Munoz: Liverpul uchun yangi pressing strategiyasi
Andoni Iraola Liverpulni qanday o‘zgartirmoqchi ekanini ilk matbuot anjumanidayoq yashirmadi. U bir og‘izda aytdi: “Biz ko‘p ishlaydigan, intensiv va agressiv jamoa bo‘lishimiz kerak.”
Bu yangi yo‘nalishning tirik timsoli – Victor Munoz.
Munoz: yuqori pressingning yangi yuzi
Yozda Osasunadan 34,5 million funt evaziga kelgan, 23 yoshli vinger o‘zi ham nima uchun Anfieldga chaqirilganini aniq tushuntirib berdi. U El Pais bilan suhbatda shunday degan:
“Mening to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘ynashim, o‘yinlarni yorib o‘tishga urinishim, pressingim va raqibni bo‘g‘ishga intilishim. U vingerdan shularni kutadi, va bu qarorida katta rol o‘ynagan.”
Bu so‘zlar qog‘ozda qolmadi. Yakshanba kuni Anfieldda bo‘lib o‘tgan Monaco bilan o‘rtoqlik uchrashuvida Munoz ilk bor Liverpul libosida ko‘rinish berdi. Zaxiradan maydonga tushgan zahoti u qanotdan yorib o‘tib, o‘ziga biriktirilgan himoyachini ortda qoldirdi va Kop tomonga uchib ketdi. Qisqa, lekin umid uyg‘otadigan debyut.
Iraola uchun to‘p raqibda bo‘lganda old chiziq qanday ishlashi borasida hech qanday noaniqlik yo‘q. Buni biz uning Bournemouth davridayoq ko‘rganmiz. O‘tgan mavsumda Marcus Tavernier hujumchilar orasida final uchdanlikda to‘pni eng ko‘p qaytarib olgan futbolchi bo‘ldi – bu ko‘rsatkich bo‘yicha birorta ham Liverpul o‘yinchisi unga yetolmadi.
Evanilson va Junior Kroupi ham shu ro‘yxatning yuqori qismida edi. Bu tasodif emas. Iraolaning falsafasi shunday: uch yil davomida uning Bournemouthi Premer-ligada spintlar soni bo‘yicha doimiy ravishda eng yaxshi ikki jamoa qatorida bo‘ldi.
Uning Anfieldga kelish sababi ham aynan shu. Arne Slot davrida jamoaning o‘yiniga singib ketgan loqaydlikni, tribunalarni jahlga solgan passivlikni yo‘qotish. Fikrni o‘zgartirish yetmaydi, maydondagi odamlar ham yangilanishi kerak edi.
34 yoshli Mohamed Salah endi avvalgi kabi yirtqich pressingchi bo‘la olmaydi. Balki bu rolni Munoz o‘z zimmasiga olar. O‘tgan mavsum LaLigada u final uchdanlikda to‘pni 22 marta qaytarib oldi – butun ligada bundan ko‘p qilgan atigi olti futbolchi bor edi. Demak, Liverpulda yuqori pressing yana sahnaga qaytmoqda.
La Masia, Madrid va Pamplonadan kelgan paradoks
Munozning yo‘li ham klassik, ham noodatiy. Bir tomondan, uning futbol tarbiyasi juda boy: 2014–2017 yillarda u Barcelonaning mashhur La Masia akademiyasida Fermin Lopez, Alejandro Balde, Xavi Simons kabi ismlar bilan birga o‘qigan. Texnik va taktik poydevor aynan o‘sha yerda qo‘yilgan.
Keyin esa Real Madrid. U yerda ham barcha rivojlanish bosqichlaridan o‘tib, o‘tgan yil LaLiga doirasida debyut qildi – maydonga kech daqiqalarda Vinicius Junior o‘rniga tushdi, raqib esa… Barcelona edi.
Ammo boshqa tomondan, Munozning hikoyasi stereotiplarni buzadi. U Barcelonada bo‘lgan – ammo bo‘shatilgan. Real Madridgacha yetib borgan – ammo imkoniyat uchun Osasunaga ketishga majbur bo‘lgan. Ispaniyaning birorta yosh terma jamoasida o‘ynamagan, lekin bugun qo‘lida Jahon chempionlari medali bor.
CF Damm maslahatchisi Carlos Domenech uni “odatiy ekstrovert futbolchi emas” deb ta’riflaydi. Ispaniya terma jamoasini Jahon chempionligiga olib chiqqan Luis de la Fuente esa uning kamtarligini alohida e’tirof etgan. “O‘sishning eng yaxshi yo‘li,” degan murabbiy.
Munozning bularning barchasini Osasuna safida, Pamplonadagi kamtar, ko‘pchilik e’tiboridan chetroqda qoladigan jamoada amalga oshirgani statistikani yanada ta’sirli qiladi. O‘tgan mavsum LaLigada undan ko‘proq dribbling bajargan atigi uch futbolchi bor edi – Lamine Yamal, Vinicius va Kylian Mbappe.
Burchak zarbalari ishlash bo‘yicha ham u faqat uch futbolchidan ortda qoldi, ular ham Ispaniyaning ikki grandida o‘ynaydi. Raqib darvozasiga tomon 10 metrdan ortiq “progressiv” to‘p olib yurishlarda esa Viniciusdan boshqa birorta hujumchi undan ko‘p masofani bosib o‘tmadi.
Bu raqamlar bir narsani ko‘rsatadi: Munoz raqib maydon yarmida o‘yinni keskinlashtira oladigan, tezlik va drayv olib kiradigan futbolchi. Liverpul undan qarshi hujumlarda qurol sifatida foydalanishni kutadi, lekin u sekinlashgan, past blokda o‘ynaydigan raqib mudofaalarini ham fint va dribbling bilan yorib o‘tishi kerak bo‘ladi.
Kuchli, lekin xom material
Albatta, moslashishsiz bo‘lmaydi. Osasunada u katta erkinlikka ega edi. Zarba bo‘yicha ligada eng yaxshi o‘ntalikda, lekin gol bo‘yicha qirqtalikdan tashqarida – bu uning ko‘p urinishlari uzoq masofadan yoki murakkab burchaklardan bo‘lganini ko‘rsatadi.
Bir zarbaga to‘g‘ri keladigan kutilayotgan gollar ko‘rsatkichi 7,2 foiz – bu Hugo Ekitike (15,2 foiz), Florian Wirtz (13,8 foiz) yoki Salah (12,0 foiz) bilan solishtirganda ancha past. Liverpulda vaziyat boshqacha bo‘ladi: ko‘proq imkoniyatlar, ko‘proq sifatli hamkorlar, ammo qaror qabul qilish mas’uliyati ham kattaroq.
U to‘g‘ri nuqtani topishi kerak bo‘ladi – qachon zarba berish, qachon pas uzatish, qachon pressingni davom ettirish. Anfield bunday mayda tafsilotlarni kechirmaydi.
Lekin bu o‘zgarish bir tomonlama emas. Munoz ham, Iraola ham bir narsani ochiq aytmoqda: Liverpul ham unga moslashishi kerak. Iraola shunday degan edi:
“Men shtab bilan yaxshi ishlayotgan narsalar va boshqacha qila oladigan tomonlarimiz haqida gaplashdim. Men buni ‘yaxshiroq’ deb emas, ‘boshqacha’ deb atagan bo‘lardim.”
Bu so‘zlar tasodifiy emas. U Anfieldga eski “rok-n-roll” futbolini qaytarish uchun keldi.
Salahdan keyingi hayot va yangi ritm
Salah o‘zining xayrlashuv nutqida aynan shu “rok-n-roll” uslubini eslatib o‘tdi. Tribunalar hanuz o‘sha ritmni sog‘inadi – yuqori pressing, tezkor o‘tishlar, raqibni bo‘g‘ib tashlaydigan intensivlik.
Endi bu vazifa Iraola zimmasida. U o‘z falsafasini olib keldi. Endi esa uni maydonda ifodalab beradigan futbolchilar kerak. Munoz – shu rejadagi muhim bo‘lak.
La Masia va Real Madriddan o‘tib, Pamplonada pishgan, endi esa Kop qarshisida o‘zini isbotlashga tayyor vinger. Savol bitta: Anfielddagi yangi, shafqatsiz pressing orkestrida u bosh partiyani ijro etadimi yoki faqat kuchli fon bo‘lib qoladimi?







