Manchester United va Tchouameni: orzu va narx to'g'risida
Manchester United yozgi bozorni shoshilmasdan, lekin juda aniq reja bilan boshladi. Michael Carrick qo‘l ostida klub nihoyat o‘ziga xos yuzini topdi, endi esa navbat keyngi qadamga – 2026/27 mavsumida 14 yillik Premier League chempionlik qahratonini eritishga kelgan.
Buning uchun esa bir bo‘lak yetishmayapti: yuqori darajadagi tayanch yarim himoyachi.
Andrey Santos va Youri Tielemans allaqachon shartnoma imzoladi. Carrickning o‘yinini o‘qigan har kim tushunadi – bu yetarli emas. Chempionlar Ligasi qaytishi arafasida Manchester United bir nechta frontda kurashish uchun o‘rtada yanada kuchli, ayniqsa mudofaa vazifalarini mukammal bajara oladigan uchinchi markaziy yarim himoyachiga muhtoj.
Shu yerda esa eski orzu yana kun tartibiga qaytdi: Aurelien Tchouameni.
Real Madridning “katta sotuv” rejasi va Tchouameni tuguni
Yillar davomida Tchouameni nomi Old Trafford bilan yonma-yon tilga olinib kelinadi. Uni klub ichida “orzu nishoni” sifatida ko‘rishadi, lekin shu paytgacha bu orzu deyarli imkonsizdek tuyulgan: Real Madridning o‘yin uslubida ham, rejasida ham u markaziy figura sifatida ko‘rilgan.
Bernabeuda yangi shartnoma haqida xabarlar chiqqach, bu eshik yana yopilgandek ko‘ringandi. Tchouameni o‘zini Madridda baxtli his qiladi, bu fikrni bir necha manbalar takrorlaydi.
Ammo yozgi bozor o‘z qoidalariga ega. Real Madrid Manchester City yulduzi Rodri bilan shug‘ullanayotgani haqida gaplar kuchaygan bir pallada, “Los Blancos” balansni tenglashtirish uchun katta sotuvga ham borishi ehtimoli paydo bo‘ldi. Agar kimnidir qurbon qilish kerak bo‘lsa-chi?
Aynan shu savol Manchester United umidini tiriltirdi.
Talk of the Devils podkastida jurnalist Andy Mitten vaziyatni ancha sovuqqon baholadi. Uning aytishicha, United Tchouameni bilan uzoq vaqtdan beri qiziqib keladi, lekin bu qiziqishning oldida bitta katta devor turibdi – narx.
Mittenning ta’kidlashicha, Real Madrid hozir “katta xarid – katta sotuv” davrida. Klub rahbariyati Premier League bozoridagi telba summalarga qarab, aynan o‘sha pul oqimidan foydalanishni xohlashi mumkin. Tchouameni kabi 26 yoshli, 50 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan Fransiya terma jamoasi futbolchisi bozorning eng qimmat tovarlaridan biri.
Mitten ochiq aytadi: Real agar sotishga qaror qilsa, “telba pul” so‘raydi. United esa bunday miqdorga kirishishi shubhali. Transfer narxi ustiga yuqori maosh ham qo‘shiladi. Bu esa INEOS davrida moliyaviy intizomni qayta tiklashga urinayotgan klub uchun jiddiy to‘siq.
Shu bilan birga u bitta nozik nuqtani ham eslatadi: Tchouameni hozircha Madridda baxtli, Real uni sotmoqchi ekaniga dalil yo‘q. Lekin futbol bozorida kayfiyat bir yoz ichida butunlay o‘zgarishi mumkin. Klub seni xohlamasa, eng mustahkam pozitsiya ham bir zumda yemiriladi. Hozircha esa bu faqat ehtimol, xolos.
Manchester Evening News muxbiri Steven Railston esa yanada keskinroq fikr bildirdi. U Trondheimda klub ichki manbasi bilan suhbatlashganini aytib, Tchouameni transferi hozircha “realistik emas”, degan qat’iy javob olganini ma’lum qildi. Ichkarida shunday kayfiyat bor: agar Real Madrid sotishga tayyor bo‘lsa ham, so‘raladigan narx United imkoniyatidan yuqori bo‘ladi.
