Manuel Ángel va David Jiménez: Real Madriddan keyingi hayot
Valdebebasda ular hanuz jon-jahdi bilan mashq qilmoqda. Lekin bitta haqiqatni ikkalasi ham yaxshi biladi: kelajak endi Real Madrid bilan bog‘liq emas.
Manuel Ángel va David Jiménez “La Fábrica” devorlari orasida jiddiy tayyorgarlikni davom ettirar ekan, ularni Ispaniyaning La Liga va Segunda klublari, shuningdek, boshqa Yevropa jamoalari diqqat bilan kuzatmoqda. Takliflar pishib yetilishini kutishmoqda. Shoshilishmayapti, lekin orqaga yo‘l ham qolmadi.
Klub esa o‘z hisob-kitobini allaqachon qilib bo‘lgan. Akademiya bitiruvchilaridan tushgan daromad 199 million yevroga yetdi, rekord yangilandi. Endi navbat – shu yozda allaqachon ketgan Jacobo Ortega ortidan yo‘lga tushishi kutilayotgan ikkilikda.
Shu boisdan ham Real Madrid ularni Castilla safidagi o‘rtoqlik va rasmiy uchrashuvlardan chetga olib qo‘ydi. Sabab oddiy: hal qiluvchi transfer arafasida istalgan jarohat hamma rejani buzishi mumkin. Ispaniyaning “AS” nashri xabariga ko‘ra, bu – aniq hisob-kitob bilan qilingan ehtiyot chorasi.
Manuel Ángel: o‘yinni boshqaradigan miya
Manuel Ángel o‘tgan yozdayoq ketish yoqasiga kelib qolgan edi. Uni bir nechta klub jiddiy ravishda qidirdi, eng qat’iyatlisi Levante bo‘ldi, Aston Villa ham ishga tushdi. Ammo u yana bir mavsum qolishni tanladi.
Bu qaror unga arzon tushmadi, lekin befoyda ham bo‘lmadi. O‘tgan mavsumda u Álvaro Arbeloa qo‘l ostida sardorlik bog‘ichini taqdi, keyin López de Lerma davrida ham maydonda mas’uliyat markazida bo‘ldi va yakunda asosiy jamoa bilan tobora ko‘proq vaqt o‘tkaza boshladi. Yettita o‘yin, atigi 129 daqiqa – lekin shu qisqa daqiqalar ham uning darajasi ancha yuqori ekanini ko‘rsatib berdi.
22 yosh. Bo‘yi 170 santimetr. Real Madrid akademiyasiga 2014 yilda kelgan. Arbeloa boshchiligidagi mashhur “trebl avlod”ining eng yorqin vakillaridan biri: Nico Paz, Gonzalo, Palacios, Jacobo Ramón bilan birga esga olinadigan ism. Arbeloaning o‘zi uni “o‘yinning yo‘nalishini butunlay o‘zgartirib yuboradigan futbolchi” deb ta’riflagan.
Jismonan katta emas, lekin markazni o‘z aql-idroki bilan egallab oladi. Ikki oyog‘ini ham birdek mohirona ishlatadi. Standart vaziyatlarda ba’zan o‘ng oyog‘i bilan, ba’zan chap oyog‘i bilan zarba beradi. Klub ichkarisida hazil ham yuradi: “O‘zi ham qaysi oyog‘i yetakchi ekanini bilmaydi!”
Valdebebasdagi 12 yillik yo‘l yakuniga yaqinlashmoqda. Endi unga bo‘lgan qiziqishlar rasmiy takliflarga aylanishi, u esa karerasida yangi bob ochishi kutilmoqda. Akademiya uchun – yana bir katta transfer. O‘zi uchun – nihoyat katta sahnaga to‘liq chiqish fursati.
David Jiménez: Arbeloaning o‘ng qo‘li
Agar Manuel Ángel – o‘yin miyasi bo‘lsa, David Jiménez – shu avlodning o‘ng qanotdagi qo‘li, aniqrog‘i, qo‘li va oyog‘i.
