Jake Paul va Eddie Hearn ittifoqi: ayollar boksi uchun yangi sahna
Ayollar boksi sahnasida kutilmagan, lekin kuchli ittifoq paydo bo‘ldi. Jake Paul asoschilaridan biri bo‘lgan Most Valuable Promotions (MVP) va Eddie Hearn boshchiligidagi Matchroom Boxing uzoq muddatli “strategik hamkorlik” e’lon qildi. Maqsad bitta: ayollar boksini yanada yuksak darajaga olib chiqish.
Kuchlar birlashdi
MVP so‘nggi yillarda ayollar boksida eng faol va agressiv promouterlardan biriga aylandi. Ular hozirning o‘zida ESPN reytingiga ko‘ra pound-for-pound o‘ntalikdan oltita superyulduzni qo‘l ostiga to‘plagan: Amanda Serrano, Mikaela Mayer, Chantelle Cameron, Caroline Dubois, Alycia Baumgardner va Ellie Scotney.
Matchroom esa allaqachon global promouter sifatida tan olingan. AQSh va Buyuk Britaniyadagi yirik shoular, ikki vazn toifasida mutlaq chempion bo‘lgan Katie Taylor karerasini boshqarish, ko‘plab jahon chempionlari – bularning barchasi Hearn brendining og‘irligini ko‘rsatib turibdi.
Endi esa ikki tomonga bo‘lingan maydon o‘rniga yagona front paydo bo‘lmoqda.
Rasmiy bayonotda shunday deyiladi: yakka-yakka raqobat o‘rniga MVP va Matchroom elit ayol bokschilar uchun “karerani belgilovchi imkoniyatlar” yaratish, jahon chempionlik darajasidagi raqobatni kengaytirish va sportning o‘sishini qo‘llab-quvvatlash uchun birga ishlaydi.
Taylor – Serrano trilogiyasi: sinovdan o‘tgan hamkorlik
Aslida bu hamkorlik butunlay noldan boshlanayotgani yo‘q. Tomonlar avval ham bir ring atrofida birlashgan. Eng yorqin misol – Katie Taylor va Amanda Serrano o‘rtasidagi uch janglik epik trilogiya.
Ikkinchi jang Jake Paul va Mike Tyson kechasining undercard qismida o‘tkazildi va Netflix ma’lumotiga ko‘ra, taxminan 74 million tomoshabinni ekran qarshisiga yig‘di. Bu raqam ayollar jangiga bo‘lgan talab va qiziqish qanchalik o‘sib borayotganini yaqqol ko‘rsatdi.
Uchinchi jang esa tarixiy kechaga aylandi: to‘liq ayollar karti, Madison Square Garden arenasi, 19 mingdan ortiq tomoshabin va 6 millionlik auditoriya. Bu allaqachon alohida tajriba emas, balki bozor borligini isbotlovchi fakt.
Endi shu tajriba kengroq tizimga aylantirilmoqda.
“Bu sport kelajagiga sarmoya”
Jake Paul va Nakisa Bidarian bayonotida Matchroomning o‘tmishdagi rolini alohida ta’kidladi: tarixan aynan shu promouter ayollar boksini global sahnaga olib chiqishda muhim figura bo‘lganini eslatib, endi birgalikda sport va uni oldinga sudrayotgan bokschilar uchun “yanada katta lahzalar” yaratish imkoniyati paydo bo‘lganini aytishdi.
Ularning fikricha, bu shunchaki tijoriy hamkorlik emas, balki sport kelajagiga qaratilgan sarmoya, dunyoning eng kuchli ayol jangchilari uchun “eng nufuzli manzil”ni yaratish harakati.
Hearn: “Ko‘pchilik kutmagan, lekin mantiqan to‘g‘ri hamkorlik”
Eddie Hearnning o‘zi ham bu ittifoq ko‘pchilikni hayratda qoldirganini tan oldi. Jake Paul bilan bir safda turish, an’anaviy boks olamida kutilmagan burilishdek ko‘rinishi mumkin. Lekin Hearn buni ayollar boksining keyingi bosqichi uchun “ajralmas” qadam deb atadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, uzoq vaqt davomida Matchroom ayollar boksida “bayroq ko‘targan” yagona yirik kuch bo‘lib kelgan. So‘nggi yillarda esa MVP ham o‘z yo‘lini topdi va juda katta ishlar qildi. Endi esa ikkala tomonda ham bitta maqsad bor: ayol bokschilarni meros, tarix va eng yaxshi raqiblar bilan jang qilish imkoniyati sari yetaklash.
Hearn aniq aytdi: bu yangi ittifoq ular uchun shunchaki qiziqarli tajriba emas, balki to‘liq sadoqat bilan kirilayotgan loyiha. Matchroom va MVP ayollar boksini hajmda ham, sifatda ham kattalashtirish uchun birga ishlashga bel bog‘lagan.
Savol esa endi bitta: bu ittifoq navbatdagi Taylor – Serrano darajasidagi superjanglarni qancha tez olib keladi?







