UZB SPort

NBA yozgi bozoridagi asosiy harakatlar

NBA yozgi bozorida chang bosishi hamon turgani yo‘q, lekin asosiy portlashlar allaqachon sodir bo‘ldi. LeBron James qarorini e’lon qildi, Giannis Antetokounmpo ko‘chdi, yulduzlar xaritasi yangidan chizildi. Endi esa savol bitta: kim yozni haqiqatan ham yutdi?

Quyida har bir klubning bitta, eng toza va eng mazmunli yurishi. Ba’zan jasorat, ba’zan hisob-kitob, ba’zan esa shunchaki omon qolish instinkti.

Atlanta Hawks – CJ McCollum’ni ushlab qolish

Atlanta uchun bu yoz katta sarlavhalar emas, lekin aniq pragmatizm haqida bo‘ldi. Klub CJ McCollum’ni yana bir yilga, 21 million dollarlik shartnoma bilan qayta imzoladi. Bir tomondan, pleyoffda sinovdan o‘tgan skorerni saqlab qoldi, ikkinchi tomondan, kelajakdagi “maks” yulduz uchun “salary cap”ni band qilib qo‘ymadi. Jalen Johnson atrofida kimdir keladi – Hawks bu eshikni yopgani yo‘q.

Boston Celtics – markaz chizig‘ini mustahkamlash

Boston yozgi dramatik voqeasi, albatta, Jaylen Brown’ning ketishi bo‘ldi. Lekin Brad Stevens shunchaki yonib ketmadi, markazdagi bo‘shliqni ham ko‘rdi. Neemias Queta bilan qayta shartnoma, New York’dan Mitchell Robinson’ni olib kelish – bularning barchasi yiliga 30 million dollardan kam. Bu – bo‘y, ribaund va halqa himoyasi. Yulduzni yo‘qotgan jamoa kamida strukturasini yo‘qotmadi.

Brooklyn Nets – Day’Ron Sharpe bilan arzon kelishuv

Brooklyn Day’Ron Sharpe bo‘yicha aqlli riskga bordi. Klub avval uning jamoa opsiyasidan voz kechdi, so‘ngra 24 yoshli markazni ikki yilga, atigi 10 million dollarga qaytarib oldi. O‘tgan mavsumda zaxiradan tushib, eng yaxshi yilini o‘tkazgan o‘yinchi agar to‘liq asosiy tarkibga aylanib ketsa, bu shartnoma ligadagi eng shirin bitimlardan biriga aylanishi mumkin.

Charlotte Hornets – LaMelo ketgach, Coby White’ni saqlab qolish

LaMelo Ball bilan xayrlashgan zahoti Charlotte Coby White’ga uch yillik, 74 million dollarlik uzaytirish taklif qildi va darhol imzo oldi. Tempni oshira oladi, halqaga kesib kiradi, lekin eng muhimi – boshqaruvda barqarorroq ko‘rinadi. U mos kelmasa ham, bu shartnoma bozor uchun likvid aktiv bo‘lib qoladi. Hornets o‘zini burchaksiz qoldirmadi.

Chicago Bulls – Norman Powell’ni tortib olish

Caleb Wilson’ni 4-chi raqam ostida olish – majburiyat edi. Norman Powell’ni esa yutib olish kerak edi. Chicago Detroit va boshqa da’vogarlarni ortda qoldirib, 2026-yil All-Star bo‘lgan himoyachini ikki yilga, 45 million dollarga olib keldi. U “shooting guard”dagi bo‘shliqni to‘ldiradi, lekin klubni uzoq muddatga bog‘lab qo‘ymaydi. Qisqa muddatli, lekin zarbali yechim.

Cleveland Cavaliers – Meleek Thomas lotereyasi

Cleveland Donovan Mitchell’ga supermaks berdi, LeBron Jamesni esa ola olmadi. Qog‘ozda sokin yoz. Ammo 34-pik ostida Meleek Thomas’ni olish – bu jimlik ichidagi eng baland ovoz. Birinchi raund oxiri uchun prognoz qilingan Arkansas himoyachisi pastga tushib ketdi, Cavs esa uni to‘rt yilga, 9,3 millionlik to‘liq kafolat bilan bog‘ladi. Yozgi ligada 27,3 ochko – bu tasodif emas. Agar bu trend davom etsa, bu draft o‘g‘irligi sifatida tilga olinadi.

Dallas Mavericks – Zaccharie Risacher uchun savdo

Dallas Cooper Flagg atrofida kelajakni qurmoqda, lekin eng katta harakat – 2024-yil 1-raqamli pik Zaccharie Risacher’ni olib kelish bo‘ldi. Buning evaziga bir yil avval undrafted bo‘lgan Ryan Nembhard berildi, xolos. Atlanta’da Risacher kutilgan darajada porlamadi, lekin 21 yoshli, uzun qo‘l va atletik, 3-and-D qanot uchun ideal profil. Agar u o‘z o‘yinini NBA ritmiga moslashtira olsa, bu qayta qurilishni tezlashtiradigan “jackpot”.

Denver Nuggets – Spencer Jones uchun ikkinchi apron narxi

Denver Spencer Jones bo‘yicha Oklahoma City’ning ikki yil, 12 millionlik taklif varaqasini moslashtirib, o‘zini ikkinchi apron ichiga tiqdi. Bu qaror Peyton Watson bilan muzokaralarni murakkablashtirdi, ehtimol, kelgusida maosh bo‘yicha qurbonlik ham bo‘ladi. Lekin G‘arbdagi raqibga yosh ikki yo‘nalishli qanotni bepul berib yuborish? Bu varianta emas edi. Agar Jones rivojlanishni davom ettirsa, Nuggets rotatsiyada juda oqilona narxda aktivni saqlab qoldi.

Detroit Pistons – Isaiah Joe bilan maydonni kengaytirish

Detroit uchun asosiy tashvish – Jalen Duren bo‘yicha muzokaralar va Cade Cunningham atrofidagi tarkib. Lekin klub eng og‘riqli joy – tashqi zarba masalasini to‘g‘ri ko‘rdi. Isaiah Joe ikki kelajakdagi ikkinchi raund piki evaziga olib kelindi. Bu yilgi 11,3 millionlik maosh va 2027–28 uchun jamoa opsiyasi – past xavf, katta potensial. Oklahoma City’da isbotlangan “floor spacer” endi katta rol izlaydi. Pistons esa aynan shunday profilga zor edi.

Golden State Warriors – Kristaps Porzingis uchun moslashuvchan uzaytirish

Warriors bu yoz katta portlash qilmadi, lekin Kristaps Porzingis bo‘yicha juda nozik ish tutdi. Rasmiy ravishda – ikki yil, 40 million. Lekin 2027–28 moliyasi atigi 3 million kafolatlangan. Sog‘lig‘i nozik bo‘lgan yulduz uchun bu klubni himoya qiladigan tuzilma. Agar Porzingis Steve Kerr tizimida to‘liq mavsum o‘ynasa, uning ko‘p qirrali hujum arsenali bu kontraktni juda shirin ko‘rsatishi mumkin.

Houston Rockets – Tari Eason’ni bozor narxidan arzon ushlash

Houston pleyoffdagi erta chiqib ketishdan keyin yana bir “yulduz oviga” tushmadi. Buning o‘rniga, Tari Eason’ga besh yil, 81 millionlik uzaytirish berdi – bozor bahosiga nisbatan maqtovga loyiq narx. Eason bir yil avval 100 millionlik taklifni rad etgani aytilgan, 2025–26 mavsumida, ayniqsa uchlikda, notekis o‘ynadi. Lekin u hanuz ikki tomonlama qanot sifatida yuqori qadrlanadi. Houston uning faqat ochko emas, hamma maydondagi hissasiga sarmoya kiritdi.

