UZB SPort

Islom Maxachev va Maks Xollouey o‘rtasidagi sovuq urush

Islom Maxachev va Maks Xollouey o‘rtasidagi masofalar oktagondan tashqarida ham qisqarib bormoqda. UFC 330 tunida yozilgan tarix hali sovimasidan, ikki chempion o‘rtasida sovuq so‘z urushi qizib ketdi.

Ikki kamar, bitta savol

Las-Vegasdagi g‘alabadan so‘ng Islom Maxachev o‘ziga xos ramziy kadrni tanladi: yelkasida – yarim o‘rta vazn kamarini himoya qilib olingan yangi zafar, qo‘lida esa – yengil vazndagi eski toj. Ikkala UFC kamarini birgalikda ko‘tarib turishi uningcha meros, davr belgisi.

Maks Xolloueyga esa bu sahna yoqmadi.

Kick’dagi jonli efirda u ochiqchasiga savol tashladi, hazil ohangida, lekin nishoni aniq edi:

“Qanday qilib ikki kamarni ko‘tarib yuribsan? Aura uchunmi? Ha, sen double champ-san, lekin hozir faqat bitta kamarni himoya qilding, bro”, – degan mazmunda tanqid yo‘lladi u.

Xolloueyning bu e’tirozi ko‘pchilikni hayratga soldi. Chunki UFC tarixida ikki vazn toifasida chempion bo‘lganlar, kamarni bo‘shatgan-bo‘shatmaganidan qat’i nazar, fotosessiya va sahnaga chiqishlarda odatda ikkala kamarni ham ko‘tarib kelishgan. Bunga eng yorqin misol – uning o‘zi yaqinda mag‘lub etgan Konor Makgregor. U hatto hech bir kamarni himoya qilmagan bo‘lsa-da, ikki kamar bilan yurardi.

Qiziq tomoni shundaki, Makgregor yillar davomida aslida birorta rasmiy kamar egasi bo‘lmagan paytlarida ham o‘sha ikki kamar bilan reklama va tadbirlarda ko‘rinish bergan. O‘shanda Xollouey sukut saqlagan, bunday “maqtanchoqlik”ni tilga ham olmagan.

Maxachevning qisqa, lekin og‘ir javobi

Xolloueyning tanqidi ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqaldi. MMA Fighting sahifalarida bu so‘zlar qayta yoritilgach, Islom Maxachev jim o‘tirishni xohlamadi va post ostida izoh qoldirdi.

Ikki vazn toifasida chempion bo‘lgan dag‘istonlikning javobi qisqa bo‘ldi, lekin ohangi keskin edi:

“Bilmayman, bro. O‘zi ham ko‘tarishga juda og‘ir. Lekin sen tushunmaysan, kechirasan”, – deb yozdi u.

Birgina jumla. Lekin unda ham ustunlik, ham kinoya, ham o‘z yo‘lini biladigan chempionning sovuqqon ishonchi bor edi.

Maxachev 2025-yil iyunida yengil vazn kamarini o‘zi bo‘shatgan, bunga qadar esa uni ketma-ket to‘rt marta himoya qilgan. Bu – ushbu vazn toifasida UFC tarixidagi rekord ko‘rsatkich. Yengil vazn taxtini rekord muddat saqlab, keyin yarim o‘rta vaznga chiqib yana chempion bo‘lish – bunday yo‘lni hozircha Xollouey bosib o‘tmagan.

Xolloueyning merosi – o‘ziga yarasha

Biroq bu, Xolloueyning o‘zi kichik figura degani emas. U ham UFC tarixiga chuqur o‘yib yozilgan ism. U uch marta mutlaq chempion sifatida pat vazn kamarini himoya qilgan, oktagonda eng ko‘p “significant strikes” urgan jangchi sifatida rekordchilikni saqlab turibdi.

Bundan tashqari, u ramziy “BMF” kamarini qo‘lga kiritgan va uni ilk bor himoya qilgan jangchi sifatida ham alohida sahifaga ega.

Shunga qaramay, Maxachevning kinoyasi faktlarga tayanadi: Xollouey hali pat vazndan tashqari birorta rasmiy UFC chempionlik kamarini olmagan. U boshqa vazn toifalarida faqat da’vogar, lekin taxt egasi bo‘la olgani yo‘q.

Yangi dushmanlikning boshlanishimi?

Bu so‘zlar oddiy ijtimoiy tarmoq tortishuvi bo‘lib qoladimi yoki kelajakdagi superjangning ilk uchqunimi – savol hozircha ochiq.

Bir oy avval Xollouey yarim o‘rta vazndagi ilk jangini o‘tkazib, Konor Makgregorni uning oyog‘idagi og‘ir jarohat fonida mag‘lub etdi. Natija g‘alaba bo‘ldi, lekin jang Xolloueyning bu vazn toifasidagi haqiqiy imkoniyatlarini to‘liq ochib bera olmadi. Raqib oyoq jarohati tufayli jangni davom ettira olmagan sharoitda uning qudratini to‘liq baholash qiyin.

Endi savol: Xollouey yarim o‘rta vaznda qoladimi yoki yengil vaznga tushib, ikkinchi rasmiy kamarni quvlaydimi? Agar u yuqorida qolishga jur’at etsa, Maxachev bilan to‘qnashuv – sport nuqtayi nazaridan ham, dramatik fon jihatidan ham tayyor ssenariy.

Bir tomonda ikki vaznda chempionlikni ko‘tarib turgan, rekord himoyalarga ega dag‘istonlik. Ikkinchi tomonda esa oktagon tarixidagi eng sermahsul zarbalar egasi, BMF kamarini himoya qilgan gavayi jangchi.

Bugun ular ijtimoiy tarmoqlarda bir-biriga kinoya bilan qarashmoqda. Ertaga esa shu nigohlar oktagon markazida, hakam ko‘rsatgan chiziq ustida to‘qnashishi mumkin.

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling