Mateusz Gamrot: Benoit xato qildi, Paddy esa jazoladi
UFC yengil vazn toifasida raqobat qizib bormoqda, lekin Mateusz Gamrotning nazarida UFC 329 kechasidagi shov-shuvli bo‘g‘ish birgina xatodan tug‘ilgan edi. Uningcha, Paddy Pimblett Benoit Saint Denis ustidan g‘alabani tortib olmadi – uni ushlab oldi.
UFC 329 ko-main jangida hammasi bir daqiqaga ham yetmadi. Atigi 52 soniya. Saint Denis oldinga otilib, oyoqlarga zarba berishga tushdi, lekin bo‘ynini ochiq qoldirdi. Pimblett esa bunday sovg‘ani qo‘yib yuboradiganlardan emas. D’Arce ushlashini chaqqonlik bilan qamab, fransiyalikni uxlatib qo‘ydi.
Gamrotning ko‘zi bilan qaralsa, bu texnik mahoratdan ko‘ra, taktik halokat edi.
U Full Send MMA’ga bergan intervyusida shunday deydi: Saint Denisning zarbaga kirishi yomon emasdi, lekin bo‘yni “jirafanikidek baland” ochilib qoldi. Gamrotning tahliliga ko‘ra, aynan shunda hammasi hal bo‘lgan: raqib oyoqlarni ushladi, boshni ham nazoratga oldi va bo‘g‘ishga o‘tdi. Natija hammaga ma’lum.
Gamrot baribir bir jihotni tan oladi: Pimblett imkoniyatni zo‘r darajada ishlatdi. Ammo u ishonch bilan aytadi – agar Saint Denis boshqa rejaga yopishganida, jang butunlay boshqacha ko‘rinishda kechishi mumkin edi.
Salkilld – to‘siqmi yoki tramplin?
Endi Gamrotning o‘zi navbatdagi sinovga tayyorlanmoqda. U UFC Fight Night 284 galasining asosiy jangida Quillan Salkilld bilan to‘qnash keladi. Joy – Meta APEX, translatsiya esa Paramount+ orqali.
Salkilld – raqamlar tilida tez ko‘tarilayotgan nomzod: 12-1 umumiy rekord, UFC’da 5-0. Raqib yengil emas, lekin Gamrot uchun bu jang faqat reyting masalasi emas. Bu – orzusidagi duelga olib boradigan yo‘l.
U ochiq aytadi: ko‘p vaqtdan beri Pimblett bilan jang qilishni xohlaydi. Hozircha esa barcha e’tibor Salkilldga qaratilgan, chunki birgina xato bu rejalarning barchasini buzishi mumkin. Lekin ich-ichida u allaqachon keyngi sahifani tasavvur qilib qo‘ygan.
Gamrotning fikricha, Pimblett bilan bo‘ladigan ehtimoliy jang nafaqat shaxsiy adovatni davom ettiradi, balki uslublar to‘qnashuvi sifatida ham tomoshabinlarni tortadi. Ularning oxirgi jangi ortidan kelib chiqqan “beef” ham bu qarama-qarshilikni yanada qiziqarli qiladi.
Savol bitta: Gamrot avval Salkilld to‘sig‘ini buzib o‘ta oladimi? Chunki Pimblett bilan katta sahnadagi jangga eshik aynan shu kechada ochilishi yoki butunlay yopilishi mumkin.







