Novak Djokovic: Buyuk chempionning shubhalari
Novak Djokovic deyarli hammasini yutib bo‘ldi. Rekord darajadagi Grand Slam, rekord Masters 1000, Olimpiya oltini. Statistikaga qaralsa, u allaqachon tarixning eng buyuk tennischilaridan biri, balki eng buyugi.
Ammo u uchun bu yetarli emas.
Yangi Amazon hujjatli filmida Djokovicning birinchi jumlalariyoq zarba beradi: u o‘zidan qoniqmaydi. “Men qo‘limda bor narsadan, kimligimdan mamnunman, deb ayta olmayman”, deydi u. “Har doim ko‘proq bo‘lishni xohlayman – yaxshiroq, tezroq, kuchliroq. Ko‘pincha o‘zimni o‘zim qamoqqa tashlayotgandek his qilaman”.
Keyin esa yanada keskinroq e’tirof: “Men birinchi navbatda o‘zimni shubha ostiga qo‘yaman. O‘zimni boshqalardan ko‘ra ko‘proq noto‘g‘ri ekanimni isbotlashga urinaman”.
Bu so‘zlar 24 karra Grand Slam chempioni, Margaret Court bilan tarixiy rekordni bo‘lishib turgan, 39 yoshli Novakdan chiqyapti. 2023 yilgi US Opendagi g‘alaba uni tennis tarixida alohida qatlamga olib chiqqan edi. Shunga qaramay, u ichida hanuz iztirob, ichki bosim bilan yashaydi.
Bolalikdagi portlashlar va chempionni yasagan og‘ir kunlar
Djokovicning hikoyasi boshqa ko‘pchilik chempionnikidan keskin farq qiladi. U Belgradda tug‘ildi, bolaligi NATO bombardimoni ostida o‘tdi. 1999 yil bahor va yoz oylarida poytaxt ustidan samolyotlar uchib o‘tar, sirena ovozi kundalik hayotning bir qismiga aylangan edi.
U o‘sha lahzalarni eslar ekan, bir manzara alohida ajralib turadi: bombapanohsiz uyi, xavfsiz joyga yugurayotgan oila, yo‘lda sirg‘alib yiqilgan kichik Novak. Orqasiga qarasa, uyi tomon uchayotgan samolyot, yaqin atrofdagi shifoxonaga tashlangan ikkita bomba.
“Yillar davomida deyarli har kuni non va sut uchun navbatda turardik”, degandi u yozda BBC 5 Live bilan suhbatda. “Bu – meni o‘yinchi va inson sifatida shakllantirgan lahzalar. Pushaymonlik yo‘q, nafrat ham yo‘q. Aksincha – qadrlash va minnatdorchilik. Hayotdagi hamma narsa bir sabab bilan sodir bo‘ladi”.
Qimmat va ko‘pincha elitaga xos sportda u tashqaridan kirib kelgan bola edi. Otasi “noto‘g‘ri odamlardan” qarz olib, o‘g‘lining dastlabki turnirlarini moliyalashtirganini Novak ochiq aytadi. Tennischilar olamida bu – odatiy yo‘l emas.
Shu fon bilan qaralsa, yosh Djokovicning televizorda bergan ilk intervyusi boshqacha jaranglaydi. U paytda u tennisni “mas’uliyat” deb atagan, maqsadini esa qisqa va aniq qo‘ygan edi: “Mening tennistagi maqsadim – chempion bo‘lish”.
Federer–Nadal dueti orasiga kirib kelgan begona
U shunday ham qildi. Ammo yo‘l oson bo‘lmadi.
U professional sahnaga chiqqan paytda tennis olami allaqachon ikki qahramon atrofida qurilgan edi – Roger Federer va Rafael Nadal. Ularning raqobati tomoshabinni maftun etgan, tribunalar tarafini tanlab bo‘lgandek tuyulardi. Shu ikki ulkan nom orasiga kirib kelgan uchinchi yulduzga esa hamma ham quvonch bilan qaragani yo‘q.
