UZB SPort

Mourinho yana Madridda: 13 yildan keyingi qaytish

Santiago Bernabeu yana bir tanish soyani qabul qildi. 13 yil oldin shov-shuvlar, ziddiyatlar va yirik sovrinlar fonida ketgan Jose Mourinho yana Real Madrid boshqaruvini qo‘lga oldi. Bu safar vazifa yanada aniqroq: Ispaniya va Yevropada hukmronlikni tiklash.

Ikki mavsum – nol sovrin. Madrid mezonlari bo‘yicha bu falokatga teng. Aynan shu bo‘shliq klub rahbariyatini yana bir bor eng bahsli, eng bo‘ysunmas murabbiylardan biriga qaytishga majbur qildi. Mourinho oldida bitta katta vazifa turibdi: bu “qurg‘oqchil” yillar xotirasini o‘chirib, poytaxt vitrinasini yana kuboklar bilan to‘ldirish.

Portugaliyadagi hayrat: “Bu – aqllilikka to‘g‘ri kelmaydi”

Mourinhoning qaytishi Portugaliyada shov-shuvsiz o‘tmadi. U Madridga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Benfica dagi muvaffaqiyatsiz davrdan so‘ng kelmoqda. Lissabondagi tajriba kutgan natijani bermagan bir paytda, dunyoning eng yirik klublaridan biri aynan shunday fon bilan kelayotgan murabbiyni tanlashi ko‘plar uchun tushunarsiz bo‘ldi.

Portugaliyalik jurnalist Luis Cristovao, Mourinho ning Benfica dagi ishini yaqindan kuzatganlardan biri, bu tayinlovga bo‘lgan hayratini yashirmadi. U Mundo Deportivo ga bergan fikrida shunday deydi:

“U bu yerda qilgan ishidan keyin – u na ajoyib, na alohida ijobiy bo‘lgan – Madridga qaytishi bu aqldan ozish. Bu butunlay kutilmagan.”

Bu so‘zlar Portugaliya futbol muhiti kayfiyatini aniq ifodalaydi: Mourinho nomi hanuz katta, lekin uning oxirgi bosqichi savollarni ko‘paytirdi. Real Madrid esa aynan shu savollarga qaramay, o‘z tarixidagi eng keskin qarorlardan birini qabul qildi.

Yangi Mourinho? Yoki eski Mourinho ning boshqa niqobi?

Madridga qaytgan Mourinho taqdimot marosimida boshqacha ko‘rinishda namoyon bo‘ldi. Tinchroq. Yarashuvga moyilroq. Avvalgi keskin, doim jangga tayyor obrazidan uzoqroq.

Cristovao bu manzarani allaqachon ko‘rganini eslatadi. Benfica ga kelgan paytda ham xuddi shunday, muloyimroq Mourinho paydo bo‘lgan edi – o‘zini yana eng yuqori darajada isbotlashni istagan, biroz yumshagan, biroz jilovlangan.

“U o‘zgargan, chunki ko‘p narsani boshidan kechirdi va qandaydir ma’noda jahon futboli elitasidan chiqib qoldi,” deya kuzatadi jurnalist. “Bu yerga kelganida ham xuddi shunday tuyg‘u bor edi. U o‘zgargandek tuyulardi, boshqacha odamdek. Do‘stona, tinchroq.”

Ammo bu faqat kirish qismi bo‘lishi mumkin. Bosim oshgani sayin, savollar ko‘paygani, natijalar talab etila boshlagani sari, odatda, asl Mourinho yuzaga chiqadi.

Cristovao ham aynan shuni eslatadi: “Bir narsa – u kelgan payt, butunlay boshqa narsa – vaziyat, savollar va o‘yinlar qiyinlashganda. Shunda men sizga aytaman: ha, u yoshi kattaroq Mourinho, lekin ich-ichida o‘sha eski Mourinho qolgan.”

Bernabeu uchun tanish, lekin xavfli tajriba

Real Madrid uchun bu tanlov paradoksga o‘xshaydi. Bir tomonda – klub tarixida iz qoldirgan, sovrinlar yutgan, lekin ichki portlashlar, mojarolar va keskin intervyular bilan ham esda qolgan murabbiy. Boshqa tomonda – so‘nggi yillarda elita chegarasidan chetroqda qolib ketgan, Benfica da ham kutilgan darajaga chiqa olmagan versiya.

Shunga qaramay, Bernabeu uni yana sahnaga chiqardi. Klub ikki yil ketma-ket sovrinsiz qolgan paytda, ehtiyotkor, sokin yo‘l emas, balki xavfliroq, lekin kuchli ta’sir berishi mumkin bo‘lgan variant tanlandi.

Endi savol bitta: bu Madridga qaytgan Mourinho – haqiqatan ham o‘zgargan, o‘zini boshqacha boshqaradigan, tinchroq strategmi? Yoki bosim Bernabeu osmonini yana o‘sha eski, portlovchi Mourinho chaqmoqlari bilan yoritadimi?

Javobni endi maydon beradi.

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil