Mitchell Dijksning 104 kilo bo‘lib ketganligi haqidagi kutilmagan iqrorlar
Mitchell Dijks: “104 kilo bo‘lib ketdim” – sobiq Ajax himoyachisining kutilmagan iqrorlari
Transfer oynasining so‘nggi kunida studiyada odatda agentlar, murabbiylar va futbolchilarning ehtiyotkor gaplari yangraydi. ESPN’ning “Transfer Deadline Show” dasturida esa bir lahzaga barcha qoliplar buzildi. Mitchell Dijks mikrofon oldida niqobsiz o‘tirardi.
33 yoshli qanot himoyachisi Vetnamdagi davrini eslar ekan, kulguga ham, achinishga ham sabab bo‘ladigan raqamni tilga oldi. U Nam Dinh FC safida bo‘lgan paytida vazni keskin oshganini yashirmadi.
“Jismoniy holatimni sinab ko‘rayotgandim. Lekin bu unchalik ham yaxshi chiqmadi. 104 kilo bo‘lib ketdim. Odatda yaxshi formadamanda 92 kilo bo‘laman. Menda ancha kilo ortiqcha edi”, – deydi hozir klubsiz yurgan Dijks.
Studiyada qisqa jimlik. Boshlovchi Milan van Dongen eshitganlariga ishona olmaydi, Dijks hazillashyapti deb o‘ylaydi. Lekin sobiq Ajax, Vitesse va Fortuna Sittard chap qanot himoyachisi jilmayib qo‘yadi-yu, gapini qat’iy ohangda davom ettiradi: “Yo‘q, bu jiddiy. Rostdan ham ancha semirib ketgandim”.
Shu payt efirdagi ohang butunlay o‘zgaradi. Hamma kuladi, lekin kulgi ortida savol ham bor: professional futbolchi qanday qilib bunday holatga tushadi?
Hans Kraay junior ham hayratini yashirmaydi va eng sodda, lekin eng lo‘nda savolni beradi: Vetnamda aslida nima qilayotgan eding?
Dijks bu yerda ham hech narsani bo‘yab-ko‘rsatmaydi: “U yerda intensivlik ancha past. Lekin makaronni zo‘r qilishadi. O‘sha yerda juda yaxshi pasta yeysan. O‘yinda esa atigi yetti kilometr yugurasan”.
Bir necha jumla kifoya qildi – ijtimoiy tarmoqlar portladi. X’da kimdir qisqa, ammo og‘ir baho beradi: “Kulgu, lekin baribir achinarli, odam o‘z karerasini o‘zi yo‘q qilyapti”.
De Telegraaf jurnalisti Jeroen Kapteijns ham o‘z fikrini aytadi. U Dijksning ochiqligini qadrlaydi, lekin shubhasini ham yashirmaydi: “Bu rost va samimiy. Lekin hozir klub izlayotgan paytda bunday intervyu eng to‘g‘ri qarormi?”
Dijks esa o‘zini oqlashga urinmaydi, bahslashmaydi ham. U bo‘lib o‘tganini bo‘lganicha aytib berdi, xolos. Futbolda esa bunday darajadagi halollik kam uchraydi. Ayniqsa, bo‘sh agent bo‘lib, yangi shartnoma izlayotgan paytda.
33 yoshda u hali yakuniy nuqtani qo‘yishga shoshilmayapti. Gollandiyaga qaytish shart emas, deydi u. Yangi sarguzashtni yana Osiyoda tasavvur qilmoqda.
Savol esa shunday: keyingi klubini topguncha u o‘sha 92 kilolik “haqiqiy” Mitchell Dijksga qayta oladimi? Futbolda unga yana bir imkoniyat beriladimi yoki Vetnamdagi “pasta yillari” uning nomiga doimiy tamg‘a bo‘lib qoladimi?