Indiana Pacers – Kelly Oubre Jr. bilan “value” topish

Indiana katta “cap space”ni ishlatmasdan tajribali qanot oldi: Kelly Oubre Jr. ikki yilga, 16,5 million. 30 yoshli forvard o‘z karerasidagi eng samarali mavsumdan chiqdi, mudofaadagi ko‘p qirraliligi esa allaqachon tanish. Agar u pleyoff rotatsiyasining barqaror qismiga aylansa, bu yozgi bozorning eng yaxshi qiymatli shartnomalaridan biri sifatida eslanadi.

LA Clippers – Kawhi Leonard savdosi (hozircha qavs ichida)

Clippers nihoyat James Harden – Kawhi Leonard tajribasini yopgandek edi. Toronto Brandon Ingram, Gradey Dick, ikki birinchi raund, ikki ikkinchi raund va ikki “pick swap”ni berishga rozi bo‘ldi. Kutilganidan ancha katta paket. Lekin NBA tekshiruvi savdoni muzlatib qo‘ydi. Leonard va Clippers atrofidagi “salary cap”ni chetlab o‘tish iddaolari bu bitimning ustiga soya solib turibdi. Agar tasdiqlansa, bu Los Angeles uchun toza ajralish, Toronto uchun esa “win-now” signali bo‘ladi.

Los Angeles Lakers – Walker Kessler uchun katta pul, katta mas’uliyat

Lakers Luka Doncic uchun uzoq muddatli markaz qidirayotganini yashirmadi. Javob topildi: Walker Kessler. Narxi esa yengil emas. To‘rt yil, 130 millionlik kontrakt va unga almashuvda berilgan aktivlar – bu katta stavka. Kessler hali to‘liq isbotlangan yulduz emas, lekin sog‘lom bo‘lsa, pick-and-roll’da, halqa himoyasida Doncic uchun ideal sherik profili. Endi savol: bu “overpay”mi yoki yangi markaziy ustunmi?

Memphis Grizzlies – Cameron Boozer bilan yangi boshlanish

Memphis Ja Morant va Santi Aldama’dan voz kechib, to‘liq qayta qurilish yo‘liga tushdi. Bunday fon’da 3-pik ostida Cameron Boozer’ni qo‘lga kiritish – klubning eng muhim g‘alabasi. Potensial franchayz ustun, markaz Zach Edey va 2025-yilgi birinchi raund Cedric Coward bilan uyg‘un bo‘lishi kutilayotgan ko‘nikmalar. Grizzlies endi kelajakni chizishni boshladi, Boozer esa bu rasmning markazida.

Miami Heat – Giannis Antetokounmpo uchun hammasini tiklash

Pat Riley nihoyat yana bir superyulduzni South Beach’ga tushirdi. Miami Giannis Antetokounmpo uchun yadro qismini qurbon qildi, Bam Adebayo va Andrew Wiggins tashqari tayanch deyarli tozalanib ketdi. Bunday imkoniyat kam keladi. Heat ligadagi raqiblarni yengib, Antetokounmpo’ni olib keldi – bu klub tarixidagi navbatdagi burilish nuqtasi. Endi ular yana real chempionlik da’vogari. Faqat chuqurlik masalasi ochiq qolmoqda.

Milwaukee Bucks – Giannis evaziga poydevor qurish

Milwaukee birinchi marta yillardan beri to‘liq qayta qurilishga o‘tdi. Giannis ketdi, lekin bo‘sh qo‘l bilan emas. Tyler Herro, uch nafar yosh rotatsiya o‘yinchisi va uchta birinchi raund piki – hozirgi va kelajak uchun bir vaqtda ishlaydigan paket. Bu aktivlar keyinchalik yana yirik savdolarga ham yo‘l ochadi. Bucks uchun bu davr tugashi emas, yangi davrning og‘ir, lekin zarur boshlanishi.

Minnesota Timberwolves – LaMelo Ball bilan tavakkal

Minnesota LaMelo Ball uchun Julius Randle, Naz Reid va kelajakdagi ko‘plab draft kapitalini berdi. Maqsad aniq: Anthony Edwards bilan birgalikda G‘arbning eng yuqori shiftiga zarba berish. Ball’ning jarohat tarixi xavfli, bu shubhasiz. Bu ittifoq highlight va memlar bilan cheklanmasligi kerak – natija talab qilinadi. Agar hammasi ishlasa, yillar davomida liga eng dinamik “backcourt”laridan biri paydo bo‘ladi.

New Orleans Pelicans – DeAndre Jordan’ni qayta imzolash

New Orleans deyarli hech narsa qilmadi. Ikkinchi raundda Jason Pierre Jr. va DeAndre Jordan bilan yangi kelishuv – hammasi shu. Jordan hozir ko‘proq murabbiy, kamroq o‘yinchi. Lekin kiyinish xonasidagi og‘ir so‘z, tajriba va ichki intizom – yosh jamoa uchun arzon, lekin muhim sarmoya.

New York Knicks – Jose Alvarado bilan “hometown discount”

Chempion Knicks yozni deyarli tomosha qilib o‘tkazdi – ikkinchi apron xavfi bunga majbur qildi. Shunga qaramay, ular Jose Alvarado bo‘yicha mayda, lekin juda mazmunli g‘alabaga erishdi. Alvarado 4,5 millionlik “player option”dan voz kechib, uch yilga 14 millionlik shartnomaga rozi bo‘ldi. Brooklynlik himoyachi zaxiradan maydonga tushib, raqiblarni asabiylashtirishda ustasi farang. Bu Jalen Brunson’ni, ayniqsa, muntazam mavsumda, yangi kuchga ega qiladi.

Oklahoma City Thunder – Isaiah Hartenstein uchun “team-friendly” uzaytirish

Thunder yoz bo‘yicha ikkinchi aprondan qochish uchun kontraktlarni tozaladi. Shu fon’da Isaiah Hartenstein bilan erishilgan kelishuv yanada qadrli ko‘rinadi: uch yil, 75 million. So‘nggi yillarda yuqori darajadagi markazlar olgan pullar fonida bu summani klub uchun qulay deb atash mumkin. OKC yadro tarkibini birga ushlab qolish, shu bilan birga moliyaviy moslashuvchanlikni saqlashga urinmoqda. Hartenstein – bu balansning markazida.

Orlando Magic – Nikola Vucevic bilan nostalgiya va chuqurlik

Orlando katta o‘zgarishlarga bormadi. Klub bir yil avval qilgan yurishlariga ko‘proq omad va kamroq jarohat tilamoqda. Bitta sezilarli yangilik – Nikola Vucevic’ning qaytishi. Veteran-minimum shartnoma, 35 yosh, deyarli to‘qqiz yil bu klub formasida o‘ynagan markaz. Endi u arzon narxda skoring va tajriba qo‘shishi mumkin. Ba’zan eng yaxshi yurish – tanish yuzni qaytarish.

Philadelphia 76ers – LeBron James poygasida g‘alaba

Philadelphia uchun bu yozning bosh harfi – LeBron James. Jaylen Brown’ni Boston’dan tortib kelgan blokbaster savdosiz James bu jamoani umuman ko‘rib ham chiqmasdi, degan fikrlar bor. Ammo fakt bitta: yangi prezident Mike Gansey NBA tarixidagi eng ko‘p ochko urgan o‘yinchini, hali ham elit darajada o‘ynayotgan paytida, veteran-minimum kontraktga olib keldi. O‘tgan mavsum kuchli pleyoff yurishidan keyin endi liga’dagi eng xavfli start beshliklaridan biri shakllandi.

Phoenix Suns – Collin Gillespie’ni ushlab qolish

Miles Bridges savdosi sarlavhalarni oldi, lekin Phoenix uchun eng yaxshi strategik yurish – Collin Gillespie bilan to‘rt yil, 48 millionlik kelishuv bo‘ldi. U klubga ikki tomonlama shartnoma bilan kelgan, o‘tgan mavsumda esa 232 ta uchlik bilan franchayz rekordini yangilagan. Bozor ochilmasidan turib uni ushlab qolish – “sharpshooter”lar narxi osmonga chiqayotgan davrda juda oqilona qaror.

