UZB SPort

Jeff Bezos va Liverpool: Tarixiy bitim yakunlandi

Liverpool egalari klubning qariyb uchdan bir ulushini Amazon asoschisi Jeff Bezos ham kiradigan konsorsiumga sotishga kelishib oldi. Bu oddiy moliyaviy inʼektsiya emas. Bu — futbol va global texnologiya kapitali kesishgan nuqtada paydo bo‘lgan yangi davr signali.

Bitimga ko‘ra, Bezos Amit Bhatia boshchiligidagi investorlar guruhi tarkibida qatnashadi. Bhatia — po‘lat sanoati magnati Lakshmi Mittalning kuyovi, uzoq yillar davomida Queens Park Rangers aksiyadori bo‘lgan, London moliya doiralari uchun yaxshi tanish ism.

Endi esa u Anfieldga yo‘l oldi.

6 milliard funtlik gigant baho

Konsorsium sarmoyasi Liverpool klubini taxminan 6 milliard funt atrofida baholaydi. Bu futbol tarixidagi eng qimmat bitimlar qatoriga kiradi.

Shunga qaramay, hokimiyat tepasida o‘zgarish yo‘q: Fenway Sports Group (FSG) ko‘pchilik ulushni va klubni amaliy boshqarishni o‘zida saqlab qoladi. Bu — to‘liq sotuv emas, balki kuchli moliyaviy va strategik ittifoq.

Bezosning o‘zi Forbes hisob-kitobiga ko‘ra 207 milliard funtdan ortiq boylikka ega. Shunga qaramay, u klub kengashiga kirmaydi, bosh rolni Bhatia bajaradi: u vitse-prezident lavozimini egallaydi va yangi sarmoyadorlar blokining yuzi bo‘ladi.

Liverpool uchun bu nimani anglatadi? Eng avvalo — barqaror kuchayish.

FSG: “Bir mavsumlik emas, avlodlar uchun qurilgan klub”

FSG bitim bo‘yicha rasmiy bayonotida sarmoya klubning “uzoq muddatli o‘sish maqsadlarini” qo‘llab-quvvatlashini, global biznes, texnologiya va investitsiya sohalaridagi tajribalar bir maydonda jamlanishini ta’kidladi.

Asosiy chiziq aniq: yangi pul — yangi falsafa degani emas. Klub rahbariyati bilan birgalikda ishlaydigan konsorsium Liverpoolning maydondagi va maydondan tashqaridagi maqsadlarini kuchaytirishi kerak, lekin boshqaruvni qo‘lga olishi emas.

FSG prezidenti Mike Gordon ham xuddi shu ruhda fikr bildirdi. U Liverpoolni har doim “bir mavsumdan narini o‘ylab qaror qiladigan klub” sifatida tasvirlab, aynan shu yondashuv dunyo bo‘ylab jiddiy investorlarni jalb qilayotganini eslatdi. Gordonning ta’kidlashicha, Bhatia va uning hamkorlari klubning uzoq muddatli falsafasini, Liverpoolni o‘ziga xos qiladigan ruhni tushunadi va qadrlaydi.

Bu — yangi pul bilan eski yo‘lni saqlab qolish urinishiga o‘xshaydi.

“Transfer uchun alohida kassalar bo‘lmaydi”

Sky Sports News muxbiri Vinny O’Connor tahliliga ko‘ra, bu bitim ancha vaqtdan beri pishib kelayotgan edi. Konsorsium klubning taxminan 30 foiz ulushini oladi, lekin bu baribir ozchilik sarmoyasi bo‘lib qoladi.

Muhim nuqta: Liverpool bu pulni moliyaviy muhtojlikdan izlagani yo‘q. Klub o‘z modeli doirasida mos keladigan imkoniyatlarni kuzatib boradi va aynan konsorsium tarkibi, undagi shaxslarning darajasi FSGni ishontirgan.

Eng ko‘p beriladigan savol esa bitta: bu transfer bozorini portlatadimi?

Javob — yo‘q. Albatta, qo‘shimcha moliyaviy barqarorlik ijobiy fon yaratadi, lekin O’Connor ta’kidlaganidek, bu sarmoya bilan bog‘liq “yangi yoki alohida transfer byudjeti” yo‘q. Transfer qarorlari va byudjetni belgilash avvalgidek klubning sport bo‘limi qo‘lida qoladi va mavjud moliyaviy barqarorlik modeli doirasida olib boriladi.

Demak, bu bitim Liverpoolning transfer strategiyasini ham, futbol falsafasini ham tubdan o‘zgartirmaydi. Katta nomlar kelishi mumkin, lekin faqat tizimga mos bo‘lsa.

Kimlar kelmoqda: Amit Bhatia va Jeff Bezos

Yangi davr markazida ikkita ism turibdi.

Amit Bhatia — 46 yoshli britaniyalik hind tadbirkor, investitsiya bankchiligi foniga ega. U hozirda AyBe Capital nomli ko‘p-aktivli investitsiya kompaniyasini boshqaradi. Portfeli keng: texnologiya, media, ko‘chmas mulk, iste’mol savdosi, sog‘liqni saqlash. Ya’ni, riskni tarqatishni, bozorni o‘qishni biladigan investor.

Uning oilaviy fonini ham e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi: rafiqasi Vanisha Mittal Bhatia — Lakshmi Mittalning qizi. Bu esa Bhatia atrofidagi kapital doirasini yanada kengaytiradi.

Jeff Bezos esa alohida izohga muhtoj emas. Amazon asoschisi, global elektron tijoratni o‘zgartirgan shaxs, Blue Origin orqali kosmik poygaga kirib kelgan, Nash Holdings orqali The Washington Post egasi. Endi esa sport sahnasida ilk katta qadamini tashlamoqda.

Uning Liverpooldagi roli bevosita boshqaruvdan ko‘ra, strategik va ramziy ahamiyatga ega bo‘lishi kutiladi: texnologiya, media va global brendlash bo‘yicha tajribasi klub uchun yangi eshiklarni ochishi mumkin.

Uzoq muddatli ittifoqmi yoki yangi kuch markazi?

Rasmiylar bu bitimni “uzoq muddatli hamkorlik” deb atayapti. FSG klubni boshqarishda yetakchi bo‘lib qoladi, kundalik ishlar, sport qarorlari, transferlar — hammasi avvalgi tartibda davom etadi.

Shu bilan birga, dunyoning eng boy odillaridan biri va tajribali investorlar guruhi Anfield atrofiga kirib kelayotgan bir paytda savol baribir ochiq qoladi: bu faqat barqarorlik uchun qo‘yilgan navbatdagi qadammi yoki Liverpoolni global super-brend sifatida yangi bosqichga olib chiqadigan burilish nuqtasimi?

Javobni vaqt beradi. Ammo bitta narsa aniq: endi Anfield atrofidagi o‘yin faqat maydonda emas, milliardlab funtlar aylanadigan sahnada ham davom etadi.

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling