Martin Odegaard qaytmoqda: Arsenalning yangi mavsumi
Martin Odegaard bo‘sh hududga “g‘oyib bo‘lib” kirib bordi, Gianluigi Donnarumma qarshisida to‘xtab, uni yiqitib qo‘ygandek holatga solib, zarbani burchakka yo‘lladi. To‘p to‘rni topgan paytga kelib, Cardiffdagi Community Shield amalda hal bo‘lgandi.
Ikkinchi bo‘lim endigina boshlangandi. Arsenal esa allaqachon 3:0 hisobida oldinga o‘tib bo‘lgandi. Yakuniy natija ham shu bo‘ldi. Kapitan yana kubok ko‘tardi, yana qizil-oq libosda, yana baland sahnada.
Ha, bu faqat Community Shield. Statistikaga ishonganlar uchun bir eslatma: 2018/19 mavsumidan beri hech bir jamoa bu sovrinni qo‘lga kiritib, keyin Premier League chempioni bo‘la olmagan. Lekin yozgi tayyorgarlikning ilk ishoralari bir narsani aniq ko‘rsatmoqda – Odegaard bu safar mavsumni tomoshabin sifatida emas, bosh rol ijrochisi sifatida o‘tkazishga kelgan.
Og‘ir mavsumdan so‘ng – yana markazda
27 yoshli norvegiyalik klub tarixida o‘z o‘rnini allaqachon mustahkamlab ulgurgan. U – 22 yillik tanaffusdan so‘ng may oyida Premier League kubogini ko‘targan Arsenal sardori. Ammo shaxsiy karerasi nuqtai nazaridan o‘tgan mavsum uning uchun og‘ir kechdi.
Tizzadagi va yelkasidagi muammolar uni butun kampaniya davomida ta’qib qildi. U ligadagi atigi 16ta uchrashuvda asosiy tarkibda maydonga tushdi. Barcha musobaqalarni qo‘shib hisoblaganda 36ta o‘yinda atigi bitta gol. Kapitan uchun juda kam.
Shu fon’da tarkib atrofida savollar paydo bo‘ldi. Eberechi Eze uning o‘rnini egallashi kerakmi? Kapitanlik bog‘ichi Declan Rice qo‘liga o‘tishi kerakmi? Bular shunchaki tribunadagi shovqin emasdi, balki real bahs-munozaralarga aylangan fikrlar edi.
Mikel Arteta esa Community Shielddan so‘ng bitta nuqtani alohida urg‘uladi: Odegaardning ritmiga jarohatlar zarba berdi.
Murabbiy buni ochiq aytdi: u besh-olti oy turli muammolar bilan kurashgan, bu esa uni bir maromda o‘ynashdan mahrum qilgan. Arteta ishonch bilan gapirdi – agar jamoa kapitanini sog‘lom saqlab qola olsa, butunlay boshqa Martinni ko‘rishadi.
Transferlar kutilayotganda topilgan ichki yechim
Arsenal yoz bo‘yi hujumni kuchaytirish yo‘lini izlamoqda. Klub bir necha mavsumdan beri orzu qilib kelayotgan elit chap qanot futbolchisini hanuz topgani yo‘q. Morgan Rogers o‘tdi, Vinicius Jr varianti amalga oshmadi, bozor torayib bormoqda. “Yulduz” darajasidagi nomlar tobora kamaymoqda, aniq nom esa yo‘q.
Shu sharoitda eng katta o‘zgarish tashqaridan emas, ichkaridan kelishi mumkin. Hozirgi Arsenal hujumini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan asosiy omil – Odegaardning o‘zi. To‘liq sog‘lom, ritmda, ishtiyoq bilan.
Bunga uning o‘zi ham muhtoj. Shartnomasining so‘nggi ikki yili boshlandi, demak, bu davr karerasidagi eng yirik va uzoq muddatli bitimni qo‘lga kiritish uchun hal qiluvchi bo‘lim bo‘lishi mumkin.
Kapitan bu og‘riqli davrni yashirmaydi. Ko‘plab o‘yinlarni o‘tkazib yuborish uni ich-ichidan yeganini aytadi, lekin aynan shu alamni qaytishga turtki sifatida qabul qilganini ham ta’kidlaydi. U endi maydonga chiqishni emas, maydonda hukmronlik qilishni xohlaydi.
Cardiffdagi signal: eski Martin qaytyaptimi?
Community Shielddagi goli – shunchaki chiroyli epizod emasdi. Bu butun o‘yindagi ta’sirining mantiqiy yakuni bo‘ldi. Odegaard nafaqat uchinchi golni kiritdi, balki ikkinchi golga ham bevosita hissa qo‘shdi – uning jarima maydoniga yo‘llagan yumshoq, ammo aniq uzatmasi City mudofaasini yorib o‘tdi va hisob kengayishiga sabab bo‘ldi.
O‘tgan mavsumda u ko‘pincha bir qadam kechikayotgandek ko‘rinardi. To‘qnashuvlarga borishda ikkilanardi, bu esa bir necha bor jarohat olgan futbolchi uchun tabiiy ehtiyotkorlik edi. Cardiffda esa boshqa Odegaardni ko‘rdik: kuchliroq, dadilroq, agressivroq.
U yakshanba kungi uchrashuvda yettita yakkakurashning beshtasida g‘olib chiqdi, maydonda hech kim undan ko‘proq to‘pni qaytarib olmadi. Bu raqamlar uning o‘yindagi kayfiyatini juda aniq ko‘rsatib turibdi – u nafaqat ijodkor, balki pressing va kurashda ham yetakchi bo‘lishga qaytmoqda.
Norvegiyalik Qatar’dagi jahon chempionatidan so‘ng ham shu ohangda davom etmoqda. Turnirda undan ko‘proq golli uzatma bergan yagona futbolchi – Michael Olise bo‘lgandi. Uch haftalik tanaffus, oila davrasida o‘tgan dam olish, so‘ngra pre-seasonga to‘liq diqqat – bularning barchasi uni qayta yig‘ib berdi.
O‘zi ham tan oldi: o‘tgan yil “eng og‘ir mavsumlardan biri” bo‘lgan, maydondan uzoqda o‘tirish esa futbolchi uchun eng yomon holat. “G‘alati” jarohatlar, omadsizlik, lekin yakunda – chempionlik, yaxshi o‘tkazilgan jahon chempionati va nihoyat haqiqiy dam olish. Endi u o‘zini yengil va tayyor his qilmoqda.
Arteta esa uni bazaga qaytgan ilk kundanoq boshqacha ko‘rganini aytadi. Unga ko‘ra, Odegaard ichida nimanidir isbotlash istagi yana alangalanibdi – bu esa nafaqat o‘zi, balki butun jamoa uchun zarur.
Yangi sheriklar, eski rol – ammo yuqori tezlikda
Odegaard pre-seasondagi ilk o‘yinini atigi bir hafta avval o‘tkazdi. Borussia Dortmundga qarshi 30 daqiqa maydonda bo‘ldi va shu qisqa fursat ichida ikkita yorib kiruvchi pas bilan nemislar mudofaasini teshib o‘tdi. Ritmga kirish uchun ko‘proq vaqt kerak bo‘lishi mumkin edi, ammo u allaqachon tezlikni topgandek.
Yozgi transferlar orasida Bruno Guimaraesning kelishi ham muhim omil. Endi Arsenal markazda to‘p bilan yanada sifatliroq muomala qila oladi. Chuqurroq zonalardan Odegaardga yo‘llanadigan keskin, chiziqlar orasini topadigan paslar ko‘payishi kutilmoqda. Bu esa uning eng kuchli qurolini – yakunlovchi uzatmalar va yarim fazolardagi ijodkorlikni maksimal darajada ishga soladi.
O‘tgan mavsumdagi chempionlik, asosan, mudofaa barqarorligiga tayanib qurilgandi. Jamoada elit darajadagi markaziy hujumchi yo‘q edi, qanotdagilar esa butun mavsum davomida bir xil barqarorlikni ushlab tura olishmadi. Shunga qaramay, bu yetarli bo‘ldi.
Endi yozda hujum chizig‘iga “yulduz” darajasida transfer bo‘lmagani fonida, Arsenal uchun eng real yo‘l – mavjud futbolchilardan ko‘proq foyda olish. Bu, ayniqsa, Bukayo Saka uchun haqiqat. Arteta uning to‘piqdagi muammolarini ortda qoldirganini aytmoqda. Chap qanotda esa Christos Tzolis allaqachon yangilanish ramziga aylanib ulgurdi, u bu pozitsiyada darhol kuchayish bo‘lib ko‘rinmoqda.
Raqamlar yolg‘on gapirmaydi
Odegaard o‘zining eng yaxshi ko‘rinishida bu hujumni butunlay boshqa darajaga olib chiqishi mumkin. 2022/23 mavsumida u faqat Premier Leagueda 15ta gol urdi va 7ta golli uzatma berdi. Keyingi yili – 8 gol va 11 assist. Bu raqamlar uning nafaqat ijodkor, balki yakunlovchi sifatida ham qanchalik xavfli ekanini ko‘rsatadi.
Keyingi mavsumda to‘piqdagi muammo uning sur’atini sekinlashtirdi, so‘nggi yillarda jarohatlar mavzusi muntazam takrorlanadigan sarlavhaga aylandi. Ritm – uning uchun eng katta yo‘qotish bo‘ldi.
Community Shield esa shuni ko‘rsatdi: u yana o‘sha darajaga qaytishga tayyor. Faqat texnik jihatdan emas, jismoniy holati, pressingdagi ishlari, qaror qabul qilish tezligi bilan ham.
U allaqachon Arsenalni kapitan sifatida chempionlikka olib chiqqan. Endi savol boshqacha: u buni yana bir bor, ammo bu safar yanada katta ijodkorlik yukini ko‘tarib, hujumning yuragi sifatida qila oladimi?
Javobni bu mavsum beradi. Cardiff esa shunchaki ogohlantirish bo‘ldi – Martin Odegaard yana kelmoqda. Va bu safar uni to‘xtatish ancha qiyin bo‘lishi mumkin.







