UZB SPort

Kirsty Hanson Aston Villa’dan Tottenham’ga o‘tishi: Ayollar futbolidagi yangi sahifa

Yozgi transfer oynasida ayollar futboli yulduzlari birin-ketin Angliyaga oqib keldi. Lekin bir bitim bor-ki, shov-shuvsiz o‘tdi, ammo mavsum yakunida eng zukko qaror sifatida tilga olinishi hech gap emas.

Bu – Kirsty Hanson’ning Aston Villa’dan Tottenham’ga o‘tishi.

Villa qahramoni, lekin soyada qolgan to‘pur

28 yoshli shotland hujumchisi o‘tgan mavsumda Women’s Super League’da uchinchi eng yaxshi to‘purar bo‘ldi. Uning jamoasi turnir jadvalida atigi to‘qqizinchi o‘rinda tugatganini inobatga olsak, bu raqamlar yanada kattaroq ahamiyat kasb etadi.

22 o‘yinda 12 ta gol. Faqat PFA yil futbolchisi Khadija Shaw va Angliya hujumchisi Alessia Russo undan ko‘proq gol urdi, xolos.

Hansonning nomi yirik sarlavhalarda kamroq ko‘rindi, lekin raqamlar hammasini aytib turibdi. Aston Villa o‘tgan mavsumdagi gollarining 43 foizini aynan u kiritdi. Liganing eng yaxshi besh to‘puraridan faqat u 50 foizlik aniq zarbalar ko‘rsatkichiga ega bo‘ldi. Raqib jarima maydonchasidagi to‘plarga eng ko‘p tegish ham uning nomiga yozildi.

Faqat gol emas. Villa tarkibida faqat ikki futbolchi undan ko‘proq gol vaziyati yaratdi – Hanson 16 ta imkoniyat yasab berdi. Himoyaviy ishda ham ortga chekinmadi: o‘z pozitsiyasidagi futbolchilar orasida to‘p tortib olish, to‘siq qo‘yish kabi ko‘rsatkichlarda yuqori qatorda bo‘ldi.

Shunday futbolchini qo‘ldan chiqarish – katta yo‘qotish. Uni olish esa – topilgan xazina.

Aston Villa’dan qayta tug‘ilish sari

Hansonning karerasi o‘tgan mavsumda “portlab chiqqandek” ko‘rinsa-da, poydevor ancha oldin qo‘yilgan. U Manchester United ayollar jamoasining professional darajaga ko‘tarilishida muhim rol o‘ynadi, keyin esa muntazam o‘yin amaliyotidan mahrum bo‘la boshladi.

2022 yilda Aston Villa uni ijaraga olganida, bu hujumchi o‘ziga bo‘lgan ishonchni deyarli yo‘qotgan edi. Qolganini raqamlar aytadi: klub safida 100 o‘yinda 26 ta gol, ikki bor mavsumning eng yaxshi futbolchisi sovrini.

U o‘sha davrni minnatdorchilik bilan eslaydi, lekin endi yangi sahifa ochildi. Villa’da o‘zini qayta topgan Hanson endi o‘sha darajani saqlab qolish emas, undan ham yuqoriga chiqishni maqsad qilgan.

Nega aynan Tottenham?

Savol tabiiy: nega Villa’da yulduzga aylangan Hanson Tottenham’ga o‘tishni tanladi?

Javob ambitsiyada. London klubi o‘tgan mavsumni beshinchi o‘rinda yakunladi va endi WSL uchligiga kirib, Women’s Champions League yo‘llanmasi uchun kurashmoqchi. Klubning yozgi transfer siyosati ham bu niyatni yashirmaydi.

Hanson uchun hal qiluvchi nuqta esa murabbiy bo‘ldi. Tottenham boshqaruviga Martin Ho kelganida, bu ko‘plar uchun oddiy yangilik bo‘lgandir. Hanson uchun esa – signal.

