UZB SPort

Iraola himoya chizig‘idagi muammolar bilan yuzma-yuz

Yangi mavsum hali start olgani yo‘q, lekin Andoni Iraola allaqachon Liverpooldagi eng eski muammolardan biri bilan yuzma-yuz turibdi: jarohatlar va yupqa himoya chizig‘i.

Ikki haftadan so‘ng 2026/27 yilgi kampaniya boshlanadi, “qizillar” esa hali tayyor jamoaga o‘xshamaydi. O‘ng qanotda Mohamed Salah o‘rniga futbolchi yo‘qligi allaqachon bosh og‘rig‘i bo‘lib turgan bir paytda, yanada xavotirli savol tug‘ildi: mavsum startida nechta sog‘lom markaziy himoyachi qoladi?

Bradley Barcola yoki Ibrahim Mbaye keladimi-yo‘qmi, ko‘ramiz. Yo‘q bo‘lsa ham, qanotda Rio Ngumoha yoki Federico Chiesa bilan yechim topish mumkin. Ammo markaziy himoyadagi bo‘shliqni bunday oson berkitib bo‘lmaydi.

Araujo kelmoqda, lekin xavf ketgani yo‘q

Ronald Araujo transferi bo‘yicha xabarlar paydo bo‘lishidan avval Liverpool mavsumni atigi bitta tayyor, tajribali markaziy himoyachi bilan boshlashi mumkin edi. Bu – xavf emas, bu lotereya.

Joe Gomez allaqachon safdan chiqqan. Giovanni Leoni hali mashg‘ulotlarga qaytgani yo‘q, u tizzasidagi og‘ir jarohatdan (ACL) tiklanishni davom ettiryapti. Jeremy Jacquet esa yozgi tayyorgarlikni boshqalardan erta boshlagan bo‘lsa ham, hanuz bir daqiqa ham o‘yin amaliyoti ko‘rmadi.

Fransiyalik himoyachining Monaco bilan o‘yindagi ishtiroki ham savol ostida. Agar u Anfielddagi ertangi uchrashuvni o‘tkazib yuborsa, eng yaxshi holatda kelasi hafta Como bilan o‘yinda 45 daqiqa atrofida maydonga tushishi mumkin. Premyer ligadagi ilk mavsumini boshlayotgan futbolchi uchun bu – mutlaqo yetarli tayyorgarlik emas.

Shu sharoitda Iraola hozir qilishi mumkin bo‘lgan eng mantiqli narsa bitta: Virgil van Dijk va Araujo’ni keyingi ikki hafta davomida “paxtaga o‘rab” asrash, ularning o‘zaro tushunishini tezroq shakllantirish va St James’ Parkdagi startga shu juftlik bilan yetib borishga urinib ko‘rish.

O‘z qo‘li bilan chaqirilgan inqiroz

Liverpool uchun jarohatlar yangilik emas. Ammo bu safargi holat avvalgilariga qaraganda ancha o‘z qo‘li bilan yaratilgandek ko‘rinadi. Yoz boshida jamoa tarkibiga qaragan har qanday kuzatuvchi himoya chizig‘ini kuchaytirish zarur ekanini ko‘rardi. Araujo transferi esa uzoq muddatli reja emas, ko‘proq shoshilinch choraga o‘xshaydi.

Urugvaylik himoyachi kelgan taqdirda ham, Iraola atigi bitta jarohatdan so‘ng yana tajribasiz variantlar yoki tabiiy pozitsiyasi markaziy himoya bo‘lmagan futbolchilarga tayanishga majbur bo‘lishi mumkin. Bu esa mavsum starti arafasida xavf darajasini juda yuqori qiladi.

Shu nuqtada u, xohlamasa ham, o‘zidan oldingi bosh murabbiy yo‘lidan borishga majbur bo‘lish ehtimoli katta.

Arne Slotning “rejasi B” yana ishga tushishi mumkin

O‘tgan mavsum Arne Slot ham o‘xshash vaziyatga tushib qolgan edi. Leoni sentyabrda jarohat olgach, u qolgan butun kampaniyani atigi uchta markaziy himoyachi bilan o‘tkazdi.

Shunga qaramay, niderlandiyalik murabbiy variantlar tugab qolganidan uncha cho‘chimadi. Gomezning jarohatlarga boy tarixi, Ibrahima Konate’ning ham muntazam o‘ynay olmasligi ma’lum bo‘lsa-da, u ochiqchasiga zaxira rejani e’lon qilgan:

“Ryan (Gravenberch) va Wata (Endo) u yerda o‘ynashi mumkin. Demak, birdaniga bu pozitsiyada umuman variantimiz qolmadi, deyolmaymiz”, – degan edi u mavsum avvalida.

Endo’ning markaziy himoyada o‘ynay olishi allaqachon tanish manzara. U so‘nggi uch yil ichida bir necha bor aynan shu rolni bajargan. Lekin u ham yaqindagina jarohatdan keyin mashg‘ulotlarga qaytdi. Newcastle safarida yana markaziy himoyaga tushishi – jismonan ham, ritm nuqtai nazaridan ham juda og‘ir topshiriq bo‘lishi mumkin.

Shunday vaziyatda navbat, ehtimol, Gravenberchga keladi. U bu rolni mutlaqo begona deb bo‘lmaydi, biroq tajribasi juda cheklangan. Yanvarda Qarabag ustidan 6:0 hisobidagi yirik g‘alabada markaziy himoyachi sifatida tushgan o‘yiniga qarab, uni bu pozitsiyada to‘liq baholashning imkoni yo‘q.

Lekin Iraola uchun tanlov uncha ko‘p emas. Ayni damda boshqa tabiiy yechim yo‘q.

Newcastle safariga noqulay savollar bilan

St James’ Parkdagi ochilish uchrashuvida Liverpool markazida Gravenberch yoki Endo asosiy tarkibda boshlasa, bu klub siyosati va yozgi rejalashtirish bo‘yicha ko‘p savollar tug‘diradi. Premyer liga startida bunday eksperimentlar – juda xavfli o‘yin.

Shu bois Ronald Araujo uchun vaziyat juda aniq: u nafaqat tezda moslashishi, balki sog‘lom ham qolishi kerak. Aks holda, Iraola ilk turdayoq himoyani yamoq-yamoq qilishga majbur bo‘ladi – bu esa Liverpool uchun mavsumni boshlashning eng yomon usullaridan biri.

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling