Mourinho va Real Madrid: Bernardo Silva – Valverde juftligi
“Real Madrid” yangi mavsumni boshlash arafasida, lekin Madrid atrofida allaqachon bitta savol kun tartibiga chiqib bo‘lgan: Jose Mourinho ilk La Liga uchrashuvida markazni kimga ishonib topshiradi?
Javob aniq ko‘rinmoqda. MARCA xabariga ko‘ra, Madrid Xtra orqali tarqalgan ma’lumotlarda “Espanyol”ga qarshi ochilish o‘yinida murabbiy Bernardo Silva va Federico Valverde duetiga tayanadi. Yangi “Real”ning eng ko‘p muhokama qilinadigan taktik tugunlaridan biri – aynan mana shu ikki kishilik tayanch zona bo‘ladi.
Bernardo Silva – chuqurdan boshqaruvchi
Bernardo Silva Mourinho rejalarida markaziy figura sifatida ko‘rilmoqda. U odatdagi erkin “o‘nlik” emas, balki chuqurroq pozitsiyadan o‘yinni yo‘naltiradigan bosh ijodkor sifatida maydonga tushadi. To‘pni pastdan olib chiqish, pressing ostida to‘g‘ri yechim topish, o‘rtadagi ritmni belgilash – bularning barchasi portugaliyalik yelkasiga yuklanadi.
Murabbiy uchun bu tanlov bejiz emas. Yangi loyiha, yangi markaz va yangi mas’uliyat. Klub Bernandoni aynan shunday rolda tasavvur qilgani endi amalda sinovdan o‘tadi.
Ikkinchi o‘rin uchun kurash: Tchouameni yoki Valverde?
Asosiy bahs esa, Bernardo yonidagi sherik atrofida aylanmoqda. Nazariy jihatdan qaralganda, Aurelien Tchouameni klassik tayanch yarim himoyachi sifatida eng tabiiy nomzod. U pozitsion intizom, himoyaviy barqarorlik va chiziqlar orasini yopib berish bo‘yicha jamoada eng toza profilga ega futbolchilardan biri.
Ammo “Real Madrid”da har doim faqat taktika emas, kiyinish xonasi ruhiyati ham hal qiluvchi omil bo‘ladi. Bu yerda Federico Valverde sahnaga chiqadi. Klubning birinchi sardori, maydonda ham, uning tashqarisida ham so‘zi o‘tadigan futbolchi. U energiya, liderlik, katta masofalarni bosib o‘tish qobiliyati bilan jamoaga boshqa turdagi kuch beradi.
Shuning uchun bu uchlik – Bernardo, Valverde, Tchouameni – Mourinho qo‘lida mavsum davomida eng ko‘p o‘zgartiriladigan, eng ko‘p tahlil qilinadigan bo‘limga aylanishi kutiladi. Ikki o‘rin, uch da’vogar.
Tchouameni sog‘lig‘i Valverdegа yo‘l ochdi
Ayni paytda esa vaziyat qarorni yengillashtirib qo‘ydi. Tchouameni butun yozgi tayyorgarlik davrini mushaklardagi noqulaylik sabab o‘tkazib yubordi. Bir daqiqa ham o‘ynamadi. Shu bois u hozircha raqobatchilaridan o‘yin amaliyoti bo‘yicha ancha orqada.
Xabarlar fransiyalik yarim himoyachi “Espanyol”ga qarshi o‘yinga qadar safga qaytishi mumkinligini aytadi. Ammo pre-sezonning bir soniyasini ham ko‘rmagan futbolchini darhol asosiy tarkibga tashlash – Mourinho uslubiga uncha mos kelmaydi. Eng real variant – zaxira o‘rindig‘i.
Natija esa ravshan: markazda tabiiy tanlov sifatida Valverde va Bernardo juftligi shakllanadi. Biri – jamoaning bosh ijodkori, ikkinchisi – kapitan, motor va balansi.
Bu yakuniy hukm emas
Valverdening “Espanyol”ga qarshi asosiy tarkibda boshlashi Mourinho uzoq muddatli qarorini anglatmaydi. Bu hozircha sharoitga moslangan, sog‘liq va tayyorgarlik darajasidan kelib chiqqan pragmatik yechim. Tchouameni to‘liq formasiga qaytgach, murabbiy oldida yana murakkab savol paydo bo‘ladi: barqarorlikmi yoki dinamika, klassik tayanchmi yoki ko‘p funksiyali kapitan?
Bir narsa aniq: La Liga ochilish uchrashuvida “Real Madrid” markazi orqali Mourinho loyihasining ilk konturlari ko‘rinadi. Savol esa ochiq qoladi – mavsum oxiriga kelib bu uchlikdan qaysi ikki ism “Santiago Bernabeu” markaziga haqiqiy egalik qiladi?