Portland Trail Blazers – Ja Morant uchun ikki yillik sinov

Blazers’da himoyachilar ko‘p. Shunga qaramay, ular Ja Morant uchun harakat qilishdan cho‘chimadi. Eng muhimi – evaziga juda kam narsa berildi. Bir paytlar liganing eng tez ko‘tarilayotgan yulduzlaridan biri hisoblangan Morant ketma-ket jarohatlar va muammolardan keyin o‘zini isbotlashga chanqoq bo‘ladi. Yangi bosh murabbiy Micah Nori barcha “backcourt” bo‘laklarini uyg‘unlashtira olsa, Portlandning shift darhol ko‘tariladi.

Sacramento Kings – DeMar DeRozan’dan qutulish

Sacramento qimmat, lekin G‘arb elitasiga yetib bormaydigan tarkib tuzog‘ida qolib ketgan. Shunday vaziyatda DeMar DeRozan’ning qisman kafolatlangan shartnomasini bekor qilish – ko‘zga tashlanmaydigan, ammo zarur jarrohlik. Klub avgust oxirigacha 10 millionlik “cap hit”ni uch yilga cho‘zish-cho‘zmaslikni hal qiladi. Bu sarlavha emas, lekin bu holdan chiqishning birinchi qadami.

San Antonio Spurs – Victor Wembanyama bilan 25% maks

Spurs yozni aqlli o‘tkazdi: Tobias Harris bilan kelishuv, Julian Champagnie’ni ushlab qolish. Lekin bosh yutuq – Victor Wembanyama’ni bu yil 25% maksimal uzaytirishga ko‘ndirish. U keyingi yilda kutsa, bundan ham katta pul olishi mumkin edi. San Antonio esa shu qaror bilan kelgusi yillarda 50 milliondan ortiq tejashi mumkin. Bu shunchaki raqam emas, bu yulduzning chempionlik yo‘lida moliyaviy qurbonlikka tayyorligini ko‘rsatadigan signal.

Toronto Raptors – yana Kawhi Leonard (hozircha “agar” bilan)

Toronto pleyoffda yetishmayotgan narsani aniq ko‘rdi: so‘nggi daqiqalarda o‘z zimmasiga oladigan yulduz. Reja tayyor: Kawhi Leonard qaytadi, lekin bu safar klub o‘zining yosh yulduzlarini saqlab qolgan holda. Buning evaziga Brandon Ingram, Gradey Dick va katta paket piklar ketadi. Lekin hammasi NBA tekshiruvi soyasida turibdi. Agar savdo tasdiqlansa, Leonard Raptors’ni darhol Sharq chempionligi suhbatiga qaytaradi.

Utah Jazz – Walker Kessler evaziga kelajakni yig‘ish

Utah uchun Walker Kessler’dan voz kechish qisqa muddatda og‘riqli tuyulishi mumkin. Lekin Jusuf Nurkic va Mo Bamba qo‘shilgach, bu yo‘qotish kutilganidan kamroq sezilishi ehtimol. Eng muhimi – ikki birinchi raund, ikki “pick swap” va kelajakdagi “cap” moslashuvchanligi. Jazz yosh o‘yinchilar va draft aktivlarining qiziqarli kolleksiyasini yig‘moqda. Bu savdo ularni yaqin orada yana katta yurishga tayyorlaydi, hozirgi raqobatbardoshlikni butunlay yo‘qotmasdan.

Washington Wizards – A.J. Dybantsa bilan yangi yuz

Washington qayta qurilishning navbatdagi bosqichiga kirdi: Trae Young va Anthony Davis kabi veteranlar kelib, jamoaga darhol e’tibor olib keldi. Shunga qaramay, eng muhim yurish – 1-raqamli pik A.J. Dybantsa. Sharqda barqaror da’vogar bo‘lish yo‘li to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning rivojlanishiga bog‘liq bo‘ladi. U bu mavsumda barcha yangi kelganlar orasida eng ko‘p ochko urish uchun asosiy nomzod, lekin hali o‘sish uchun katta maydonga ega. Wizards uchun esa savol aniq: bu yulduz atrofida haqiqiy jamoa qurishga ulgurishadimi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling