UZB SPort

Montzada Ferrari ichidagi drama: Kim kimni yengadi?

Monzada allaqachon qaynab turibdi. Ferrari esa bu olovga o‘zi moy quyyapti.

Jamoa uy poygasiga Maykl Shumaxerga bag‘ishlangan yangilangan libos bilan keladi, tribunalar qizil dengizga aylanishga tayyor, raqobatchilarning holati esa Ferrariga g‘alaba uchun real imkoniyat berib turibdi. Ayniqsa, Mercedes yetakchisi Kimi Antonelli bu hafta start panjarasi jarimasini o‘tayotgan bir paytda.

Ammo Xuan Pablo Montoya uchun bu haftaning asosiy hikoyasi boshqa joyda – bir garaj ichida, ikkita mashina orasida.

“Bu yerda kim kimni yengsa – bu ulkan sharaf”

Sobiq Formula 1 uchuvchisi F1 TV’ning Weekend Warm-Up dasturida Monzada kutilayotgan manzarani shunday chizdi: bu hafta Ferrari ichida “katta drama” bo‘ladi.

“Ferrari bu yil mashina bilan juda yaxshi ish qildi”, – deydi Montoya. “Bu haftada jamoadoshlar o‘rtasida juda ko‘p drama ko‘ramiz, chunki bu yerda kim kimni yengsa, ular uchun bu ulkan sharaf, ayniqsa poygada g‘alaba qilish imkoniyati bo‘lsa”.

Ferrari old qator uchun kurashda Lando Norris va Mercedes uchuvchisi George Russell bilan yuzma-yuz turishi kutilmoqda. Antonellining jarimasi fonida Maranello jamoasi uy poygasida g‘alabaga eng yaqin kunlaridan birini qo‘lga kiritgan.

Ammo bu imkoniyat Hamilton va Charles Leclerc o‘rtasidagi ichki jangni yanada keskinlashtirishi aniq.

Zandvortdagi buyruqsiz jangning davomimi?

Yaqinda bo‘lib o‘tgan Niderlandiya Gran-prisida Ferrari jiddiy tanqidga uchragan edi. Sabab bitta: jamoa jamoviy buyruq bermadi, natijada Lewis Hamiltonning radiodan noroziliklari ketma-ket yangradi. Yetti karra chempion keyinroq bu chiqishlari uchun mas’uliyatni o‘zi zimmasiga oldi va o‘sha kuni o‘zining eng yaxshi ko‘rinishini namoyish eta olmaganini tan oldi.

Montoya esa bu bayonotni boshqa ko‘z bilan ko‘ryapti.

“U o‘yinni to‘g‘ri o‘ynamoqda”, – deydi u Hamilton haqida. “U omma oldiga chiqib, ‘haddan tashqari hissiyotga berildim’ deyishi kerak edi”.

So‘ngra undan, o‘zi shunday vaziyatda uzr so‘ragan bo‘larmidi, deb so‘rashdi.

“Menimcha, u aslida ham buni chin dildan qilmadi, – deydi Montoya. – U siyosiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lgan ishni qildi. U o‘yin o‘ynamoqda, hammasi o‘yin o‘ynamoqda”.

Asl maqsad esa bitta: jamoadoshni mag‘lub etish.

Hamiltonning F40 bilan kelishi – Leclerc uchun yashirin chaqiriq

Montoya fikricha, Monzada bosim nafaqat tribunalar va tarix tufayli, balki ramzlar tufayli ham oshadi. Hamiltonning poyga haftasiga Ferrari F40 bilan kirib kelgani Leclerc uchun alohida signal bo‘lib ko‘rinadi.

“Kunning oxirida ular bir-birini yengishni xohlaydi, – deydi Montoya. – Ular bu yerga kelishdi, Charles ham so‘nggi paytlarda tezlik topdi. Bu poyga ular uchun juda katta ahamiyatga ega.

“Agar sen Charles bo‘lsang va Lewisning F40 bilan kelganini ko‘rsang, ichingdan: ‘Bu haftada uni albatta yengishim kerak’, – deb o‘ylaysan. Aynan shunday damlar jamoadoshingdan oldinga o‘tish uchun eng katta imkoniyat bo‘ladi”.

Ferrari garajida kayfiyat shunday: bir tomonda tarix, afsonalar, Shumaxerga ishora qiluvchi ranglar; ikkinchi tomonda esa hozirgi davrning eng yirik yulduzlaridan ikkitasi, bir start chizig‘ida yonma-yon.

Chempionlik poygasi va ichki urush

Turnir jadvali ham bu hikoyaga o‘z ohangini qo‘shadi. Hamilton hozircha umumiy hisobda Antonellidan 59 ochkoga ortda qolmoqda va George Russell bilan ikkinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi. Leclerc esa beshinchi, yetakchidan 87 ochko orqada.

Demak, bu faqat uy poygasidagi obro‘ yoki ichki g‘urur masalasi emas. Har bir ochko chempionlik jangida hamon tirik qolish, mavsum yakunida o‘z o‘rnini belgilab olish demak.

Monzada esa bunday kurash uchun ideal sahna: Ferrari libosi Shumaxer xotirasini eslatadi, tribunalar Hamilton va Leclerc har bir harakatini kuzatadi, Antonelli jarimasi fonida Norris va Russell ham g‘alaba hidini sezib turibdi.

Shunday fon ostida bitta savol ochiq qoladi: Ferrari bu safar ichki jangni jilovlay oladimi yoki Monzada qizil garaj ichidagi urush butun hafta oxirini belgilab beradi?

Montzada Ferrari ichidagi drama: Kim kimni yengadi?