UZB SPort

Lamine Yamal: Ispaniya Futbolidagi Yangi Yulduz

Los-Anjelesda, Ispaniya Avstriyani uchinchi gol bilan yakson qilgan paytda hech kim Keyne kabi bayram qilmagan edi. Kamera Lamine Yamalning uch yoshli ukasini ushlab qoldi: qo‘llar baland, tomirlarida o‘yin hayajoni, og‘zidan esa bitta so‘z uchdi: “Come on!” Bir lahza ichida Los-Anjeles bo‘ylab millionlab memlar tug‘ildi.

O‘sha paytdan ko‘p o‘tmay, yer ostidan 30 metr pastda – LAX aeroportiga yaqinligi bois chuqurlikka ko‘milgan Los Angeles Stadiumning ichida – Lamine Yamal kameralar, mikrofonlar va telefonlar o‘rab olgan maydonchada turardi. Kimdir unga o‘sha videoni ko‘rsatdi, savol berdi: bolaligini deyarli ko‘rmagan bu yigit ukasining zavqini ko‘rib nima his qilardi? Sukut cho‘kdi. “Bilmayman…” dedi u oxiri. “Ukajonimni baxtli ko‘rish meni hayajonga soladi, onamni ham. U men uchun hammasi. Go‘yo o‘g‘limdek, men esa unga oshiqman”.

U atigi 18 yoshda. Lekin Lamine Yamal allaqachon bolaligidan buyon “judayam ko‘p” mas’uliyatni ko‘tarib kelayotganini aytgan. “El País” bilan suhbatida u ilk bor shu mashhurlik, shu e’tiborni 13 yoshida his qilganini tan olgan. Bu turnir arafasida Walmart do‘konida yurgan videolari tarqaldi. Ko‘p gap bo‘ldi, balki haddan tashqari ham. Baribir befoyda emasdi. U, ayniqsa, Lamine uchun nimanidir anglatardi: oddiy hayotga ozgina bo‘lsa-da yaqinlashish imkoniyati. To‘liq emas, albatta – video baribir paydo bo‘ldi, demak, bu ham nimanidir ko‘rsatardi.

Bugun ham, dunyoning eng yaxshi futbolchilari orasida turganida ham, Lamine Yamalga o‘xshash boshqa biror kishi topish qiyin. 18 yoshida allaqachon ikonaga aylangan, surati hamma yerda. U bilan o‘zini tenglashtirayotgan, unga o‘xshashni istayotgan avlod ko‘z o‘ngimizda ulg‘aymoqda. Har bir stadionda, u to‘pga teggan lahzada shovqin ko‘tariladi, kutish, talab, majburiyat… Go‘yo hamma narsa uning atrofida aylanadi. Ispaniya terma jamoasida esa bu tuyg‘u yanada kuchliroq.

Jahon chempionati oldidan hamma uning aprel oyidan beri davolanayotgan jarohatdan qaytishini kutdi. Turnir boshlanganidan beri esa ko‘pincha jamoa ritmini aynan u belgilayotgandek tuyuldi. Lamine guruh bosqichini “o‘tib o‘tilishi kerak bo‘lgan” marra deb atadi; haqiqiy turnir, uningcha, pley-offda boshlanadi. U o‘sha o‘yinlarni yana o‘zini his qilish, ritmni topish uchun “foydalanganini” aytdi. “Agar biz o‘zimiz bo‘la olsak, hech kim bizchalik yaxshi emas”, dedi u. Va u “Jahon chempionati endi boshlanadi” degan kuni maydonda aynan shunday bo‘ldi.

Bu faqat uning spektakli emasdi. Maydon bo‘ylab Ispaniya mashina kabi ishladi. Qanot himoyachilar uchib yurdi. Dani Olmo bo‘sh zonalarni topib, raqibni charchatdi. Luis de la Fuente doim Mikel Oyarzabal haqida gapirishimizni so‘raydi – va u bu kechada ham bunga loyiq o‘yin ko‘rsatdi. Baribir oxir-oqibat gap yana Lamine atrofida aylangandek. Yana bir mas’uliyat. Jamoaning ohangi ham go‘yo uning tilidan chiqayotgandek. U kechqurun hech kim Ispaniyadan ustun bo‘la olmasligini aytdi, ertasi kuni Carso bazasida mashg‘ulotdan oldin sheriklari ham xuddi shu kayfiyatni takrorladi. Yana bir kun o‘tib, Avstriya ustidan g‘alabada ular buni isbotlashdi. De la Fuente buni “deyarli mukammal” deb atadi.

Uchrashuv oldidan Lamine tunnelda maydonga chiqadigan kichik futbolchining qo‘lidan ushlab, ahvolini so‘radi. Yonida turgan Dani Olmo esa “bro”siga hazil aralash shunday dedi: “Ukaingga ko‘rsat, arenaga chiqqaningda nimalar bo‘lishini, odamlar qanday javob berishini, sen odamlarni qanday o‘zgartirishingni his qilsin”. Maydondan so‘ng esa Lamine qo‘lida “o‘yinning eng yaxshi futbolchisi” sovrini bilan turardi. U butun o‘yinda portlovchi, dinamik, to‘xtovsiz harakatda bo‘ldi, ikki marta raqibni “somsa” qilgan fintlari bilan tomoshabinlarni hayratga soldi, Konrad Laimer bilan esa haqiqiy jang olib bordi. Shunga qaramay, sovrin aynan unga berilganidan o‘zi ham biroz hayron ko‘ringandek. Hatto undan “baxtlimisan o‘zi, yuzingda unchalik quvonch ko‘rinmayapti-ku?” deb ham so‘rashdi.

“Albatta, ha”, dedi u. “Juda xursandman, eng muhimi – keyingi bosqichdamiz. Asta-sekin o‘zimni topayapman, zarur yugurishlar, driblinglar qaytyapti. Mana endi hammasi boshlanadi: bu bosqichda hech kim uyga qaytishni istamaydi, biz ham bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun bor kuchimizni beramiz. Murabbiy nechta daqiqa bersa, o‘ynashga 100% tayyorman”. De la Fuente uchun esa aynan shu – eng katta xushxabar.

Lamine bu e’tibor, bu muhabbatni ham his qilmay qolmaydi. “Har bir stadionda ko‘rsatadigan mehrni juda qadrlayman”, dedi u. “Futbolda Jahon chempionatidan zo‘r narsa yo‘q. Har bir bola futbolchi bo‘lishni orzu qilganda, aynan shu turnirni tasavvur qiladi. Mehmonxonadan chiqqanimizdan boshlab, har lahzadan zavq olaman. Men 18 yoshdaman va Jahon chempionatida o‘ynayapman; bu yana qaytarilmaydi. Hech bir jamoadan qo‘rqmaymiz, biz – Ispaniyamiz. O‘zimizga ishonamiz”.

Shu qadar bosim ostida, shu qadar yorqin chiroqlar ostida yashab, bularning barchasi boshingni aylantirmasligi qiyin. “Buni faqat bitta yo‘l bilan yengaman”, deydi u. “Faqat futbolga e’tibor beraman va oilam bilan ko‘proq vaqt o‘tkazaman. Chunki meni oddiy Lamine sifatida biladigan yagona odamlar – ular. Men aslida kimligimni faqat ular biladi”.

Ispaniya uchun bu turnir endi chindan ham boshlangandek. Savol esa endi bitta: bu 18 yoshli yelkasiga tushgan yukni ko‘tarib, mamlakatni yana cho‘qqiga olib chiqa oladimi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling