UZB SPort

Marokashdagi inqiroz majlisi: Infantino kechirim so‘radi

Rabatdagi favqulodda yig‘ilish Gianni Infantino uchun sinov emas, omon qolish jangiga aylandi. FIFA prezidenti o‘zining eng bahsli tashabbuslaridan biri – Jahon chempionati tijorat ulushlarini xususiy investorlar qo‘liga topshirish rejasidan rasman voz kechdi va ochiqchasiga uzr so‘rashga majbur bo‘ldi. Ammo u kursisini ham saqlab qoldi.

FFE loyihasi va ichki “fuqarolar urushi”

Mo‘rtlashgan vaziyatning markazida FIFA Forward Enterprise (FFE) deb nomlangan loyiha turibdi. Reja sodda, ammo xavfli edi: turnir ulushlarini xususiy kapitalga sotish, Jahon chempionati atrofidagi moliyaviy tuzilmani tubdan o‘zgartirish.

Natija esa darhol sezildi. Tashkilot ichida keskin bo‘linish, yuqori darajadagi amaldorlar o‘rtasida ochiq qarama-qarshilik, futbol siyosatida kamdan-kam uchraydigan darajadagi qarshilik to‘lqini. Eng og‘ir zarbani esa Yevropa berdi.

UEFA yetakchi assotsiatsiyalar bilan birga ochiq isyon ko‘tardi. Gap faqat norozilik bayonotlarida emas edi – agar loyiha tasdiqlansa, FIFA musobaqalarini to‘liq boykot qilish tahdidi stol ustiga qo‘yildi. Bu allaqachon siyosiy o‘yin emas, futbol boshqaruvida hokimiyat uchun kurashga aylandi.

Shu bosim ostida Infantino orqaga chekindi.

Rasman uzr, norasmiy achchiq haqiqat

Chorshanba oqshomi tarqatilgan qo‘shma bayonotda Gianni Infantino va FIFA bosh kotibi Mattias Grafström jarayon noto‘g‘ri boshqarilganini tan oldi.

“Haqiqatan ham FFE tashkil etilishi bo‘yicha taklif jarayonida xatolar yo‘l qo‘yildi”, deyiladi xatda. “FIFA Kengashi va FIFA a’zo assotsiatsiyalari o‘zini jarayondan chetda qolgandek his qilmasligi kerak edi, bu boshqacha olib borilishi lozim edi”.

Taklif matbuotga sizdirilgach, vaziyat yanada keskinlashgani ham ochiq tan olindi: “Taklif matbuotga chiqqanidan keyin ham xatolar qilindi. Biz bu xatolar uchun chin dildan uzr so‘raymiz va bunday holat takrorlanmasligiga va’da beramiz. Shu maqsadda zarur ko‘rib chiqish o‘tkazamiz va hisobot navbatdagi yig‘ilishda FIFA Kengashiga taqdim etiladi”.

Grafströmning o‘zi ichki xatlarda loyihani “achinarli va qoralashga arzigulik” deb baholagani ma’lum bo‘lgan edi. Shunga qaramay, Marokashdagi majlisdan chiqqan rasmiy bayonot boshqa ohangda – birdamlik va qayta tiklangan ishonch tasviriga ega bo‘ldi.

Unda shunday satrlar bor: “Aniqlik kiritish uchun aytamiz, FIFA Bosh kotibi va yig‘ilishda ishtirok etgan Boshqaruv kengashi a’zolari 211 FIFA a’zo assotsiatsiyasi tomonidan saylangan yagona rasmiy shaxs sifatida FIFA Prezidenti Gianni Infantinoga to‘liq qo‘llab-quvvatlovini yana bir bor tasdiqlaydi”.

Yig‘ilishda prezident, bosh kotib va boshqaruv organlari o‘rtasidagi jarayonlar va muloqotni samaradorlik va tezkorlik nuqtai nazaridan yaxshilash zarurligi ham tilga olindi. Bayonot yakunida esa ishonch ohangi ustun: bugungi uchrashuv natijalari FIFA boshqaruvini mustahkamlashi, tashkilotga bo‘lgan ishonchni tiklashga yordam berishi va oldinda turgan yirik musobaqalar hamda sinovlarga “birlashgan va shaffof tarzda” tayyorgarlik ko‘rish imkonini berishi qayd etildi.

Qog‘ozda – birlik. Ammo stadion tashqarisidagi kayfiyat boshqacha.

Marokashga va’da qilingan final?

Rabatdagi muzokaralar faqat uzr va bayonotlar bilan cheklanmagani haqida xabarlar tarqaldi. Infantino o‘z mavqeini mustahkamlash uchun kelajakdagi turnirlar atrofida siyosiy manevrga o‘tgani aytilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, u Marokashga juda jozibali taklif bergan: 2030 yilgi Jahon chempionati finalini bu mamlakatga olib kelish evaziga ularning ochiq, baland pardali qo‘llab-quvvatlashini so‘ragan. Rasmiy tasdiq yo‘q, ammo bunday ma’lumotlar fonida Rabatdagi “birlik” manzarasi yanada siyosiy tus oladi.

Bu savolni o‘rtaga tashlaydi: FIFA ichidagi ishonch haqiqatan ham qayta tiklanyaptimi yoki turnirlar geografiyasi endi siyosiy savdolashuv maydoniga aylanib boryaptimi?

Figo zarbasi: “Infantino must go”

FIFA ichida himoya halqasi yopilayotgandek ko‘rinsa-da, tashqarida qarama-qarshi kayfiyat kuchaymoqda. Ayniqsa, Yevropa futbol elitasida.

Real Madrid va Portugaliya afsonasi, hozirda UEFA maslahatchisi sifatida ishlayotgan Luis Figo keskin chiqish qildi. U Infantino xatti-harakatlarini ayovsiz tanqid ostiga oldi va birgina jumla bilan butun bahsni kesib tashladi.

“Men FIFAdagi muammolar haqida 10 000 so‘z yozishim mumkin. Lekin yechim atigi uch so‘zdan iborat: Infantino must go”, – dedi Figo.

Bu gaplar nafaqat shaxsiy fikr. Bu Yevropa futbolida to‘plangan norozilik, charchoq va ishonchsizlikning jamlanma ifodasi. FFE atrofidagi mojaro – faqat so‘nggi tomchi bo‘lib ko‘rinmoqda.

Kursi saqlab qolingan prezident, lekin chiziq qayerda?

Bugun Gianni Infantino siyosiy jihatdan og‘ir zarbadan keyin ham FIFA tepasida o‘tiribdi. U kechirim so‘radi, rejani qaytarib oldi, ichki doiradan ochiq qo‘llab-quvvatlov oldi. Formal jihatdan u g‘olibdek.

Ammo savol boshqa joyda: futbol olami bu kechirimni qabul qiladimi? Yevropa gigantlari bilan ochiq to‘qnashuv, FIFA ichida “fuqarolar urushi”ga teng mojaro, Marokashga bog‘langan final haqidagi xabarlar – bularning bari prezident atrofidagi ishonch halqasini yemirib boryapti.

Rabatdagi majlis Infantino uchun vaqt yutdi. Lekin bu vaqt uni qutqaradimi yoki faqat keyingi zarbaga tayyorlanish uchungina berilgan tanaffusmi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling