Milan Diego Moreira uchun yangi davr ramzi
“San Siro”da yangi davr ramzi: Milan Diego Moreira uchun katta qadam tashladi
“San Siro” atrofida havoda o‘ziga xos hayajon bor. “Milan” nihoyat hujum chizig‘iga kutilgan zarbani berishga yaqinlashyapti va nishonda – “Strasbourg” qanot hujumchisi Diego Moreira.
Avvalroq “Roma” belgiyalik iste’dod uchun jiddiy kurashga tushgani, “Chelsea” esa poygadan chekingani haqida xabarlar chiqqan edi. Endi esa vaziyat aniqroq ko‘rinish oldi: “La Gazzetta dello Sport” ma’lumotiga ko‘ra, “Milan” Moreira transferi bo‘yicha “Strasbourg” bilan kelishuvga erishdi. Klub ichkarida bu operatsiyani uch-to‘rt kun ichida yopish rejasi turibdi. Ortga yo‘l yo‘q – bu transferni kutilmagan burilishlarsiz yakunlash niyatida.
Gap shunchaki navbatdagi yosh qanotchi haqida emas. “Milan” bu kelishuv uchun qariyb 45 million yevro to‘lashga tayyor. Bu – klubning bozor siyosati fonida juda jiddiy sarmoya. Bunday summa, ayniqsa Italiyada, darhol bir savolni tug‘diradi: bu yigit atrofida shuncha ishonch nimadan?
Javobni Ruben Amorim shaxsida ko‘rish mumkin. Portugaliyalik murabbiy ushbu transferning markazida turibdi. U egasi Gerry Cardinale bilan uchrashuvda kirib kelishi mumkin bo‘lgan futbolchilar haqida batafsil gaplashgan, o‘z falsafasini ochiq qo‘ygan: unga ishonchli 1x1 o‘yiniga ega futbolchilar kerak. Moreira aynan shunday profilga mos keladi. Dribling, tezlik, raqib bilan yakkama-yakka duelni yutish qobiliyati – Amorim tizimida bu fazilatlar asosiy qurolga aylanadi.
“Milan” ichida Moreira oddiy transfer emas, balki yangi davr ramzi sifatida ko‘rilmoqda. Klub rahbariyati belgiyalik qanotchi yaqin yillarda 45 million yevrodan ancha qimmat turishiga ishonch bildirayotgan bir paytda, bu kelishuv sportiy qaror bo‘lishi bilan birga moliyaviy strategiyaning ham bir bo‘ligi sifatida talqin qilinmoqda.
“Roma”ning qiziqishi, “Chelsea”ning chekinishi, “Milan”ning esa bosimni oshirib, kelishuvni yakunlashga yaqinlashgani – bularning barchasi Diego Moreira atrofida shakllanayotgan hikoyaning fonidir. Endi asosiy savol bitta: “San Siro”ga kelishi kutilayotgan bu yigit “rossoneri”ning yangi yuziga aylanadimi yoki 45 million yevrolik tavakkalning navbatdagi sinoviga?