U ham o‘sha trebl mavsumining ajralmas qismi bo‘lgan. O‘sha yili deyarli 20 ta golli uzatmaga yaqin ko‘rsatkich qayd etdi – bu himoyachi uchun emas, ko‘pincha hujumchi uchun ham katta raqam. Valdebebasda ko‘pchilik uni maydondagi “Arbeloaning o‘ng qo‘li” deb ataydi va “akademiyadagi eng zo‘r o‘ng oyoq” deb hisoblaydi.
Bu tasodifiy maqtov emas. U klassik hujumkor full-back: raqib maydon yarmida doimiy xavf, standart vaziyatlarning bosh ijrochisi, to‘p bilan yarim himoyachiga xos xotirjamlikda muomala qiladi. Akademiya ichida uning o‘yinini qisqacha shunday ta’riflashadi: “Oldinga butun kuchi bilan yorib chiqadi, yetakchi xarakteriga ega va Carvajalga o‘xshash texnik uslubga ega”.
Xarakteri ham Arbeloaniki bilan uyg‘un: qat’iyatli, talabchan, maydonda ham, kiyinish xonasida ham o‘z so‘ziga ega. Bolaligida unga qoyil qolgan, keyin esa aynan o‘sha inson – eng katta himoyachilaridan biriga aylangan.
2004 yilda tug‘ilgan, akademiyaga 2013 yilda qo‘shilgan. Bo‘yi 1,70 metr. O‘tgan mavsumdagi so‘nggi 153 daqiqasini asosiy jamoa bilan o‘tkazdi, shundan 91 daqiqasi Xabi Alonso qo‘l ostida. Shu qisqa vaqt ichida ham murabbiylar shtabida o‘chmas taassurot qoldirdi.
Endi u ham Real Madrid “pufagi”dan tashqariga chiqishga tayyor. Yetarlicha tajriba to‘plagan, o‘ziga bo‘lgan ishonch ham, bozorida qiziqish ham bor. Faqat bir uchqun yetishmayapti. Valdebebasda ko‘pchilik bu uchqun yaqin orada alangalashiga ishonadi.
200 millionlik yoz: “La Fábrica” tarixiy savdo markaziga aylandi
Manuel Ángel va David Jiménez transferlari yakunlansa, Real Madrid akademiyasidan tushgan daromad 200 million yevro chegarasini yorib o‘tadi. Jacobo Ortega uchun kelgan 10 million yevro klub kassasini allaqachon 199 milliondan oshirib qo‘ydi, endi esa raqam yanada kattalashishi aniq.
Valdebebasda bu yozni “tarixiy” deb atashgani bejiz emas. Bu bashorat endi raqamlar bilan tasdiqlanmoqda. Klub ko‘plab sobiq akademiyachilar bo‘yicha kelajakdagi sotuvlardan ham ulush saqlab qolgan – bu esa iqtisodiy modelning qanchalik uzoqni ko‘zlashini ko‘rsatadi.
Hozirgacha ketgan futbolchilar ro‘yxati o‘ziyoq bu yozning ko‘lamini ochib beradi: Nico Paz (60 million yevro), Gonzalo (40 million yevro), Víctor Muñoz (20,5 million yevro), Gila (15 million yevro), Álvaro Rodríguez (12,5 million yevro), Álex Jiménez (12,5 million yevro), Palacios (10 million yevro), Jacobo Ortega (10 million yevro), Fran García (4 million yevro), Mario Martín (3 million yevro) va Fran González (3 million yevro). Yana Sisteró, Yáñez va Juan Martínez kabi nomlarga ham jiddiy qiziqish bor.
Bu – oddiy akademiya emas, o‘zini o‘zi moliyalashtirayotgan, katta klub transfer strategiyasining markaziga aylangan tizim. Har bir bitim yangi rekordni yaqinlashtiradi, har bir ketayotgan yosh yulduz esa “La Fábrica”ning navbatdagi ishini yakunlab, yangi loyihaga joy bo‘shatadi.
Manuel Ángel va David Jiménez uchun esa bu yoz nafaqat statistik rekordlar qismida, balki butun kareralarini qayta belgilab beradigan burilish nuqtasi bo‘lib qolishi mumkin. Savol bitta: ular Real Madriddan tashqarida ham Valdebebasda va’da qilingan darajaga chiqadimi – yoki bu yoz ularning haqiqiy sinoviga aylanadimi?







