin burildi. Bu oddiy murabbiylik almashinuvi emas. Bu – falsafa almashinuvi. Anfieldga kelgan ispaniyalik o‘zi bilan shovqin-suronga, xavf-xatarga, yuqori pressingga qurilgan “rock and roll” futbolini olib kelyapti. Klubning eng yorqin yillari aynan shunday ritmda o‘tganini hisobga olsak, bu qaytish kabi ko‘rinadi – lekin boshqa avlod bilan, boshqa talablarga ko‘ra.
4-2-3-1: eski shakl, yangi mazmun
Planet Football xabariga ko‘ra, Iraola Liverpoolni asosan 4-2-3-1 tizimida safga tushirishi kutilmoqda. Tashqi ko‘rinishda tanish sxema, lekin ichkarida boshqa mexanizm ishlaydi. O‘tgan mavsumdagi struktura emas bu. Chiziqlar orasidagi masofa qisqaradi, pressing chiziqlari balandroq ko‘tariladi, qarorlar tezlashadi.
Bu yondashuv hozirgi tarkibning katta qismini o‘ziga moslab oladi. So‘nggi yillarda jiddiy yangilangan bo‘lsa-da, bu jamoa hamon yuqori intensivlikka, tezkor o‘tishlarga, raqibni bo‘g‘ib qo‘yadigan pressingga mos futbolchilarga ega. Endi ular uchun savol bitta: Iraola ritmiga chidashadimi?
Himoya chizig‘i: baland, jasur va yangilangan
Iraola talab qiladigan yuqori chiziqli himoya yangi yuzlarni talab qildi – va klub bunga javob berdi. Rennesdan kelgan Jeremy Jacquet deyarli darhol asosiy tarkibga “tezlashtirilgan” tarzda olib kirilishi kutilmoqda. Uning atletikasi, tezligi va katta maydonni yopish qobiliyati baland chiziqda o‘ynash uchun aynan kerak bo‘lgan fazilatlar.
Yonida esa tajriba. Yaqinda ijaraga olingan Ronald Araujo himoya markaziga og‘irlik va xotirjamlik olib kiradi. U baland chiziqda bir qarorga kech qolish qancha qimmatga tushishini juda yaxshi biladi. Virgil van Dijk bilan birga himoya yuragi endi nafaqat baland turishi, balki to‘g‘ri lahzada zarba berishi kerak bo‘ladi.
Chap qanotda Milos Kerkez uchun bu mavsum burilish nuqtasiga aylanishi mumkin. Anfielddagi ikkinchi yil, lekin endi u o‘zini eng yaxshi ko‘rinishda namoyon etishga imkon beradigan murabbiy qo‘l ostida. Bournemouth davrida Iraola undan maksimum olgan edi. Endi o‘sha hamkorlik Premier League gigantida qayta yoziladi. Kerkez to‘liq tizimga moslashsa, Liverpool chap qanotdan yana xavfli oqimga ega bo‘ladi.
O‘ng tomonda esa Guela Doue baland chiziqda ishlaydigan, pressingdan qo‘rqmaydigan, tez qaytib joyiga yetib keladigan bek sifatida ko‘rinish beradi. Himoya to‘rtligi endi faqat mudofaa emas, balki butun pressing mexanizmining birinchi bosqichi.
Dvigatel zona: Szoboszlai va Wirtz markazida qurilgan mashina
Iraola futbolining yuragi – yarim himoya va hujum chizig‘i orasidagi o‘sha “motor zona”. Bu yerda Dominik Szoboszlai asosiy figura sifatida ko‘rilmoqda. Uning pressing sifati elit darajada. U raqibni orqa tomondan quvib yetadi, to‘pni yuqorida yutadi, hujumni o‘sha joyning o‘zidayoq boshlaydi. Eng muhimi – buni o‘zi yoqtiradigan pozitsiyada amalga oshiradi.
Yonida Ryan Gravenberch bor. U pressing ostida to‘pni ushlab qolishi, chiziqlarni yorib o‘tishi, orqa chiziqni himoya qilishi bilan muhim bo‘g‘in bo‘ladi. Iraola uchun bu ikki o‘yinchi faqat markaziy yarim himoyachilar emas, balki pressingni yo‘lga qo‘yadigan, raqibni bo‘lib tashlaydigan boshqaruv paneli.
Florian Wirtz esa bu tizimda alohida mavzu. U “o‘nlik” zonasida nafaqat ijodkor, balki to‘psiz ishlashda ham mehnatkash. Iraola uslubida bu juda katta ustunlik. Wirtz raqibning birinchi pasini to‘sadi, pressingni yo‘naltiradi, bo‘sh zonalarni tez topadi. Agar u bu intensivlikni butun mavsum davomida ushlab tursa, Anfield uni yangi yulduz sifatida qabul qilishga tayyor turishi kerak bo‘ladi.
Hujum: Isak yetakchi, qanotlar qayta qurilmoqda
Old chiziqda Alexander Isakdan kutish bitta – klinik yakunlar. Lekin Iraola qo‘l ostida u faqat penaltidan penaltigacha yuguradigan klassik “to‘qqizlik” bo‘lib qolmaydi. U yuqorida pressingni boshlaydi, markaziy himoyachilarga tinchlik bermaydi, to‘pni yutib olib, hujumni o‘zi yakunlaydi. Murabbiy uchun bu – bir vaqtning o‘zida bosim va gol tahdidi bo‘lgan hujumchi.
Qanotlarda esa klub hali ham bozorni kuzatyapti. Eng katta nom – PSG futbolchisi Bradley Barcola. U bilan bog‘liq qiziqish susaygani yo‘q. Agar Liverpool uni olib kelsa, qanotga dinamika, tezlik va to‘p bilan keskinlik qo‘shiladi. Barcola bu tarkibda faqat raqobat emas, balki darhol sifatli yangilanish bo‘lishi mumkin.
Hozircha esa tasavvur qilinayotgan asosiy tarkibda u allaqachon bor: to‘liq kuchdagi 4-2-3-1 sxemasida Alisson darvozada, himoyada Guela Doue, Jeremy Jacquet, Virgil van Dijk va Milos Kerkez. Markazda Ryan Gravenberch va Dominik Szoboszlai, ularning oldida Florian Wirtz. Qanotlarda Rio Ngumoha va Bradley Barcola, old chiziqda esa Alexander Isak.
Ngumoha va yangi avlodga ishonch
Iraola uchun faqat tayyor yulduzlar emas, balki yoshlar ham muhim. Rio Ngumoha nomi shuning uchun alohida tilga olinmoqda. U hali katta sahnada to‘liq ochilmagan, lekin murabbiy unga imkon berishni rejalashtiryapti. Bu tizimda yosh futbolchi xato qilishi ham, o‘sishi ham, o‘zini ko‘rsatishi ham mumkin.
Liverpool tarkibi hanuz shakllanmoqda. Transfer bozoridagi ehtimoliy keluvchilar, mavjud yulduzlar, yangi taktik detallar – hammasi bir mozaika bo‘lib, Iraola qo‘lida asta-sekin yaxlit rasmini topyapti. U bu jamoani barcha frontlarda kurasha oladigan darajaga olib chiqmoqchi.
Savol esa oddiy, lekin keskin: Anfield yana “rock and roll” ritmiga tayyormi – va bu safar u qanchalik uzoqqa yetib boradi?