Djokovic maydonda ulardan ko‘ra hissiyotliroq, ko‘proq gapiradigan, ko‘proq reaksiyaga beriladigan edi. Bu esa hammani ham rom qilavermadi. Ko‘p yillar davomida u tribunadagi sovuq qarashlar, hushtaklar, tarafkashlik bilan yashadi.
“Men juda ko‘p his-tuyg‘ularni ichimga yutishga majbur bo‘ldim, keyin ular kortda yuzaga chiqdi”, degandi u BBC 5 Live’ga. “Kort – o‘zimni xavfsiz his qiladigan joy edi. Tanish maydon. Tennis – bu shunchaki o‘yin va raqobat emas. U kimligimni belgilaydigan maydon”.
Shu bois har bir mag‘lubiyat, ayniqsa Grand Slamlarda, uning uchun faqat sportiy natija emas. Har safar savol bir xil: “Qachon ketadi?” Federer 2022 yilda, Nadal 2024 yilda jarohatlar bilan qiynalgan, og‘ir yakunlardan so‘ng raketkani chetga qo‘ydi. Djokovic esa hanuz shu savolga javob berishdan charchamaydi.
Cheksiz “tank”, tugamaydigan ochko‘zlik
So‘nggi yillarda u taqvimni qisqartirdi. Asosiy diqqat Grand Slamlarda. Boshqa turnirlar – tanlab, ehtiyotkorlik bilan.
O‘tgan yili Wimbledon’da Jannik Sinnerga yutqazganidan keyin u o‘sha bosqichlarga “bakning yarmi bo‘sh” holatda kelayotganini aytgan edi. Yoshi, tana charchog‘i, ruhiy bosim – hammasi jam bo‘ladi. Shunga qaramay, u hujjatli filmda bir narsani qat’iy ta’kidlaydi: aniq “muddat” yo‘q.
“Karyeramning amal qilish muddati haqida o‘ylamayman”, deydi u. “Nega nafaqani gapirishim kerak, agar hanuz o‘zimga isbotlab tursamki, men yutishim mumkin? Menda haydovchi kuch, ishtiyoq bor ekan, eng muhimi, dunyodagi eng yaxshi tennischilardan biri bo‘la olishimni his qilar ekanman, davom etmoqchiman”.
Bu so‘zlar quruq shior emas. 2024 yil Parijda kutilgan Olimpiya oltini nihoyat qo‘lga kiritildi. U bu medalni karyerasining cho‘qqisi deb ataydi. Ko‘pchilik uchun shundan keyin yakun chizig‘i ko‘rinadi. Djokovic esa Los Angeles 2028 haqida o‘ylayapti.
“U juda uzoqdek tuyuladi. Lekin men yetib borishimni his qilyapman”, deydi u. “Serbiya bayrog‘i yelkamda bo‘lgan holda yakunlasam, chiroyli bo‘lardi. Juda faxrlanadigan narsamni shunday tugatish yoqimli bo‘lardi”.
Ichki kurash tugamagan
Novak Djokovic bugun tennis tarixida o‘z o‘rnini allaqachon mustahkamlagan. Rekordlar, unvonlar, raqamlar – hammasi uning foydasiga ishlaydi. Lekin u uchun eng katta raqib baribir kortning narigi tomonida emas.
Uning eng katta raqibi – o‘z ichidagi shubha.
Hujjatli filmda aytilgan “Men birinchi navbatda o‘zimni shubha ostiga qo‘yaman” degan jumla, ehtimol, uning butun karyerasini eng aniq ifodalaydi. Har bir g‘alaba – shu shubhaga qarshi navbatdagi javob. Har bir final – ichki ovoz bilan navbatdagi bahs.
U 2026 yilgi US Open’da nima qiladi – bu hali noma’lum. Ammo bitta narsa aniq: u kortga chiqqan zahoti yana o‘sha eski savolga qaytadi – “hali ham eng yaxshilardan biri ekanligimni isbotlay olamanmi?”
Va bugungacha u bu savolga javob topishda boshqalardan kam bo‘lmagan ishtiyoq bilan yugurib kelmoqda. Endi savol boshqa: bu ichki kurash qachongacha davom etadi?






