NHL kengayishi: Texas oldinga chiqmoqda, Kanada jim
NHL rahbariyati nihoyat navbatdagi kengayish manziliga aniqroq chiziq chizmoqda. Markazda bitta shtat turibdi – Texas. Kanada esa hozircha tomoshabin rolida.
Mюнxendagi Yevropa media-turida The Hockey News’ga intervyu bergan liga vitse-komissari Bill Daly 33-jamoa bo‘yicha muzokaralar qanchalik olg‘a ketganini ochdi. Gap shunchaki qiziqish haqida emas, deyarli tayyor bitim haqida ketmoqda.
Daly ochiq aytdi: NHL Texas bozoriga kirishga jiddiy bel bog‘lagan. Unga ko‘ra, asosiy maqsad – Houston. Austin esa muqobil variant sifatida stol ustida turibdi.
“Biz bitim tuzilmasi bo‘yicha kelishib oldik, hozir hamma shu yo‘nalishda ishlayapti, – dedi Daly. – Umid qilamizki, joriy yil dekabridayoq fransizani majburiy tarzda bog‘lab qo‘yadigan yakuniy kelishuvlarga erishamiz. Va ular 2029–30 yilgi mavsumdayoq o‘ynashni boshlashi mumkin, tranzaksiyani 2029 boshida yopish rejamizda bor”.
Bu so‘zlar shunchaki siyosiy bayonot emas. Liga Texas bo‘yicha allaqachon aniq yo‘l xaritasini chizib bo‘lgan. Muddatlar qo‘yilgan, bozor tanlangan, ssenariy ishlab chiqilgan.
Daly Texasdagi jarayonlar haqida gapirar ekan, ustuvorlikni yana bir bor belgilab berdi: “Biz Texasdagi qiziqish bilan muzokaralarda ancha oldinga o‘tib ketdik. Dastlab suhbatlar Houston atrofida aylangan. Vaqt o‘tishi bilan Austin varianti ham ko‘tarildi, va bizning potensial egalar guruhi Austin’dagi kengayishning afzalliklarini ham ko‘rib chiqishga tayyor. Lekin baribir, menimcha, ustuvor yo‘nalish Houston bo‘lib qolmoqda”.
Kanada bozorida sovuqlik
Texas atrofida harorat ko‘tarilayotgan bir paytda, Kanada bo‘yicha kayfiyat butunlay boshqa. Daly buni ham yashirmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha Kanadada yangi klub egasi bo‘lishni istayotganlar soni yetarli emas.
“Kanadada fransizaga egalik qilish va uni boshqarishga bo‘lgan qiziqish ayrim AQSh bozorlariga qaraganda ancha sustroq, – dedi Daly. – Boshqa kengayish variantlari nuqtai nazaridan, real shaharlardan kelayotgan haqiqiy qiziqish darajasi past. Biz allaqachon Kanadadagi yirik shaharlardan aksariyatida bor bo‘lib turibmiz”.
Bu – sovuq tashxis. Kanada xokkeyga bo‘lgan ehtiros bilan yashaydi, lekin NHL uchun hozir asosiy mezon – stadion yoki shunchaki xokkey muhabbati emas, balki kuchli, uzoq muddatli egalik guruhi. Aynan shu yerda bo‘shliq paydo bo‘lmoqda.
Quebec City: ehtiros bor, lekin egalar yo‘q
Kanada bo‘yicha gap ketganda, albatta, birinchi bo‘lib Quebec City yodga tushadi. NHL tarixida Nordiques nomi hanuz yashaydi, shahar 2015 yilda Las Vegas bilan birga kengayish uchun rasmiy ariza topshirgan edi.
Keyingi yil esa sovuq dush tushdi. Komissar Gary Bettman o‘sha paytda Quebecor – Montreal markazli media va telekommunikatsiya gigantining arizasi “keyinga qoldirilganini” e’lon qilgan. Shundan beri bu loyiha muzlab qolgan.
Daly bugun ham o‘sha asosiy muammoni takrorlaydi: “Inshoot (Videotron Centre) birinchi darajali, zo‘r, va biz shahar xokkeyga bo‘lgan ehtiros tufayli ishlashi mumkin deb hisoblaymiz. Lekin bizda fransiza sotib olib, uni Quebec City’da boshqarishni istayotgan, ochiqchasiga oldinga chiqib, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor potensial egalik guruhi yo‘q”.
Arenasi tayyor. Shahar xokkeyni sog‘ingan. Brend – tarixiy. Ammo NHL uchun hozircha bitta hal qiluvchi bo‘g‘in yetishmayapti: kuchli, qat’iy niyatli egalar guruhi.
Savol ochiq qolmoqda
Texas, ayniqsa Houston, NHL uchun navbatdagi katta bozor bo‘lib ko‘rinmoqda. Liga vaqtni cho‘zmayapti: agar hammasi reja bo‘yicha ketsa, 2029–30 mavsumda yangi klub muzga tushadi.
Kanadada esa so‘zdan ko‘ra ko‘proq ish talab qilinadi. Arenalar bor, an’analar bor, ehtiros bor. Endi navbat – haqiqiy investorlar va jasoratli egalarda.
Savol shunday: Texas NHL xaritasiga qo‘shilgan paytda, Kanada yana qanchaga qadar chetda turibdi?






