Jose Mourinho: Real Madridga qaytish — uyga qaytish
“Real Madrid” yozgi transfer oynasidagi yangi an’anani aynan Jose Mourinho bilan boshlab berdi. Katta sahna, minglab muxlislar, stadiondagi shovqin yo‘q. Bu safar hammasi boshqacha bo‘ldi.
Klub bu yozdan boshlab dabdabali taqdimotlardan voz kechdi. Shuning o‘rniga, ichkarida, yopiq eshiklar ortida, faqat klub ichidagi odamlar ishtirok etadigan marosimlar. Mourinho ham xuddi shunday sokin, ammo ramziy jihatdan juda kuchli bo‘lgan marosim markazida turdi.
Yopiq eshiklar ortidagi “qaytish”
Marosimda murabbiyga faqat Florentino Perez hamrohlik qildi. Na jurnalistlar, na muxlislar, na oilalar. Zalda faqat klub prezidenti, Mourinho va oz sonli xodimlar. Rasmlarni faqat Real Madrid TV suratga oldi, lekin jonli efir ham bo‘lmadi.
Bu, aslida, klubning o‘zini tutish uslubidagi burilish. Shov-shuvdan ko‘ra ichki tartib, sahnadan ko‘ra Valdebebasdagi ish madaniyati birinchi o‘ringa chiqqanini ko‘rsatuvchi ishora.
Mourinho va Perez avval murabbiyning “Real Madrid”dagi ilk davridagi lavhalar tushirilgan videoni tomosha qildi. O‘sha yillardagi keskin qarashlar, “Bernabéu”dagi kechalar, g‘alabalar, bahsli lahzalar. Videoga bu yozgi tayyorgarlikdan olingan kadrlardan ham joy berilgan — eski va yangi davr yonma-yon.
Shundan so‘ng uch yillik shartnomaga rasmiy imzo chekildi. Mourinho familiyasi yozilgan forma bilan suratga tushdi, prezidentdan sovg‘alar qabul qildi: stadion maketi, soat va orqa tomonida uning ismi bitilgan futbolka.
Marosimga faxriy prezident Jose Martínez Pirri ham tashrif buyurdi. Yakunda qisqa quchoqlashuv, bir necha so‘z, va hammasi tugadi. Shovqinsiz, ammo mazmunli.
“Bu uyga qaytgandek”
Rasmiy taqdimotdan keyin Mourinho Real Madrid TV bilan juda qisqa suhbat o‘tkazdi, lekin bu so‘zlar Madridistalar uchun yetarlicha kuchli edi.
“Bu uyga qaytgandek. Birinchi marta kelganimdan ham yaxshiroq. O‘shanda bu murabbiy sifatida cho‘qqiga chiqqandek tuyg‘u edi. Endi esa bu ko‘proq hissiyot,” — dedi u.
U o‘zini yana bir bor klub bilan to‘liq tenglashtirdi: “Men sizlardanman, Madridistalardanman. Ketgan kunimdan beri shunday bo‘lgan.”
Bu gaplarda na shou, na sahna bor. Faqat qaytgan odamning ichki ishonchi.
Missiya, nafaqat ish
Mourinho uchun bu qaytish shunchaki katta klubga yana bir marta bosh murabbiy bo‘lib kelish emas. U buni ochiq aytdi:
“Real Madrid uchun ishlash men uchun juda katta ahamiyatga ega. Klub uchun ishlash mas’uliyati ulkan va bu hissiyot Valdebebasdagi har bir insonda bo‘lishi kerak,” — dedi u.
Keyin esa gapni yanada keskinroq nuqtaga olib kirdi: “So‘zlar yetmaydi… chunki bu missiya. Bu o‘zim haqida, ko‘p yoki kam maosh olishim haqida qayg‘urish emas.”
U o‘z vazifasini aniq belgilab berdi: “Bu yerga hammaga yordam berish uchun keldim: futbolchilarga, shtabga… Ish, mas’uliyat, ambitsiya madaniyatini yaratish uchun. Va men juda yaxshi biladigan narsa — Real Madrid uchun ishlash sharafi va mas’uliyati. Bu tushuncha menga juda yoqadi.”
Shu jumlalar orqali yangi davrning asosiy chizig‘i ham ko‘rinib turibdi: tashqi shovqindan ko‘ra ichki standartlar, natija talabidan tashqari har kuni klub sha’niga munosib bo‘lish majburiyati.
Mourinho jamoani allaqachon iyun oyidan beri boshqarib kelmoqda, biroq rasmiy taqdimot bugun bo‘lib o‘tdi. U ham yopiq, ham sokin, ham juda ramziy.
Yangi siyosat: yulduzlar uchun ham xuddi shunday
Klubning qolgan yozgi yangi futbolchilari ham xuddi shu formatda taqdim etiladi. Endi “Santiago Bernabéu” maydonida muxlislar oldida forma ko‘tarish, stadion bo‘ylab aylanish yo‘q. Taqdimotlar xususiy tarzda o‘tadi, ommaviy axborot vositalarisiz. Faqat futbolchilar bilan birga ularning oilalari bo‘lishi mumkin.
“Real Madrid” shov-shuvni kamaytirdi, lekin ichki bosimni yo‘qotgani yo‘q. Aksincha, Mourinho so‘zlariga qaraganda, Valdebebasdagi har bir kun “missiya”ga aylangan. Endi savol bitta: bu sokin boshlanish “Bernabéu”da baland ovozli natijalar bilan yakunlanadimi?






