K League taqvimi o‘zgarishi: futbolchilar jazirama yozga chidamaydilar
Janubiy Koreya professional futbolchilari jazirama yozga chidashni bas qilishni xohlayapti. Endi bu shunchaki shikoyat emas, rasmiy talab: mamlakat futbolchilar uyushmasi — Korea Pro Footballers Association (KPFA) — K League rahbariyatidan mavsumni tubdan qayta qurishni so‘ramoqda.
Ularning asosiy g‘oyasi aniq: bahor–kuz emas, kuz–bahor tizimiga o‘tish. Ya’ni yoz o‘rtasida emas, qahraton sovuq oralig‘ida qisqa tanaffus bilan o‘ynaladigan chempionat.
“K League iqlim inqirozi va jazirama yozdan futbolchilarni himoya qilish uchun kuz–bahor taqvimiga o‘tishi shart”, — deyiladi KPFA bayonotida. “Bu liga uchun Osiyodagi yetakchilik mavqeini va global raqobatbardoshligini saqlab qolish masalasidir”.
42,5 daraja, bo‘shab qolgan tribunalar va to‘xtagan beysbol
Avgust boshida mamlakat futboli issiqning qanday ko‘rinishini yaqqol his qildi. 2-avgust kuni janubi-sharqdagi Yangsan shahri 42,5 daraja issiqlikni ko‘rsatdi — rasmiy kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri. Mahalliy hokimiyat odamlarni uyda qolishga chaqirdi. Koreya beysbol ligasi esa ekstremal harorat tufayli butun bir hafta to‘xtatildi.
Bunday issiq futbolni ham chetlab o‘tmadi. Manchester City va K League All-Star jamoasi o‘rtasidagi ko‘rgazmali uchrashuvda tomoshabinlar soni odatdagidan kamroq bo‘ldi. Tribunalar bo‘shab qoldi. Faqat Atletico Madridga qarshi keyingi o‘yin yakshanba kuni stadionni yana to‘ldira oldi.
Seulda esa ketma-ket 17 kecha “tropik tun” sifatida qayd etildi — harorat tun bo‘yi 25 darajadan pastga tushmadi. Bu sharoitda 90 daqiqa yugurish, pressing qilish, yuqori intensivlikdagi o‘yin ko‘rsatish futbolchidan nafaqat mahorat, balki sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yishni ham talab qiladi.
Uzoq mavsum, qisqa sabr
2026-yilgi K League mavsumi 28-fevralda start oldi, 6-dekabrda yakunlanishi rejalashtirilgan. Devor kabi cho‘zilgan taqvim, yoz o‘rtasidagi uchrashuvlar, o‘yinlar soni — bularning bari iqlim keskin o‘zgargan bir davrda tobora ko‘proq savol ostiga qo‘yilmoqda.
KPFA aynan shuning uchun taqvimni o‘zgartirishni talab qilmoqda. Bu qadam nafaqat futbolchilar salomatligi uchun, balki mintaqaviy moslashuv uchun ham muhim, deydi ular. Janubiy Koreya eng qadimiy professional liga sifatida endi Osiyodagi yangi oqimdan ortda qolishni istamaydi.
Yaponiyaning J League ligasi allaqachon yoz–bahor tizimiga o‘tdi — yangi taqvim bo‘yicha ilk mavsumni boshladi. Osiyo Futbol Konfederatsiyasining Champions League Elite musobaqasi ham 2023-yildan buyon shu tizimda. Yevropaning aksariyat ligalari esa allaqachon kuz–bahor formatida ishlaydi.
Koreya esa hali qaror qila olmayapti. Asosiy to‘siq ma’lum: qish.
Qahraton qish — dushmanmi yoki imkoniyat?
Dekabrdan fevralgacha butun yarimorol bo‘ylab minus harorat, qor, sovuq shamol — Janubiy Koreya qishi futbol uchun ham, muxlis uchun ham sinov. Stadionlar muzlaydi, gazonlar yemiriladi, tomoshabinlar soni tushib ketishidan qo‘rqiladi.
Shunga qaramay, KPFA prezidenti, sobiq terma jamoa hujumchisi Lee Keun-ho bunday xavotirlar yechimsiz emas, deb hisoblaydi. U taqvimni o‘zgartirishni, eng sovuq oylar oralig‘ida rasmiy tanaffus joriy etish bilan uyg‘unlashtirishni taklif qilmoqda.
Lee fikricha, futbolchi uchun qishki dam — yozgi azobdan ko‘ra ancha foydali.
