Manchester City Ayyoub Bouaddi transferi yaqinlashmoqda
Yozgi mundialning eng yorqin kashfiyotlaridan biri bo‘lgan Ayyoub Bouaddi atrofidagi shovqin sushaymayapti, aksincha kuchaymoqda. Endi esa bu shovqinning markazida Manchester City turibdi.
18 yoshli marokashlik yarim himoyachi yozgi Jahon chempionatida deyarli to‘liq tarkib o‘yinchisiga aylandi: Marokashning chorak finalgacha bo‘lgan yo‘lida u faqat bitta uchrashuvni asosiy tarkibda boshlamadi, xolos. Eng qizig‘i, u terma jamoadagi debyutini mundialga atigi bir necha hafta qolganda o‘tkazgan edi.
Lille bilan o‘tgan mavsum esa uning sakrash maydonchasiga aylandi. Fransiya klubi bilan Ligue 1da uchinchi o‘rin, Champions League yo‘llanmasi va butun Yevropani o‘ziga qaratgan o‘yinlar. Shu fon ortida Bouaddining katta sahnaga ko‘tarilishi deyarli chaqmoqdek bo‘ldi.
City – old qatorida
Fransiyada yangi bosh murabbiy sifatida ish boshlagan Davide Ancelottining o‘zi tan olganidek, Bouaddi bugun Yevropaning yarmiga kerak. Shunga qaramay, ayni paytda poygada oldingi chiziqda turgan klub – Manchester City.
Shanba kuni Evertonga qarshi Hill Dickinson Stadiumdagi o‘rtoqlik uchrashuvi savollarni yanada ko‘paytirdi. Bouaddi atigi 45 daqiqa maydonda bo‘ldi. Fransuz OAV vakillari darhol buni ehtiyotkorlik, ya’ni bo‘layotgan transfer fonida ortiqcha xavfga bormaslik bilan bog‘lashdi.
Transfer narxi ham kichik raqam emas: taxminan 100 million yevro (taxminan 85,5 million funt) atrofidagi summa bitimni yakunlashi mumkin bo‘lgan chegara sifatida tilga olinmoqda. Bu allaqachon yulduz maqomiga yaqinlashib bo‘lgan, lekin atigi 18 yoshli futbolchi uchun ulkan baho.
Anchelotti: muzokaralar bor, lekin eshik hali yopilmagan
Ouest France bilan suhbatda Davide Ancelotti ortiqcha sir tutmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bouaddi bo‘yicha muzokaralar bor, unga ko‘plab klublar qiziqmoqda. Bu gaplar fonida Cityning nomi alohida urg‘u bilan tilga olinmoqda.
Ammo Ancelotti hali taslim bo‘lgani yo‘q. U Bouaddini juda yuqori baholab, uni jamoada saqlab qolish istagini yashirmadi. Mavsum startiga bir hafta qolgan bir paytda u marokashlikni hali ham o‘z ixtiyoridagi futbolchi sifatida ko‘rayotganini aytdi.
Evertonga qarshi o‘yindagi 45 daqiqalik ishtirok ham shunga bog‘liq bo‘lgan. Murabbiy Bouaddi jismonan to‘liq tayyor bo‘lganini, lekin o‘yin vaqtini ongli ravishda cheklayotganini ta’kidladi. Bu ehtiyotkorlik — transfer bozorining eng issiq nuqtalaridan birida qolayotgan futbolchi uchun tabiiy himoya chorasiga o‘xshaydi.
Oldinda — hal qiluvchi hafta
Lille yakshanba kuni safarda Angersga qarshi yangi mavsumni boshlaydi. Hozircha Bouaddi rasmiy ravishda klub futbolchisi, Ancelotti uchun esa startdagi rejalarning bir qismi.
Savol esa ochiq qolmoqda: u Ligue 1 mavsumini boshlaydimi yoki allaqachon Manchesterga parvozni kutayotgan bo‘ladimi?
Yozgi bozor yakuniga qadar Bouaddining ismi futbol bozoridagi eng baland ovozlardan biri bo‘lib qolishi aniq. City bu poygani chiziqqacha olib bora oladimi?







