James Morrison: West Brom yozni aniq reja bilan o‘tkazmoqda
“West Bromwich Albion” yangi mavsum oldidan shoshilmayapti. Va aynan shu narsa bosh murabbiy James Morrisonni xotirjam qilmoqda. Unga ko‘ra, klub transfer bozorida allaqachon mustahkam pozitsiyani egallagan, endi esa faqat to‘g‘ri nishonga urish qolgan.
Yozgi oynada allaqachon olti futbolchi olib kelingan. Bu Morrisonning to‘liq vakolat bilan ishlaydigan birinchi mavsumi oldidan tarkibni qayta chizish jarayonining boshlanishi, xolos. Uzoq muddatli reja ustuvor, qisqa muddatli shov-shuv emas.
Shanba kuni bu yangi davrga ilk real baho beriladi: jamoa safarda Carabao Cup doirasida “Rotherham”ga qarshi maydonga tushadi. Oradan bir hafta o‘tib esa asosiy sinov – Championship marafoni start oladi.
“Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz”
Morrisonning ohangi ishonchli. U BBC Radio WM’ga bergan suhbatida klub ichidagi kayfiyat va transfer strategiyasi haqida ochiq gapirdi.
U “Biz yaxshi holatdamiz. Endi klub sifatida sabrli bo‘lishimiz va aynan kerakli futbolchilarni topishimiz kerak”, – deya ta’kidladi. So‘zlarida balandparvozlikdan ko‘ra, aniq reja seziladi.
Morrison uchun transfer – faqat son emas, muhit masalasi ham. U “Yaxshi futbolchilar har doim hayajon uyg‘otadi. Men shu hayajonni keltiradigan, muxlislar uchun ijobiy tuyg‘u yaratadigan futbolchilarni olib kelishni xohlayman”, – deydi.
Olti transfer allaqachon bitdi. Murabbiy bundan mamnun: “Biz yaxshi ish qildik, olti nafar futbolchini imzoladik, yaxshi holatdamiz, hammasi qanday ketayotganidan xursandman”.
U o‘zini ham, bozorni ham boshqacha ko‘rayotganini yashirmaydi: “Bozorni tushunyapman, o‘zimni ham tushunyapman – endi ‘xohlayman, xohlayman’ degan holatda emasman, katta rasmni o‘ylayapman”. Bu gaplar Morrisonning klubni uzoq masofaga olib chiqish niyatidan darak beradi.
Klub ichidagi uyg‘unlik
Bu yozgi qayta qurish jarayonida Morrison yolg‘iz emas. U futbol operatsiyalari bo‘yicha rahbar Ian Pearce bilan yaqin hamkorlikda ishlamoqda. Aynan bu hamkorlik “West Brom”ning transfer bozorida tartibli ko‘rinishiga sabab bo‘layotgani aytilmoqda.
Morrison buni qisqa, lekin aniq ifodalaydi: “Bu – ishchi munosabatlar, turli fikrlar, bizga qanday tipdagi futbolchilar kerakligini aniqlash haqida. Qanday ishlayotganimizdan juda xursandman”.
Turli qarashlar, bir maqsad. Aynan shunday model hozirgi Championship sharoitida muvaffaqiyat kalitlaridan biri sanaladi. Klub ichida qarorlar yakka shaxs kayfiyatiga emas, tizimli tahlilga tayanganida, xatolar soni kamayadi, muvaffaqiyat ehtimoli esa oshadi.
Felix Horn Myhre – anchadan beri kuzatib kelingan nishon
Yozgi oyning eng so‘nggi yangiligi – Norvegiya markaziy yarim himoyachisi Felix Horn Myhre transferi. Morrison bu ism tasodifan paydo bo‘lmaganini ochiq aytadi.
“Ishni o‘zim boshladim. Uning harakatlanish uslubi, to‘p bilan qanday muomala qilishi, oldinga qanday chiqib ketishi menga yoqdi”, – deydi u. Bu murabbiyning yangi futbolchini shunchaki statistikaga qarab emas, o‘yindagi xarakteri orqali baholaganini ko‘rsatadi.
Morrisonning so‘zlariga ko‘ra, Myhre allaqachon ancha vaqtdan beri klub radarida bo‘lgan. U “U anchadan beri radarimizda. U Yevropada va xalqaro darajada o‘yinlarga o‘rgangan, shuning uchun yaxshi tayyorlangan va bu yerga juda yaxshi moslashadi”, – deya qo‘shimcha qiladi.
Bu transfer “West Brom”ning bozorni oldindan rejalashtirib, uzoq muddatli kuzatuv asosida ish tutayotganini ko‘rsatadi. Jamoa shunchaki bo‘sh pozitsiyani to‘ldirish uchun emas, murabbiy falsafasiga mos bo‘lgan futbolchini olib kelgan.
Yangi mavsum oldidan savol bitta
Olti yangi futbolchi, murabbiy va sport bo‘limi o‘rtasida uyg‘un hamkorlik, aniq transfer strategiyasi. Hozircha hammasi tartibli, xotirjam, o‘lchovli ko‘rinadi.
Endi navbat maydonga. Carabao Cup va Championship Morrison loyihasining haqiqiy o‘lchoviga aylanadi. “West Brom” bu yozgi “yaxshi joy”dan chiqib, yakunda qaysi pog‘onaga ko‘tarila oladi?







