New Yorkdagi Jahon chempionati: Messi va Mamdani
Gʻarbga choʻzilgan quyosh nurlari chorshanba oqshomida Union City ortiga choʻkib borardi. Hudson River Park ustida osilgan ulkan ekran yorugʻlikda bir oz xiralashgandek boʻldi, lekin bu New Yorkdagi Jahon chempionati kayfiyatini buzishga ojiz edi. Brazil – Scotland uchrashuvini tomosha qilayotgan, kanareyka-sariq libosdagi va “100% Jesus” yozuvli bogʻich taqqan braziliyaliklar allaqachon oʻz bayramini boshlab yuborgan edi. 3:0 hisobidagi bemalol gʻalaba bunga yetarli sabab boʻldi. Eng muhimi, bu haqiqiy, tirik “World Cup lahzasi” edi.
Bu mening sakkizinchi Jahon chempionatim. Ochiq osmon ostidagi translyatsiya, Hudsondan esayotgan mayin shabada, Times Square’dagi shovqin-surondan zoʻrgʻa oʻtib kelganim – u yerda nemislarning shovqinli qoʻshiqlari, ecuadorliklarning hilpiragan bayroqlari hukmron – bularning barchasi Marsel, Seul, Keyptaun yoki Rio-de-Janeyroda his qilganimdan kam emasdi. New York – dunyoda turnirni goʻyoki payqamay ham yashashi mumkin boʻlgan yagona megapolis. Shunga qaramay, ayni damda shahar hayotining katta qismida Jahon chempionati ichki ritmga aylanib ulgurgan, ayniqsa Knicks’ning chempionlik paradidan keyin. Goʻyo oʻsha gʻalaba olib kelgan quvonch toʻlqini hech toʻxtamay, bevosita World Cup hayajoniga ulanib ketgandek.
Brooklynlik George Crabtree
Brooklynlik George Crabtree Times Square’dagi manzaradan zavqlanib yuribdi. “Barcha muxlislarni u yerda koʻrish zoʻr”, deydi u. New Jerseydan boʻlgan, allaqachon sodiq futbol ishqibozi Christian Parelli esa shaharning oʻyinga asta-sekin uygʻonayotganini kuzatmoqda. “Futbol boʻyicha hayajonni koʻrish juda yoqimli. Stanley Cup, Knicks va World Cup – sport uchun ajoyib davr”, deydi u.
Shahar meri Zohran Mamdani
Shu bilan birga, “New York World Cup isitmasiga chalinganmi?” degan savol berilganda, suhbat tez-tez bitta ismga borib taqaladi. Bu Lionel Messi emas. Koʻpchilik tilida – shahar meri Zohran Mamdani.
IT sohasida ishlaydigan, Arsenal muxlisi Aditya Shetty shunday deydi: “Shaharda aynan shunday ruh seziladi, ayniqsa merning oʻzi mezbonlik qilayotgani, odamlarni qarshi olayotgani tufayli. Gapirish uslubidan koʻrinib turibdi – u futbolni ancha vaqtdan beri kuzatadi, mamlakat oʻyinni qabul qilishi, odamlar oʻzini xush kelibsizdek his qilishi uchun jon kuydiradi. Bu yerda ishtirokchi mamlakatlardan juda koʻp odamlar yashaydi – braziliyaliklar, shotlandlar, marokashliklar. Shahar tabiatan koʻp millatli, World Cup esa buni yana bir bor eslatyapti”.
U bilan birga sogʻliqni saqlash sohasida ishlaydigan Laleh Emadi ham kelgan. U oʻzini ashaddiy futbol muxlisi deb hisoblamaydi, lekin Jahon chempionatiga toʻliq shoʻngʻigan. “Oʻyinni birga tomosha qilish, odamlar bilan yonma-yon boʻlish menga alohida hayajon beradi, – deydi u. – Shahar odamlarni tashqariga olib chiqishda, bir joyga jamlashda juda yaxshi ish qildi, deb oʻylayman. Mer turli maslahatlar beradi, World Cup oʻyinlarini arzonroq narxda tomosha qilish uchun pivo-va-tushlik aksiyalari taklif qilyapti. U bu turnirni shahar nomidan chin dildan quchoqlab olgan”.
Mamdani uchun hammasi juda qulay pallaga toʻgʻri kelmoqda. Uning sevimli jamoalaridan ikkitasi atigi bir necha hafta ichida chempionlikni nishonladi: Knicks 1973 yildan beri ilk bor NBA chempionligiga erishdi, Arsenal esa 22 yillik tanaffusdan soʻng Premier League’ni qoʻlga kiritdi. Yevropalik futbol ixlosmandlari ham bir narsani tan oladi: u haqiqatan ham futbolni “tushunadi”.
Gap faqat shunda emas, Mamdani Jahon chempionatining deyarli barcha qatlamida koʻrinadi – stadionlarda, ob-havo ogohlantirishlarida, natijalar haqidagi mulohazalarda. U turnirni siyosiy xabarlar uchun maydonga aylantira oladi, lekin buni zoʻrlab, noqulay tarzda emas, tabiiy ritmda qiladi. Bu, oʻz vaqtida 1966 yilgi gʻalabani “Angliya faqat Leyboristlar hukumat davrida World Cup yutadi, payqadingizmi?” deya hazil aralash siyosatga bogʻlagan britaniyalik sobiq bosh vazir Harold Wilsonni eslatadi. Futbol siyosatchilar uchun har doim quyoshli daladek – hamma oʻzcha hosil yigʻishga urinadi. Mamdani esa bu borada koʻpchilikdan bir necha pogʻona balandroq turibdi.
