Mika Hakkinen: O‘limdan Qaytgan Chempionning Ichki Kurashi
Mika Hakkinen: o‘lim yoqasidan qaytgan chempionning ichki kurashi
1995-yil Adelaide. Avstraliya Gran-prisi saralash bahslari. Bir lahza – va ikki karra Formula 1 chempioni bo‘lishi kerak bo‘lgan haydovchining butun hayoti havoda aylanib uchib ketadi.
Mika Hakkinen o‘sha kuni shunchaki tez aylanma doira izlamayotgan edi, u cheklovlarni sinayotgan edi. Brewery Corner chiqishida mashina yonboshlagan payt, kerb ustidan sakrab osmonga ko‘tarilganida, u nima bo‘layotganini juda aniq tushundi.
“Shu onda bildim – bu juda katta urilish bo‘ladi”, – deb eslaydi u.
Pichoqday kesuvchi tezlik, shishgan shina, nazoratdan chiqqan McLaren. Mashina to‘xtamaydi. Himoya to‘siqlari yaqinlashib keladi. Korpus havoda aylanadi, vaqt cho‘zilgandek bo‘ladi. Odatda poygachi devorga urilishni kutib, rulni qattiq ushlaydi, mushaklarini taranglashtiradi. Hakkinen esa buni uddalay olmadi.
U qo‘lini, oyog‘ini qimirlatishga urinadi. Hech narsa. Tanasi unga bo‘ysunmaydi.
Keyingi lahzada yonida paydo bo‘lgan odam unga faqat bitta narsa deydi: tinchlan, hech narsa qilma. So‘ngra “chiroqlar o‘chiriladi”.
Urilish oqibati dahshatli bo‘ldi: bosh suyagi sinishi, ichki qon ketishi, nafas yo‘lining to‘silib qolishi. Poyga trassasidagi tibbiy brigada – Formula 1 xavfsizlik va tibbiy delegati Sid Watkins, shuningdek, ko‘ngilli shifokorlar Jerome Cockings va Steve Lewis – o‘sha kuni haqiqiy mo‘jiza yaratdi.
Cockings trassa chetida shoshilinch traxeotomiya o‘tkazdi. Bu qaror Hakkinen hayotini saqlab qoldi.
Mika keyngi qariyb ikki oyini shifoxonada o‘tkazdi. O‘sha paytdagi xotiralari hamon o‘tkir.
U hushiga kelgan ilk paytlarni eslab, tabassum bilan gapiradi. Birinchi ko‘rgan odam – Ron Dennisning rafiqasi Lisa Dennis. Kuchli dori ta’siri ostida yotgan poygachi o‘zini osmonda yurgandek his qiladi. So‘ng chap tomonga qaraydi – Ron Dennis turibdi.
“Shunda o‘yladim: yo‘q, bu osmon emas”, – deya kulib qo‘shib qo‘yadi u.
Hazil ortida esa o‘sha paytdagi ruhiy og‘irlik yashiringan edi.
Shunga qaramay, og‘ir bosh jarohatiga qaramasdan, oradan bir necha oy o‘tib, u yana Formula 1 bolidini sinovlarda hayday boshlaydi. Tashqi tomondan bu “afsonaviy qaytish”dek ko‘rinadi. Ammo uning o‘zi tan oladi: qaror qabul qilish oson bo‘lmagan.
Bu shunchaki “paddock”ga qaytish emasdi. Bu hayot yo‘lini tanlash edi.
“Bu qaror onlari eng murakkablaridan biri”, – deydi Hakkinen. – “Oson yo‘l ham bor edi: hayotni boshqa tomonga burish, avtohalokatni ortda qoldirish, motor sportini unutish”.
Eng og‘iri – bu yo‘lni hech kim sening o‘rningga tanlab bermaydi. Trassa, shifokorlar, jamoa, muxlislar – hammasi chetda. Qarorni faqat u o‘zi qabul qilishi kerak edi.
Miya esa tinmay savol beradi: bir necha oy oldin o‘lim bilan yuzma-yuz kelding, yana shu ishga qaytmoqchimisan? Shunday xavfga yana bosh suqishga arziydimi?
Oxir-oqibat, javobni uning ichidagi ehtiros berdi.
Motor sporti – Hakkinen uchun shunchaki ish emas. Bu tezlikni boshqarish, Formula 1 bolidining cheksiz qudratini jilovlash, injenerlar va mexaniklar bilan mukammal uyg‘unlikda ishlash demak. U shu hissiyot uchun yashaydi.
U qaytishga qaror qildi. Buni yoshlik, ego, o‘zini yana isbotlash istagi bilan izohlaydi. “Ha, men buni qila olaman”, degan ichki qichqiriq uni yana kokpitga qaytardi.
Ammo u bu qarorni romantik sarguzasht sifatida tasvirlamaydi. Qaytish – bu avvalo ong ustida olib borilgan og‘ir mehnat.
Avtohalokatdan keyin yana mashina ruliga o‘tirganingda, fikrni boshqarish kerak. Qo‘rquvni siqib chiqarish kerak. U biladi: halokatlar yana bo‘ladi. Bu sportning bir qismi. Ammo ular haqidagi dahshat, falokatni takror ko‘rish qo‘rquvi seni boshqarib qolmasligi kerak.
Hakkinen aynan shuni yengdi. Shundan keyin u ikki karra jahon chempioniga aylandi – lekin Adelaide trassasidagi o‘sha kun uning karerasini emas, avvalo inson sifatidagi qat’iyatini belgilab berdi.
Savol esa hanuz dolzarb: bugungi avlod poygachilari shu darajadagi xavf bilan yuzlashsa, shunday qarorni qabul qilishga jur’at topa oladimi?







