Juventusning Retegui operatsiyasi: vaqt bilan poygada
Turinda hujumchi ovlari oxirgi burilishiga kirib bormoqda. Transfer oynasi yopilishiga sanoqli kunlar qolganda, Juventus kutilmaganda yana bir nomga qaytdi: Mateo Retegui.
Spalletti allaqachon yozda hujum chizig‘ini yangiladi. Klubga Randal Kolo Muani va Jeff Ekhator kelib qo‘shildi, lekin Dusan Vlahovicni bepul qo‘yib yuborishdi, Lois Openda esa ijaraga jo‘natildi. Natijada old chiziqda son bor, lekin murabbiy izlayotgan “markaziy tayanch” – hali yo‘q.
Shu fon’da Retegui varianti yana jonlandi. Turin klubi uni avvalgi oynalarda ham kuzatgan, Spalletti esa hujumchini Azzurri davridan juda yaxshi biladi. U Retegui haqida gap ketganda, avvalo mehnatsevarligi va jarima maydonchasidagi chaqqon instinktlarini qadrlaydi. Qisqa qilib aytganda, murabbiy uchun bu – tizimni darhol tushunib, pressingdan qochmaydigan tayyor “to‘qqizlik”.
Sport direktori Marco Ottolini ham bu g‘oyaning ortida turibdi. Aynan u 2023-yilda Reteguini Argentinadan Serie Aga, Genoa safida olib kirgan edi. Demak, klub ichida bu transferni qanday texnik va moliyaviy yo‘l bilan amalga oshirishni biladigan odam bor.
Ammo yagona muammo – juda katta. Retegui hozir Al-Qadsiah bilan 2028-yilgacha shartnoma ostida, Atalantadan 65 million yevroga olib kelingan. U Saudi Pro League ilk turida Al-Shababga qarshi 3:1 hisobidagi g‘alabada 73 daqiqa maydonda bo‘ldi va yangi loyihaning markaziy figuralaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Eng og‘ir to‘siq esa – yiliga 20 million yevrolik maoshi.
Tuttosport ma’lumotiga ko‘ra, Juventus bu holatda faqat bitta yo‘lni real deb bilmoqda: dastlabki ijaraga olish.
Klub Reteguini Italiyaga qaytishga ko‘ndirishni muammo deb hisoblamaydi, lekin bu darajadagi maoshni o‘z zimmasiga to‘liq ololmaydi. Demak, Al-Qadsiah maoshning katta qismini qoplaydigan sxemaga rozi bo‘lmasa, bitim deyarli imkonsiz.
Turinliklar uchun ichki muammo ham bor. Yangi hujumchi kelishi uchun avvalo Jonathan David bilan xayrlashish kerak. Klub uni sotmas ekan, keyingi transferga ruxsat bo‘lmaydi. Shu orada Joshua Zirkzee va Alexander Sorloth ham ro‘yxatda turibdi, lekin Spalletti uchun Retegui – tanish, sinovdan o‘tgan profil.
Vaqt esa siqib bormoqda. Juventus hujum chizig‘ini to‘liq qayta qurish, zich taqvim oldidan chuqurlik va raqobatni kafolatlashni istaydi. Savol aniq: Al-Qadsiah Reteguining ulkan maoshini bo‘lishishga rozi bo‘ladimi yoki Spalletti yangi “fokal nuqta”siz mavsumni boshlashga majbur qoladimi?