U Martin Ho bilan 2020–2023 yillar oralig‘ida Manchester United’da u yordamchi murabbiy bo‘lgan paytda birga ishlagan. O‘sha davrdan beri murabbiy uni maydonda qanday qo‘llashni, qanday detallar orqali maksimal darajaga olib chiqishni juda yaxshi biladi. Shu bois yozgi transfer oynasida Ho ning asosiy nishonlaridan biri aynan Hanson bo‘ldi va klub bu istakni amalga oshirdi.

Murabbiy uni yaxshi biladi, futbolchi murabbiyni. Bu o‘zaro ishonch Tottenham uchun katta ustunlikka aylanishi mumkin.

Shafqatsiz raqobat – kerakli sinov

Tottenham yozda faqat Hanson bilan cheklanib qolmadi. West Ham to‘purari Shekiera Martinez, Lyon’dan kelgan iste’dodli fransuz himoyachisi Alice Sombath, Arsenal’dan ijodkor yarim himoyachi Victoria Pelova – bularning barchasi bir narsa haqida gapiradi: London klubi endi faqat o‘rtamiyona natijalar bilan kifoyalanmoqchi emas.

Bu esa start tarkibi uchun haqiqiy jangni anglatadi. Hanson aynan shunday muhitni xohlaydi. U o‘zini WSL’da “qulay” his qilayotganini aytadi, lekin baribir o‘zini liganing eng zo‘rlari qatoriga qo‘shmaydi, o‘ziga juda tanqidiy qaraydi. Bu mentalitet murabbiylar uchun orzu.

Uning maqsadi oddiy, lekin talabchan: har kuni biroz bo‘lsa-da yaxshiroq futbolchi bo‘lish. U o‘zida hali ochilmagan bir necha “pog‘ona” borligini biladi va Martin Ho ham buni ko‘rib turibdi. Shuning uchun mashg‘ulotlar og‘ir, hatto karerasidagi eng mashaqqatli pre-sezonlardan biri bo‘layotgani aytiladi. Hanson bundan norozi emas, aksincha, aynan shunday sinovni kutgan edi.

U bir narsani aniq aytadi: faqat “yaxshi futbolchi” bo‘lgani uchun emas, balki yanada kuchliroq bo‘lishi uchun ham imzo chekkan.

Maydonda – raqamlar, tashqarida – yetakchilik

Hansonning o‘yini faqat statistikada ko‘rinmaydi, lekin raqamlar ham uning ta’sirini yashira olmaydi. Villa’da u nafaqat gol urdi, balki pressing, orqaga qaytish, raqib hujumlarini buzish bilan ham ajralib turdi. Bu uni klassik to‘purardan ko‘ra ko‘proq “to‘liq hujumchi”ga aylantiradi.

Yoshi ulg‘aygani sari u maydon tashqarisida ham o‘zgardi. Sport murabbiyligi bo‘yicha diplomi bor, o‘yinni o‘qish, vaziyatni boshqarish, jamoadoshlarini tinchlantirish yoki uyg‘otish – bularni endi yaxshiroq biladi. O‘zi aytganidek, Martin Ho bilan avvalgi hamkorlik davrida u bunday mas’uliyatni ko‘tara olmas edi. Endi esa yetukroq.

Tottenham uchun bu ham muhim: klubga faqat gol uradigan futbolchi emas, balki kiyinish xonasida ham ovozi eshitiladigan, tajribasi bilan bo‘lishadigan shaxs kerak.

Hanson o‘zini eng iste’dodli futbolchi deb hisoblamaydi, lekin bitta narsani va’da qiladi – kurash. U har bir epizodda oxirigacha boradigan, “jamoasi uchun devorga ham yugurib kiradigan” tipdagi futbolchi. O‘tgan mavsum raqiblar uchun u qanday muammo bo‘lgan bo‘lsa, endi bu bosh og‘riq WSL himoyachilariga Tottenham libosida qayta taqdim etiladi.

6 sentabr kuni West Ham’ga qarshi o‘yinda yangi Tottenham qanday ko‘rinish olishini ko‘ramiz. Savol bitta: bu tinimsiz ishlaydigan shotland hujumchisi London klubini nihoyat elita uchligiga olib chiqadigan yo‘lboshchiga aylanadimi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil