UZB SPort

Nasser Al-Xelayfiy FIFA prezidenti saylovida qatnashmaydi

Gianni Infantino atrofidagi siyosiy bo‘ron tobora kuchayib borayotgan bir paytda, futbol sahnasida eng ko‘p tilga olinayotgan ism — Nasser Al-Xelayfiy edi. Ammo Qatar ishbilarmonining lageridan chiqqan rasmiy bayonot bu shovqinga bir zarb bilan nuqta qo‘ydi.

Uning rasmiy vakili aniq gapirdi: Al-Xelayfiy 2027 yilda FIFA prezidenti saylovida qatnashmaydi. Na istak, na niyat, na qiziqish. Shunchaki rad emas, balki eshikni butunlay yopib qo‘yadigan ohangda aytilgan javob.

Vakilning so‘zlariga ko‘ra, u “FIFA dagi bu lavozimga hech qanday ambitsiya, niyat yoki qiziqishga ega emas” va o‘rniga “global va Yevropa futbol institutlarini dono va konstruktiv tarzda” qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Ya’ni, sahna ortida ta’sirchan figura bo‘lib qoladi, lekin eng yuqori kursiga da’vo qilmaydi.

Yevropaning “qutqaruvchi nomzodi” g‘oyasi so‘ndi

Britaniya matbuoti — xususan, Politico va The Telegraph — so‘nggi haftalarda Al-Xelayfiyni UEFA tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “ideal nomzod” sifatida tasvirlab kelayotgandi. Ularning manzarasida bu nomzod Yevropaning Infantino rejasiga qarshi asosiy siyosiy quroliga aylanishi kerak edi.

Gap FIFA prezidenti Gianni Infantino ilgari surayotgan, xalqaro federatsiya bilan bog‘liq tijoriy kompaniya tuzish loyihasi haqida ketmoqda. Bu loyiha FIFA ni xususiy investorlar uchun ochib berishga qaratilgan. Yevropa futbol elitalari esa buni o‘yin kelajagi va uning an’anaviy qadriyatlariga bevosita tahdid deb biladi.

Shu fon’da Al-Xelayfiyning nomi tobora balandroq yangray boshlagan edi. Ssenariy oddiy: kuchli Yevropa nomzodi chiqadi, saylov poygasiga kiradi va Infantino loyihasini siyosiy bosim ostida to‘xtatadi. Ammo Parijdan kelgan bu qat’iy rad javobi bu ssenariyni hozircha qog‘ozda qoldirdi.

Parijdan UEFA markazigacha: kuchli pozitsiya, lekin…

Nasser Al-Xelayfiy 2011 yildan beri Paris Saint-Germain prezidenti. Bu vaqt ichida u nafaqat klubni yulduzlar to‘plangan superbrendga aylantirdi, balki Yevropa futbol siyosatining markaziy figuralaridan biriga aylandi.

U ko‘p yillardan beri UEFA Ijroiya qo‘mitasi a’zosi. Shuningdek, Yevropaning 850 dan ortiq klubini birlashtiruvchi European Football Clubs (EFC) — avvalgi European Club Association (ECA) — tashkilotiga raislik qiladi. Ya’ni, qit’a klublarining iqtisodiy va siyosiy manfaatlari uchun muzokara stolida o‘tiradigan asosiy odam.

Aleksander Ceferin bilan yaqin aloqalari esa uni ko‘plar nazarida FIFA tepasiga eng tabiiy nomzodga aylantirgan edi. Yevropa yana bir bor xalqaro federatsiya ustidan nazoratni qaytarib olishni istasa, mantiqan qaraganda, aynan shunday profilga ega insonga tayanishi kerak edi.

Lekin Al-Xelayfiyning lageridan chiqqan javob shuni ko‘rsatdiki, u hozircha “kulisa ortidagi kuch” maqomini tanlayapti, “sahna markazidagi siyosatchi” rolini emas.

EFC va Infantino rejasi: ochiq to‘qnashuv

Shunga qaramay, u boshchilik qilayotgan European Football Clubs jim emas. Tashkilot FIFA ning tijoriy kompaniya loyihasiga nisbatan keskin ohangda chiqdi.

EFC bayonotida ular FIFA tomonidan ushbu loyiha bo‘yicha berilgan “to‘satdan va bir tomonlama matbuot bayonotlarini katta xavotir bilan” kuzatayotgani ta’kidlandi. Bu ibora Yevropa klublarining kayfiyatini aniq ifodalaydi: ular o‘zlari ishtirok etmagan, o‘zlari bilan kelishilmagan o‘zgarishlardan charchagan.

Infantino rejasi FIFA ni xususiy sektor investorlariga ochish, global futbolning tijoriy salohiyatini yanada kengaytirish niyatida. Yevropa esa buni nazoratning qo‘ldan chiqishi sifatida ko‘radi. Pul oqimi kattalashadi, lekin qaror qabul qilish markazi kimning qo‘lida qoladi? Savol aynan shunda.

UEFA darajasida bu norozilik shu qadar keskinlashdiki, tashkilot hatto Jahon chempionati boykotini tilga oldi. Bu allaqachon oddiy ichki tortishuv emas, global futbol boshqaruvi uchun ochiq siyosiy jang.

Savol ochiq qolmoqda

Al-Xelayfiyning nomzodi atrofidagi shov-shuv hozircha tugadi. U o‘z pozitsiyasini aniq belgiladi: institutsiyalarni qo‘llab-quvvatlovchi, lekin FIFA tepasiga da’vogarlik qilmaydigan lider.

Ammo bu rad javobi katta sahnadagi asosiy savolni yo‘qotmaydi: Infantino tijoriy loyihasi fonida Yevropa qachongacha faqat ogohlantirish va bayonotlar bilan cheklanadi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling