Los Angeles Lakers sotildi: yangi egalarning kelishi
Mark Walter “Lakers”dagi nazorat paketini olganiga hali bir yil ham to‘lmaganida klubni sotishga kelishgani NBA atrofini larzaga soldi. Gap shunchaki “Lakers”ning qo‘l almashgani haqida emas. Gap 12,5 milliard dollarlik baho haqida. Va bu ishning shunday shoshilinch yakunlangani haqida.
Endi liga tarixidagi eng yirik brendlaridan biri yangi, sport biznesida nisbatan yangi bo‘lgan egalar — Joshua Kushner va Bob Iger qo‘liga o‘tmoqda. Savollar ko‘p. Javoblar esa hozircha cheklangan.
Bitimning asl mohiyati
Sotuv faqat bitta qismga taalluqli: Walter o‘zining “Lakers”dagi ulushini topshiradi. U Los Angeles Sparks ustidan nazoratni saqlab qoladi, xuddi shuningdek, ketma-ket World Series g‘olibi bo‘lgan Los Angeles Dodgersdagi hissasi ham o‘z joyida qoladi.
Ya’ni bu “Walter sport imperiyasi”ning qulashi emas. Bu uning eng yorqin, eng ko‘zga ko‘ringan aktivini rekord bahoga pulga aylantirishi.
Yana eslatib o‘tish kerak: Walter “Lakers”dagi nazorat paketini o‘tgan yozda Buss oilasidan 10 milliard dollarlik bahoda olgandi. Atigi 14 oy ichida klub qiymati qog‘ozda yana 2,5 milliardga oshdi. Investor uchun bu — zarbani ideal paytda berish.
Manbalarga ko‘ra, tashabbus Walterdan chiqqani yo‘q. Kushner juma kuni o‘zi bog‘langan, shanba-yakshanba kunlari muzokaralar keskin tezlashgan va yakunda taklif shu qadar jozibali bo‘lganki, Walter rad eta olmagan.
Fon: federal tergov soyasi
Bu yerda katta “fil” bor. Walter atrofidagi moliyaviy shovqinlar allaqachon federal darajaga chiqib ulgurgan. Prokurorlar uning boshchiligidagi ikki sug‘urta kompaniyasi va u ulushdor hamda bosh direktor bo‘lgan Guggenheim Partners faoliyatini o‘rganayotgani haqida xabarlar chiqqan. O‘tgan kuzda federal agentlar uning telefonini musodara qilgani Bloomberg tomonidan yoritilgan.
Rasmiy ravishda bu tekshiruv bilan klubni sotish o‘rtasida bog‘liqlik yo‘q. Hech kim buni tasdiqlamagan. Lekin vaqt tanlovi, fon, raqamlar — hammasi bir sahnada turgani ko‘zdan qochmaydi. Ligadagi ko‘plab agentlar va rahbarlar ham aynan shu savolni o‘zlariga berishyapti.
NBAning yuqori pog‘onasida ham bu xabar shok effektini berdi. Adam Silver hali omma oldida fikr bildirmadi, lekin liga idorasidagi kayfiyatni bir agentning qisqa jumlasi aniq ifodalaydi: “(Nima) bo‘lyapti o‘zi?”
Yangi egalarning yuzi: Bob Iger va Joshua Kushner
Klub endi ikki ism qo‘liga qaraydi. Biri — ommaga juda tanish, ikkinchisi esa hali basketbol sahnasida yangi.
Bob Iger — Disney’ning uzoq yillik bosh direktori. ESPN va ABC orqali NBA bilan o‘n yilliklar davomida ishlagan, Adam Silver bilan yaqin aloqada bo‘lgan, liganing televidenie hamkori sifatida markaziy figura bo‘lib kelgan. Uning turmush o‘rtog‘i Willow Bay esa 1991-1998 yillarda “NBA Inside Stuff” ko‘rsatuvini olib borgan ovoz va yuz.
Iger va Bay 2024 yildan beri Angel City FC klubining nazorat paketiga egalik qilishadi. Ya’ni sport biznesi ular uchun mutlaqo yangi maydon emas.
Iger 2020 yilda Disney rahbarligidan ilk bor chekingach, Thrive Capital’ga sherik sifatida qo‘shilgandi. 2022 yilda Disneyga qaytgach, bu roldan voz kechdi, ammo joriy yil aprelida Thrive’ga maslahatchi sifatida qaytib keldi. Shu orqali u venture capital olamidagi asosiy figurantlardan biri — Joshua Kushner bilan bir safga tushdi.
