Monako Gran-prisidagi sud qarori: Alpine uchun zarba
Monakodagi bahs tugadi, sud esa natijani ag‘darib tashladi. Shunday qilib, podium ham butunlay ko‘rinish o‘zgartirdi.
McLaren va Red Bull Monako Gran-prisidagi pit-leyndagi tezlik oshirish bo‘yicha berilgan noto‘g‘ri jarimalar ustidan bergan apellyatsiyasida g‘alaba qozondi. Bu qaror Alpine uchun og‘ir zarbaga aylandi: Pierre Gasly apellyatsiyadan keyin qo‘lga kiritgan podiumini yana yo‘qotdi.
U poygada marrani uchinchi bo‘lib kesib o‘tgandi, keyin Alpine arizasi qanoatlantirilib, ikki marotaba berilgan besh soniyalik jarima bekor qilingach, rasmiy natijalarda ham uchinchi o‘ringa ko‘tarilgandi. Endi esa sud qarori bilan Gasly yana Monakodagi dastlabki rasmiy holatiga – yettinchi pog‘onaga qaytarildi.
Podium qayta chizildi
Natijalar endi boshqacha ko‘rinishda: Red Bull piloti Isack Hadjar uchinchi o‘ringa qaytdi, McLaren haydovchisi Oscar Piastri to‘rtinchi bo‘ldi. Racing Bulls duetidan Liam Lawson beshinchi, Arvid Lindblad esa oltinchi pog‘onaga ko‘tarildi.
Alpine bu vaziyatni og‘ir qabul qildi. Jamoa o‘z bayonotida o‘zini “nohaq jazolangan” deb hisoblashi, shunga qaramay Parijdagi tinglov natijasini tan olishini ma’lum qildi. Ularning asosiy dardi shunda ediki: Alpine boshqa jamoalardan farqli ravishda jarimalarni poyga davomida o‘tamasdan, ularni noto‘g‘ri qo‘llangan deb hisoblab, ishni sudga olib chiqqandi.
Ammo sudga ko‘ra, masala Gaslyning tezlikni oshirgan-oshirmaganida emas, mezonning o‘zgarmasligida edi.
77 santimetr atrofida aylangan bahs
Mojoro pit-leyndagi masofa o‘lchovi atrofida kelib chiqdi. Rasmiy ravishda qayd etilgan pit-leyndagi sektor uzunligi bilan haydovchi olishi mumkin bo‘lgan eng qisqa yo‘l o‘rtasida 77 santimetr farq borligi aniqlandi.
Alpine iyun oyidagi apellyatsiyada aynan shu nuqtaga tayanib, yangi o‘lchov bo‘yicha Gasly tezlik chegarasini buzmaganini isbotladi. Shuning uchun ham unga berilgan besh soniyalik jarimalar o‘sha paytda bekor qilingan edi.
McLaren bunga chiday olmadi. Jamoa sport adolatini va o‘z manfaatini himoya qilish uchun ishni xalqaro sudgacha olib bordi: Piastri shu vaziyat tufayli ikki ochkoni yo‘qotgan, besh soniyalik jarimani esa poyganing o‘zida ado etgan haydovchilardan biri bo‘lgandi.
Sudning asosiy tamoyili: mezon o‘zgarmaydi
Apellyatsiya sudi qarorini aniq prinsiplarga qurdi. Ularning talqiniga ko‘ra:
- Pit-leyndagi tezlik chegarasini o‘lchash vakolati F1 rasmiy vaqt o‘lchovchisiga berilgan, u bu cheklovni “tegishli vaqt sektori bo‘yicha o‘rtacha tezlik” orqali hisoblaydi, nafaqat bir zumlik ko‘rsatkich orqali.
- Barcha mashinalar uchun bir xil masofa qo‘llanishi shart.
- Poyga yakunlangach, bir haydovchi foydasiga “kalibrovka chizig‘i”ni o‘zgartirish sport adolatiga zid. Qisqaroq yo‘l topilgani, eski o‘lchov noto‘g‘ri bo‘lganini anglatmaydi.
- Pit-leyn uzunligi lenta bilan o‘lchangan, poyga haftaligi davomida mashg‘ulotlardan tortib, poyganing o‘ziga qadar aynan shu parametr qo‘llangan. Tashvishlar paydo bo‘lganda ham qayta tekshirilgan, ammo biror marta jamoalarga “boshqa masofa ishlatiladi” degan signal berilmagan.
Sudning qat’iy xulosasi shunday: bir marta belgilangan va barcha jamoalar mashinalarini shunga moslab sozlagan mezon poyga davomida ham, undan keyin ham o‘zgarmasligi kerak. Aks holda, reglamentga bo‘lgan ishonch yemiriladi.
Mercedes va yo‘qolgan ochkolar
Bu ish faqat Alpine va Gaslyga taalluqli emasdi. Pit-leyndagi tezlik jarimalari Mercedes uchun ham qimmatga tushdi. George Russell noto‘g‘ri tarzda jarimani o‘tagani uchun ochkolardan mahrum bo‘ldi.
Britaniyalik haydovchi Hadjar va Gaslydan oldinda ketayotgan bir pallada jarima oldi, keyingi boksga kirishda esa jamoa jarimani reglamentga muvofiq ado eta olmadi. Natijada u qo‘shimcha drive-through jazoga tortildi va 12-o‘ringa tushib ketdi. Mercedes ham o‘z ichki hisob-kitoblariga ko‘ra, Russell 60 km/soat chegarasini amalda oshirmaganini ta’kidlamoqda, ammo bu masala sud ko‘rib chiqqan do‘iraga kirmadi.
Apellyatsiya sudi ishini faqat bitta savol bilan chekladi: Gaslyga berilgan jarimani bekor qilish qarori to‘g‘rimi yoki yo‘qmi? Ferrari haydovchilari Lewis Hamilton, Russell yoki Piastri haqiqatan ham belgilangan mezon bo‘yicha tezlikni oshirganmi-yo‘qmi – bu tinglov mavzusi emas edi.
Alpine – ranjigan, lekin taslim emas
Natija Alpine uchun achchiq. Ular uchinchi o‘rin kubogini allaqachon Red Bull’ning Milton Keynesdagi bazasiga jo‘natganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, jamoa keyingi huquqiy qadamlarni o‘ylab ko‘rayotganini yashirmayapti.
Ularning amalda qolgan yagona jiddiy yo‘li – ishni Sport arbitraj sudi (CAS)ga olib chiqish. Ammo bu yo‘l uzoq, murakkab va poyga jadvali allaqachon keyingi Gran-prilarga siljib ketgan bir paytda, bu jangni davom ettirishga arziydimi?
Savol hozircha ochiq. Natijalar esa allaqachon qayta yozib bo‘lindi. F1 reglamenti esa bu safar qat’iylikni adolatdan ustun qo‘ydi. Yoki aksincha – aynan adolatni mezonning o‘zgarmasligida ko‘rdimi? Paddokda bahs hali tugagani yo‘q.