Tashqaridan qaraganda, bu yerda USA nomidan aynan Mamdani soʻzlayotgandek. Yoki hech boʻlmaganda, bolalarga darsliklarda oʻrgatiladigan idealistik mamlakat qiyofasini eslatadi. Prezident maʼmuriyati sayohat taqiqlari bilan band boʻlgan bir paytda, u New York City uchun maxsus, sayqallangan videomurojaat yoʻllab, shaharning muhojirlar shahri sifatidagi obroʻsiga tayandi va murojaatini bitta jumla bilan yakunladi: “Welcome home!”
Fifa prezidenti Gianni Infantino AQSh bozorida chiptalar qimmat boʻlishi “normal” ekanini uqtirayotgan bir paytda, Mamdani Nyu-Yorkliklar uchun 50 dollarlik chiptalar kelishib oldi. Fifa stadionlarda suv idishlariga ruxsat bermay, muxlislarni ichimlik narxlari orqali yana bir bor “siqishga” urinayotganida, bu qarshilikka Donald Trump emas, aynan Mamdani bosh boʻldi. Qoidalar shundan keyin oʻzgardi. New Jersey Transit dastlab MetLife Stadium yoʻnalishiga 150 dollarlik poyezd chiptalarini eʼlon qilganida ham, narxni tushirish tashabbusi Mamdani va New York gubernatori Kathy Hochul qoʻlidan chiqdi – ular 20 dollarlik shuttle avtobuslarini yoʻlga qoʻyishdi.
Hudson bo‘yidagi katta ekran atrofida yigʻilganlar uchun eng ogʻriqli mavzu aynan shu – narx. Va nishon nuqtasi aniq: Fifa. “Bitta muammo bor, hammasi arzonroq boʻlsa edi”, deydi Crabtree. “Juda qimmat, ayniqsa mahalliylar uchun”, deya qoʻshadi Parelli. “Agar chipta lotereyasini yutganimda, borishim mumkin edi, lekin hozir deyarli chetda qoldik”. Agar New Yorkdagi yosh mutaxassislar ham stadiondan siqib chiqarilayotgan boʻlsa, demak, Fifa tizimida nimadir chiriy boshlagan. Bu esa Mamdani va Infantino oʻrtasidagi keskin farqni yanada yaqqolroq koʻrsatadi – biri imkon qadar turnirni “hamma uchun World Cup”ga aylantirishga urinmoqda. (Fifa rasmiylari esa foyda butun dunyo boʻylab futbolning “ildizlari”ga yoʻnaltirilishini taʼkidlaydi.)
Bu chora-tadbirlar real hayotda qanchalik katta oʻzgarish keltiradi – vaqt koʻrsatadi. Lekin PR maydonida Mamdani allaqachon yutib boʻlgan. Trump maʼmuriyati New York City’ni Immigration and Customs Enforcement xodimlari bilan toʻldirish bilan tahdid qilganida, u Jahon chempionatining ruhini aniq, keskin va samimiy soʻzlar bilan ifoda etdi.
“World Cup butun dunyo bayrami boʻlishi kerak, – dedi Mamdani. – Federal maʼmuriyat tomonidan qabul qilingan ayrim qarorlar bu turnir mohiyatiga butunlay zid. Biz bu musobaqa bizning oʻzimizdan kattaroq narsaning bir boʻlagi ekanimizni tasdiqlashini istaymiz. Bu – dunyo oʻyini. Unda hammaning ishtirok etish huquqi bor”.
Jahon chempionatini xalqlarni birlashtirish uchun yaratgan, orzuga berilgan fransuz Jules Rimet bundan aniqroq ayta olmasdi. Lekin ayni damda bu gʻoyani eng ravon ifodalayotgan shaxs – bir newyorklik.
Infantino nuqtai nazaridan qaraganda, raqibning notiqlik darajasiga yetish mushkul. Mamdani – millennial avlod uchun, Gen X davrining “sterilligi”ga qarshi qaratilgan jonli antidot. Uning nutqlariga oʻrganmaganlar uchun Knicks paradidagi chiqishi haqiqiy kashfiyot boʻldi: nafaqat lahzani aniq ushlaydi, nafaqat New York aholisi oʻzini bitta jamoa sifatida his qilishiga yordam beradi, balki chap qanot gʻoyalariga ham deyarli sezilmas tarzda oʻtadi – bayram kayfiyatini buzmasdan.
Turnir davom etar ekan, maydon chetidagi manzara ham qiziq. Trump deyarli koʻrinmayapti, Mamdani esa deyarli hamma joyda. Albatta, prezidentning yelkasidagi yuk koʻproq, lekin u NBA finali chogʻida Knicks oʻyiniga kelishga ulgurdi – va u yerda uni hushtaklar kutib oldi. Endi esa, Infantino eʼlon qilganidek, finalda u bilan birga sovrin topshirish marosimida paydo boʻlish xavfini yana bir bor oʻz zimmasiga oladi.
Savol esa ochiq qoladi: New York bu World Cup’ni oʻzining koʻp millatli ruhi bilan eslab qoladimi yoki tribunalar narxi va siyosiy qarama-qarshiliklar haqida gapiradimi? Turnir yakunlanganda, bu shaharda esda qoladigan narsa aynan qaysi boʻladi?