“Futbolchilar qishdagi tanaffus jarohatlardan saqlanishga, jismoniy holatini yaxshiroq saqlab turishga yordam beradi, deb hisoblaydi. Yozgi jaziramada bir nechta musobaqada uzluksiz o‘ynagandan ko‘ra bu ancha sog‘lom variant”, — deydi u.
U faqat taqvim emas, infratuzilmani ham o‘zgartirish kerakligini eslatadi: stadionlarda qo‘shimcha isitish moslamalari, sovuqqa chidamli gibrid gazonlar, uzoq muddatli investitsiyalar. Qishki futbolni imkoniyatsiz emas, boshqacha boshqarilishi kerak bo‘lgan davr sifatida ko‘rish kerak.
Futbolchilarning ovozi: bosh aylanishi, suvsizlanish, hushni yo‘qotish
Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari futbolchilar uyushmasining favqulodda so‘rovnomasi natijalarini e’lon qildi. Savollar bevosita issiq to‘lqin paytidagi o‘yinlarga bag‘ishlangan.
So‘rovnomada erkaklar va ayollar professional ligalaridan 536 nafar futbolchi qatnashdi. Raqamlar keskin:
- 86,2 foiz futbolchi jazirama ularning organizmiga jiddiy yuk bo‘layotganini aytdi;
- 45,2 foiz (242 futbolchi) “juda kuchli” deb baholagan,
- 41 foiz (220 futbolchi) “ha, seziladi” deb javob bergan.
Bir nechta javob variantiga ruxsat etilgan savolda o‘yin paytidagi jismoniy alomatlar so‘raldi. Eng ko‘p uchraydigan shikoyat — bosh aylanishi, 64,7 foiz (347 futbolchi). Keyingi o‘rinlarda:
- suvsizlanish — 56,6 foiz (303 futbolchi);
- bosh og‘rig‘i — 32,2 foiz (173 futbolchi);
- vaqtincha hushni yo‘qotish — 13 foiz (70 futbolchi);
- ko‘ngil aynishi — 12,2 foiz (65 futbolchi).
Bu raqamlar quruq statistika emas. Bu — har bir pressing, har bir sprint, har bir qo‘shimcha daqiqaning narxi.
So‘rov natijalari ko‘ra, futbolchilarning deyarli yarmi — 48,4 foizi — hozirgi sovutish pauzalari (suv ichish uchun tanaffuslar) ma’lum darajada yetarli, deb hisoblaydi. Lekin atigi 15,3 foiz respondentlar amaldagi siyosatni to‘liq qoniqarli deb topgan. Qolganlar yanada qat’iy, aniq va futbolchi salomatligini birinchi o‘ringa qo‘yadigan standartlarni kutmoqda.
Issiqning fojiali narxi
Issiq faqat raqamlar va charchoq bilan cheklanmayotgani ham ko‘rinib turibdi. O‘tgan hafta Yaponiyada rugby bo‘yicha fojiali voqea qayd etildi: Fiji sportchisi Saimoni Vunilagi mashg‘ulotdan so‘ng “og‘ir issiq urishi bilan mos keluvchi simptomlar” bilan shifoxonaga yotqizildi va bir necha kundan keyin, 26 yoshida, hayotdan ko‘z yumdi.
U Kyushu KV nomli ikkinchi divizion jamoasi bilan Fukuoka shahrida mashg‘ulot o‘tkazayotgan edi. Bu hodisa nafaqat rugby, balki butun mintaqadagi sportchilar uchun ogohlantiruvchi signal bo‘lib yangradi. Janubiy Koreya futbolchilari ham aynan shundan cho‘chimoqda: jazirama bilan o‘yin qilinmaydi.
K League qarori: an’ana yoki omon qolish masalasi?
K League hozir ikkita olov orasida. Bir tomonda — o‘nlab yillar davomida shakllangan an’anaviy bahor–kuz taqvimi, muxlislarning odati, teletranslyatsiyalar rejalari. Ikkinchi tomonda — o‘zgarayotgan iqlim, issiq to‘lqinlari, futbolchilarning sog‘ligi va global futbol taqvimi bilan uyg‘unlashish zarurati.
KPFA o‘z so‘zini aytdi. Statistikalar stol ustida. Yaponiyaning J League va AFC Champions League Elite allaqachon yangi yo‘lni tanlagan. Endi navbat Koreya futbol rahbariyatiga.
Savol bitta: K League yozgi jaziramani yana necha mavsum davomida “o‘yin qismati” sifatida qabul qiladi — va qachon uni futbolchilarning hayoti va sog‘lig‘iga bog‘liq real xavf sifatida tan oladi?