Joshua Kushner — Jared Kushnerning ukasi. U Thrive Capital’ni boshqaradi va bu yil Thrive Eternal nomli yangi platformani ishga tushirdi. Konsepsiya oddiy: “texnologiya bilan nusxalab bo‘lmaydigan” aktivlarga sarmoya kiritish. Shu doirada u aprel oyida San Francisco Giants klubidan minoritar ulush sotib oldi.
Shuningdek, Thrive Eternal yozda FIFA’ning tijoriy spin-off loyihasiga 4,2 milliard dollarlik asosiy investor sifatida kirishi kutilayotgandi. Reja bo‘yicha 20 foiz ulush olinishi kerak edi, ammo loyiha oshkor bo‘lgach, Gianni Infantino atrofidagi bosim keskin oshdi va g‘oya tezda barbod bo‘ldi.
Kushner hozirda Miami Heat’da kichik ulushga ega, lekin “Lakers” bitimi yakunlanishi uchun bu paketdan voz kechishi kerak bo‘ladi.
Qizig‘i, Kushner va Iger dastlab Las Vegas uchun kengaytma jamoa olib kelish g‘oyasini o‘ylab ko‘rgan. Lekin reja o‘zgardi. Endi ular NBAning eng yorqin sahnasi — Los Angelesga tushib kelyapti.
Bu yerda yana bir nozik nuqta bor: Iger uzoq yillar Clippers muxlisi bo‘lib kelganini o‘zi tan olgan. U buni bir paytlar hozirgi Lakers bosh murabbiyi JJ Redick bilan suhbatda aytgan: Nyu-Yorkdan Los Angelesga ko‘chib kelganida Knicks raqibi bo‘lgan Lakers’ni qabul qilish unga oson bo‘lmagan. Endi esa aynan shu klubga sherik egalar sifatida kirib kelmoqda. Bu paradoksni u L.A. muxlislariga tushuntirib berishiga to‘g‘ri keladi.
Walter davridagi burilishlar
Walterning qisqa, ammo shovqinli davri baribir iz qoldirdi. Eng katta o‘zgarish — biznes boshqaruviga tegishli. Klub uzoq yillik prezident Tim Harris bilan xayrlashib, uning o‘rniga Dodgers’ning sobiq vitse-prezidenti va bosh marketing direktori Lon Rosenni biznes operatsiyalari prezidenti etib tayinladi.
Shundan so‘ng qarorlar aniq yo‘nalishda ketdi: moliyaviy samaradorlik. Klub bir necha to‘lqinda xodimlarni qisqartirdi. G League jamoasi El Segundo’dagi mashg‘ulot bazasidan Palm Springs hududiga ko‘chirildi. Yangi jersey-patch homiylik bitimi tuzildi, klub tarixida ilk bor Laker Girls uchun alohida forma/presenting homiy paydo bo‘ldi. Staples (hozirgi nomi bilan Crypto.com Arena) parket atrofida qo‘shimcha courtside o‘rinlar paydo bo‘lib, daromad maksimal darajaga chiqarildi.
Ichkarida esa klub mashg‘ulot bazasi, tibbiyot bo‘limi va analitika guruhiga sarmoya kiritishda davom etdi. Ya’ni, Walter “Lakers”ni yanada tijoratlashgan, raqamlar bilan o‘ynaydigan klubga aylantirishni boshlagan edi.
Endi nima bo‘ladi?
Bitim hali rasman yopilgani yo‘q. Kushner–Iger guruhi to‘liq due diligence o‘tkazadi, NBA esa odatdagidek o‘z yo‘lidan boradi: liga Nizomiga ko‘ra, Boshqaruvchilar kengashining kamida uchdan ikki, amaliyotda esa uchdan to‘rt qismi rozilik berishi kerak bo‘ladi.
Bu jarayon bir necha oy cho‘zilishi mumkin. Lekin liga ichida ham, bozor atrofida ham “Lakers” allaqachon yangi davr eshigida turgani aniq.
Jeanie Buss uchun yangi sahifa
Bu o‘zgarishlar fonida bitta ism o‘z o‘rnida qoladi — Jeanie Buss. O‘tgan yozda tuzilgan kelishuvga ko‘ra, u kamida besh yil davomida klub gubernatori sifatida qolishi kerak. Bu shunchaki shartnoma bandi emas, bu NBA siyosatining natijasi. Liga rahbariyati tez-tez o‘zgaradigan gubernatorlikni yoqtirmaydi, shuning uchun oldingi bitimda aynan shu muddatli model ustuvor bo‘ldi.
Yangi egalardan biri bo‘lgan Bob Iger The California Post’ga bergan intervyusida Walter va Buss o‘rtasidagi kelishuvga hurmat bilan yondashishini aytdi. Shu bilan birga, u qisqa, ammo mazmunli jumla qo‘shdi: “Agar narsalar o‘zgarsa, ular o‘zgaradi.” Hozircha Buss oilasining ulushi bitimga kirmayotgani bois, strukturada zudlik bilan o‘zgarish kutish uchun asos yo‘q.
Tarix esa boshqa narsani eslatadi: yangi pul kirsa, yangi ovoz ham kiradi. Boston Celtics misoli yaqin: klub o‘tgan yozda Bill Chisholmga sotilgach, Wyc Grousbeck bosh direktor bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, gubernatorlik unvonidan voz kechdi — dastlabki rejalarda bu boshqacha ko‘ringaniga qaramay.
Lakersdagi holat esa o‘ziga xos: gubernator — klubdagi ulushi kichraygan, ammo ilgari nazorat paketiga egalik qilgan, klub tarixi bilan birga ulg‘aygan Buss oilasining vakili.
Parketdagi savollar: Luka Dončić va yangi yo‘nalish
Eng qiziq savol — parketga taalluqli. Bu sotuv “Lakers”ni maydonda qanday o‘zgartiradi?
Birinchi rasmiy javob Luka Dončić’dan keldi. U 2023 yil oxiridan beri beshinchi bor yangi egaga ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda.
U X’da shunday yozdi: “Being a Laker means everything to me, and I’m excited to get back on the court and bring a championship to LA. I’ve gotten used to big changes over these last few years, but I know that no matter what, there is no limit to the potential of this iconic franchise. I look forward to meeting Josh and Bob so we can get to work building something special in LA together.”
Jeanie Buss esa bu postni “Perfectly said” deya qayta ulashdi.
Dončić yozgi ta’til davrida Walter bilan klub yo‘nalishi haqida muloqotda bo‘lib turgan. Walterning Dodgersdagi bosh beysbol rahbari Andrew Friedman va uning yaqin maslahatchisi Farhan Zaidi ham basketbol qarorlarida faol ishtirok etgan, yozgi mashg‘ulotlarga kelgan, yangi rahbarlarni suhbatdan o‘tkazishda qatnashgan. Masalan, assistent bosh menejer Rohan Ramadas aynan shu jarayon natijasida ishga olingan.
Walter davrida “Lakers” tobora analitikaga suyanayotgan klubga aylanayotgan edi. Endi-chi? Hozircha “Iger–Kushner uslubi” degan narsa yo‘q. Ular basketbol bo‘yicha qanday falsafaga ega, kimlarga tayansa, kimlarga yo‘l bersa — bularning bari ochiq savol.
Shu bilan birga, klub ichkarisida ma’lum barqarorlik saqlanib turibdi. Basketball operations prezidenti Rob Pelinka to‘qqizinchi mavsumini kutyapti. JJ Redick va uning shtabi uchinchi yilga kirib boryapti — LeBron James ketganidan keyin tarkib tubdan yangilangan bo‘lsa-da.
Yozda “Lakers” allaqachon katta qarorlarni qabul qildi: erkin agentlarga jiddiy mablag‘ sarflandi, Walker Kessler uchun draft kapitali berildi. Ya’ni yangi egalarga bozorni tag-tugi bilan o‘zgartirish uchun darhol katta manevrlar qolmagan. Lekin strategiyani burish, ustuvorliklarni almashtirish, klub madaniyatini qayta shakllantirish — bular hali ham ularning qo‘lida.
“Lakers”ning navbatdagi bobida kim bosh sahnaga chiqadi?
Los Angelesda hozir hamma bir narsani tushunib turibdi: bu oddiy sotuv emas, bu franchayzing taqdirini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan burilish. Walter rekord foyda bilan sahnadan chekinmoqda. Kushner va Iger esa basketbol tarixidagi eng yorqin sahnalardan biriga qadam qo‘ymoqda.
Jeanie Buss o‘z o‘rnida. Luka Dončić “Lakers” libosida navbatdagi halqa ortidan quvishni va’da qilmoqda. JJ Redick uchinchi mavsumini kutyapti. Ammo klub atrofidagi kuch muvozanati, qarorlar qayerda va kim tomonidan qabul qilinishi — endi butunlay yangi hikoya.
Savol shuki, bu hikoya Staples parketida yana bir chempionlik paradiga olib keladimi yoki “Lakers”ni uzoq, murakkab qayta qurish yo‘liga tashlab qo‘yadimi?







