Mourinho va Diomande: Sabr-toqat va Strategiya
Mourinho Diomande bilan shoshilmayapti. Aslida esa bir o‘q bilan ikki quyonni uryapti: yangi kelgan ivoriyalikka moslashish uchun nafas olish imkonini beryapti, shu bilan birga yozgi tayyorgarlikda porlagan eski ishonchli odamlarga ham hurmat saqlanib qolmoqda.
Arda Guler va Brahim Diaz bunga eng yaqqol misol. Ular ajoyib pre-sezon o‘tkazdi, yillar davomida zaxiradan chiqib, muhim o‘yinlarda o‘z so‘zini aytdi va hozirgi tarkibdagi o‘rnini halol ishlab topgan futbolchilar. Mourinho ularning mehnatini bir zumda yo‘qqa chiqarmayapti, yangi kelgan yulduz uchun eshikni to‘liq ochib, boshqalarni chetga surib qo‘ymayapti.
Bu yerda Xabi Alonso bilan solishtirish o‘z-o‘zidan keladi. Ispan murabbiy muvozanatni ushlay olmadi. U Mastantuono atrofida jamoani qayta qurishga urinib, Rodrygo, Diaz, hattoki Vinicius hisobiga argentinalik yoshni oldinga surdi. Natija esa achchiq bo‘ldi: yetarlicha pishmagan futbolchini doimiy asosiy tarkib o‘yinchisiga aylantirishga urinish uni ham, kiyinish xonasini ham charchatdi. Mastantuono yonib ketdi, murabbiy esa garderob ustidan nazoratni yo‘qotdi.
Mourinho bundan xulosa chiqargan. Uning rejasi Diomande’ni himoya qiladi, uni bugun emas, ertaga portlashga tayyorlaydi. Reja oddiy, lekin qat’iy: ivoriyalik asta-sekin daqiqalarini oshirib boradi, bosim ostida emas, o‘yin ritmini his qilgan holda. Agar hammasi reja bo‘yicha ketsa, u asosiy tarkibga o‘z yo‘lini o‘zi ochadi. Majburlab emas, o‘ynab.
Asosiy ish esa mashg‘ulotlarda ketmoqda. Mourinho Diomande’ni jamoa mexanikasiga singdirish uchun vaqtini ayamayapti: pressing chiziqlari, oraliq zonalar, hujumga o‘tishdagi yo‘nalishlar – hammasi mashqdan-mashqqa takrorlanmoqda. Har bir kichik detal, har bir siljish unga qayta-qayta tushuntiriladi, toki u bu tizimni avtomatik darajada his qilguncha.
Eng muhim tomoni – futbolchining o‘zi bu jarayonni qabul qilgan. Diomande vaziyatni to‘liq tushungan, murabbiyga ishonadi, yuzida tabassum, tana tilida shoshilish yo‘q. Bu tasodif emas. O‘tgan mavsumda u Leipzig safida 34 ta Bundesliga o‘yinidan 33 tasida maydonga tushdi, shulardan 28 tasini asosiy tarkibda boshladi, 12 ta gol urdi va 8 ta golli uzatma berdi. Bu – yuqori darajadagi futbolchi profili.
Shunday futbolchini olgan ko‘plab murabbiylar uni bir zumda markazga qo‘yib, hamma narsani uning atrofida qurishga urinardi. Mourinho esa aksincha yo‘lni tanladi. Avval tizim, keyin yulduz. Avval kiyinish xonasidagi adolat, keyin yangi transferning ambitsiyasi.
Natijada Diomande ham yonib ketmaydi, Guler va Diaz kabi futbolchilar ham o‘zini chetga surilgandek his qilmaydi. Bu nafaqat bugungi kunni, balki butun mavsumni belgilab beradigan qaror. Savol esa bitta: bu sabr-toqat oxirida Mourinho qo‘lida yanada xavfli, yanada ochko‘z jamoa shakllanadimi?






