Manchester Unitedning yangi rejasi: Tyler Adamsni ko‘rib chiqish
"Manchester United" yozgi transfer oynasida yarim himoyani yangilash rejasida ketma-ket zarbalar oldi. Endi esa klub, "Old Trafford" atrofidagi kayfiyatni o‘zgartirishga qodir bo‘ladigan emas, balki amaliy, real bozor imkoniyatiga yaqinroq variantlarni ko‘rib chiqishga majbur.
Elliot Anderson uchun poyga allaqachon yakunlangan. "Nottingham Forest"dan ketgan iste’dod "Man City"ga klub rekord summasi — 116 million funt evaziga o‘tdi. "United" uni asosiy nishon qilib belgilagan, rejalar esa shu yerning o‘zida buzildi.
Mateus Fernandes bilan ham xuddi shunday. U ham ro‘yxatning yuqori qismida turgan edi, biroq "Tottenham Hotspur" poygani oxirgi metrda yutib ketdi va 85 million funtlik bitim bilan braziliyalikni shimoliy London tomoniga burib yubordi.
Shu tariqa Michael Carrick va INEOS yangi yo‘nalish izlashga majbur bo‘ldi. Yulduzlar ro‘yxati qayta ochildi, skautlar qayta yo‘lga tushdi. Jahon chempionatida porlayotgan bir ism esa tobora balandroq eshitila boshladi.
Tyler Adams – pragmatik yechimmi?
BBC Sport xabariga ko‘ra, "Manchester United" yozda "Bournemouth" yarim himoyachisi Tyler Adamsni qo‘lga kiritish imkoniyatini jiddiy o‘rganmoqda.
"Incredible" deya ta’riflangan amerikalik bu mavsumni "Vitality Stadium"da kuchli o‘tkazdi. "Cherries" safida barqaror o‘yin ko‘rsatgan Adams hozir Jahon chempionatida USMNT bilan birga maydonda, jamoa esa allaqachon nimchorak finalga chiqib, turnirning yoqimli kashfiyotlaridan biriga aylanib ulgurgan.
"United" allaqachon Atalanta"dan Edersonni olib keldi. Bu — yarim himoya uchun birinchi qadam. Biroq Manuel Ugarte jiddiy tizzadan olgan jarohati fonida klub kamida yana ikki markaziy yarim himoyachini "Old Trafford"ga olib kelishni rejalashtiryapti.
Shu fon’da Adamsning nomi mantiqan mos tushadi. U Premyer-ligada sinalgan, yoshi nisbatan yosh, tajribasi esa yuqori bosqichlarda to‘plangan. Uning pozitsion o‘yinidagi intizomi, pressingdagi agressivligi va to‘pni qaytarishdagi qat’iyati uni Casemiro uchun tabiiy voris sifatida ko‘rsatadi.
Narx masalasi esa hozircha qorong‘i. "Bournemouth" o‘z tarixida ilk bor Yevropa musobaqalarida qatnashishga hozirlanar ekan, asosiy tayanch futbolchilaridan birini osonlikcha qo‘yib yuborishga rozi bo‘lishi qiyin. Klubning muzokaradagi pozitsiyasi kuchli bo‘ladi, bu aniq.
To‘g‘ri profil, lekin tribunalar hayajonlanadimi?
Adamsning o‘yin uslubi "United" qidirayotgan profilga juda yaqin: yugurish masofasi ulkan, pressingda tinmaydi, to‘p uchun kurashda ortga chekinmaydi. Bunday futbolchi har qanday murabbiy uchun ishonchli qurol.
Transfer bozoridagi realiyalarga qarasak, u avvalgi nishonlarga qaraganda ancha arzonroq tushishi kutiladigan nomzodlardan. Bu esa INEOS uchun moliyaviy jihatdan jozibali variant.
Ammo bu yerda bitta savol turibdi: "Old Trafford" tribunalarini bu ism hayajonga soladimi?
Elliot Anderson va Mateus Fernandes kabi yirik, sarlavhalarni larzaga keltiradigan nomlardan so‘ng Tyler Adams biroz "pastroq daraja"dek ko‘rinishi tabiiy. U superyulduz emas, balki murakkab tizimni muvozanatlashtiradigan, ko‘p ishni ko‘zga tashlanmasdan bajaradigan ishchi otga o‘xshaydi.
To‘g‘ri narxga bu juda oqilona biznes bo‘lishi mumkin. Lekin bu transferni haqiqiy muvaffaqiyatga aylantirish uchun "United" nafaqat maydonda, balki kommunikatsiyada ham aniq reja tuzishi kerak bo‘ladi: Adamsning kuchli tomonlarini to‘g‘ri ko‘rsatish, uni Casemirodan keyingi davrning markaziy figuralaridan biri sifatida talqin qilish, shubhalanuvchi muxlislarni ishontirish.
"Manchester United" hozir yulduz izlayaptimi yoki nihoyat funksional, tizimga mos, jamoani barqarorlashtiradigan futbolchilarga ustuvorlik beradimi? Tyler Adams bo‘yicha qaror aynan shu savolga beriladigan javobni ochib beradi.