Shunga qaramay, klub ichida Tchouameni baribir “orzu transfer” bo‘lib qolmoqda. Real Madrid tomondan maqbul narx signali tushsa, United taklif berishga tayyor. Lekin Madrid nechani so‘raydi? Eng muhimi – ular umuman sotishga rozi bo‘ladimi?
Hozircha javob yo‘q. Faqat savollar.
Alex Scott: United eshik qoqdi, lekin kalit boshqalarda
Bozorni kuzatayotgan United uchun ikkinchi nom – Bournemouth markaziy yarim himoyachisi Alex Scott.
TEAMtalk 25-iyun kuni xabar berganidek, Manchester United allaqachon 22 yoshli ingliz futbolchisi bo‘yicha so‘rov yuborgan, lekin Bournemouth darhol rad javobini bergan. Klub pozitsiyasi aniq: Scott sotilmaydi.
Bu gaplar so‘nggi haftalarda yana tasdiqlandi. Chelsea ham futbolchi uchun taklif bilan chiqqan, ammo ular ham rad etilgan. Bournemouth Scottni bu yozda qo‘yib yuborishni xohlamaydi.
Reja boshqa: yozgi oyna yopilgach, klub unga yangi shartnoma taklif qilishni mo‘ljallagan. Bu shartnomaga kelajakda chiqish imkonini beradigan, ammo klubni ham himoya qiladigan chiqish bandi kiritilishi kutilmoqda. Ya’ni, hozir emas, lekin keyin – to‘g‘ri narx bo‘lsa.
The Athletic jurnalisti Laurie Whitwell ham Talk of the Devils podkastida shu fikrni mustahkamladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bournemouth ichida “sotilmaydi” degan qat’iy pozitsiya bor, lekin bozor tili hamma joyda bir xil: agar Chelsea kabi klub katta taklif bilan chiqqan bo‘lsa, bu allaqachon sezilarli miqdor bo‘ladi. Shuning uchun agar Scott baribir bu yozda klubini o‘zgartirsa, aynan Chelsea hozircha eng real manzil bo‘lib ko‘rinmoqda.
United uchun esa bu yo‘l hozircha berkdek. Klub qiziqishi bor, lekin Bournemouth devori baland, Chelsea esa start chizig‘ida oldinda.
“Reja B” va “Reja C”: yashirin variantlar sahnaga chiqmoqda
Manchester United Tchouameni va Scott atrofidagi murakkabliklarni ko‘rib, bozorni boshqa tomondan ham o‘qimoqda. Klub uchinchi yarim himoyachi transferini shoshilinch qarorga emas, puxta hisob-kitobga tayanib hal qilmoqchi.
Manbalar ma’lumotiga ko‘ra, klub Roma futbolchisi Manu Kone vakillari bilan allaqachon aloqaga chiqqan, uning hozirgi jamoasi esa yozgi transferga yo‘l ochib qo‘ygan. Bu United uchun narx va shartlar bo‘yicha ancha yerda turgan, real variant bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, ichki manbalar Premier League’da hozircha keng tanilmagan, ammo taxminan 40 million funt atrofida baholanayotgan yana bir markaziy yarim himoyachi nomzodi ko‘rib chiqilayotganini tasdiqlaydi. Ism hozircha yopiq, lekin bu Unitedning yagona karta emasligini ko‘rsatadi.
Klub ichida yaxshi xabardor jurnalistlardan biri hatto besh nafar yarim himoyachi variantini reytinglab, Old Traffordga ko‘chib o‘tish ehtimolini baholagan. Bu esa bitta “yulduzli” transferga tayanish davri tugaganini, endi esa kengroq, raqobatbardosh tarkib qurish strategiyasi ishga tushganini ko‘rsatadi.
Savol endi bitta: Manchester United orzudagi Tchouameni uchun moliyaviy chegarani yorib o‘tadimi yoki aqlli, ammo kamroq shov-shuvli variant bilan cheklanadimi? Yaqin haftalarda Carrickning yangi avlodi qanday shakl olishi butun mavsumning ohangini belgilab beradi.







