Jed York Ohio shtatida hibsga olindi
Amerika sport biznesining eng qudratli figurasi sifatida ko‘riladigan, San Francisco 49ers egasi hamda Leeds United va Rangers klublarining hammulki egalaridan biri bo‘lgan Jed York hafta oxirida Ohio shtatida hibsga olindi va mayda huquqbuzarlik bo‘yicha sud oldida javob berdi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, unga dastlab fohishabozlik bilan shug‘ullanish ayblovi qo‘yilgan. Keyinroq prokuratura bu moddani yengilroq — jamoat tartibini buzish (disorderly conduct) aybloviga almashtirdi. York, shuningdek, “jinoyat qurollariga egalik qilish” bo‘yicha ham javobgarlikka tortildi — prokurorlarning ta’kidlashicha, u mobil telefonidan internetdagi yashirin fohishalik e’loniga javob berish uchun foydalangan.
Tug‘ilgan joyi yaqinida hibs, bir kunlik qamoq va jarima
York yakshanba kuni ertalab, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Youngstown shahri yaqinidagi East Palestine hududidagi mobil uylar majmuasida qo‘lga olingan. U 5 000 dollar garov puli to‘lagach, qo‘yib yuborilgan.
Dushanba tongida sud majlisida York aybni tan olmaslik (no contest) pozitsiyasini tanladi, ammo unga ikki ayblov bo‘yicha bir kunga qamoq jazosi tayinlandi. Jazo bir vaqtda o‘talgani sababli, u allaqachon ushlab turilgan bir kunini hisobga olgan holda darhol ozod etildi. Sud, shuningdek, 1 150 dollar miqdorida jarima belgiladi.
Hujjatlarda qayd etilishicha, Yorkning mobil telefoni o‘ziga qaytarilgan, hibs paytida olingan 160 dollar esa kelishuv doirasida Mahoning Valley Human Trafficking Task Force ixtiyoriga o‘tkazilishi kerak. York onlayn kursni ham yakunlagan.
Prokuror: “Har bir ish alohida ko‘riladi”
Columbiana County prokurori Vito Abruzzino bu turdagi ishlar odatda kelishuv bilan yakunlanishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, har bir holat bo‘yicha qarorlar faktlar, politsiya taqdim etgan dalillar va qo‘lga olgan xodimning fikriga tayangan holda qabul qilinadi. Shuningdek, sudlanuvchining avvalgi jinoyat tarixi va sudyaning bunday kelishuvga munosabati ham inobatga olinadi.
Leeds United va Rangers sukut saqlamoqda
Yorkning futbol olamidagi ta’siri bevosita 49ers Enterprises orqali seziladi — aynan shu investitsion tuzilma Leeds United klubining egasi hisoblanadi. Angliya klubi voqea yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi.
York, shuningdek, o‘tgan yozda Rangers ustav kapitalining katta qismini sotib olgan AQSh konsorsiumining bir qismi sifatida tilga olinadi. Biroq u klubning rasmiy boshqaruv organlari ro‘yxatida qayd etilmagan. Sky Sports News murojaat qilganida, shotlandiyalik grand ham hech qanday sharh bermadi.
NFL tekshiruv boshlaydi
Ligadagi eng nufuzli egalaridan biri atrofida yuzaga kelgan bu mojaro National Football League e’tiboridan chetda qolmadi. Liga rasmiy bayonotida Yorkning hibsga olinishi qayd etilib, voqea NFL shaxsiy xulq-atvor siyosati doirasida ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi.
Ushbu siyosatga ko‘ra, klub egalari ham futbolchilar singari moliyaviy jarimalar yoki chetlatishlarga duch kelishi mumkin. Endi savol bitta: York uchun bu ish faqat bir kunlik qamoq va jarima bilan yakunlanadimi yoki uning futbol va amerika futbolidagi ta’sir doirasiga ham zarba beradimi?







