OG Anunoby Londonga qaytdi: Basketbol maydonlarini yangilash tashabbusi
London uchun bu shunchaki yozgi tashrif emasdi. Bu ramziy qaytish edi. New York Knicks chempioni OG Anunoby tug‘ilgan shahri Londonga qaytib, bu safar kubok emas, beton va panjaralar bilan bog‘liq ishni boshladi.
Uning yonida – shahar meri Sadiq Khan. Orqada – NBPA yordami. Maqsad esa aniq: poytaxt bo‘ylab ommaviy basketbol maydonlarini yangilash va ko‘paytirish.
Harlesdendan Missouriga, so‘ngra yana Londonga
Anunoby Harlesden hududida tug‘ilgan. To‘rt yoshigacha shu yerda yashagan, keyin oilasi Missouri shtatiga ko‘chib o‘tgan va uning basketbol yo‘li o‘sha yerda boshlangan. Endi esa u o‘sha bolalik izlari qolgan shaharga qaytib, boshqa bolalar uchun eshik ochishga kirishdi.
Loyiha markazida Camdendagi Argyle Square basketbol maydoni turibdi. Aynan shu parkdagi maydon London meri tashabbusi bilan tuzilgan London Basketball Taskforce dasturining ilk pilot loyihasiga aylandi. Beton yangilanadi, chiziqlar qayta chiziladi, savatlar mustahkamlanadi – lekin hikoya bundan kattaroq.
Sadiq Khan ma’muriyati Anunoby bilan hamkorlikda shaharning turli tumanlarida ommaviy basketbol maydonlarini ta’mirlash va yangilarini qurishni rejalashtirgan. Maqsad oddiy, ammo katta: London yoshlari uchun haqiqiy basketbol infratuzilmasini yaratish.
Mer allaqachon 2026-yil yanvarida, NBA London Games oldidan, basketbolga qariyb 2 million funt sterling sarmoya kiritilishini e’lon qilgan edi. Argyle Square’dagi bu loyiha ana shu va’da qilingan paketning bir bo‘lagi.
“Keyingi yulduz shu yerda yetishib chiqishi mumkin”
Maidonda suratga olingan lavhalarda Anunoby bolalar bilan birga, yonida esa Khan. Savol havoda jaranglaydi: “Bu maydon keyngi NBA o‘yinchisini yetishtirishi mumkinmi?” Javob raqamlar bilan emas, o‘zi turgan joy bilan beriladi.
Har bir katta o‘yinchi biror joydan boshlaydi. Hech kim darhol NBA sahnasida paydo bo‘lmaydi – ular aynan shunday mahalliy maydonlarda, beton pol, zanglagan halqalar ostida ilk qadamni tashlaydi. London meri hukumatning ommaviy maydonlarni yangilashga sarmoya kiritayotganini ta’kidlar ekan, Anunoby o‘z tajribasi bilan bu tashabbusga jon bag‘ishlaydi.
Bu yerda gap faqat sport haqida emas. Bu – imkoniyat, yo‘l, orzu uchun maydon yaratish haqida.
2026–27: chempionning navbatdagi yurishi
Karyerasining eng yorqin cho‘qqilaridan birini boshdan kechirgan OG Anunoby endi ikki frontda kurashmoqda: parketda – chempionlikni himoya qilish, undan tashqarida – vatandoshlar uchun yo‘l ochish.
2026-yilgi NBA mavsumida u Knicks safida 16,7 ochko, 5,2 ribaund va 1,6 to‘p o‘g‘irlash ko‘rsatkichini qayd etdi. Pley-offda esa bosim ostida yanada ulg‘aydi: 20,1 ochko, 6,3 ribaund, 1,5 to‘p o‘g‘irlash va 1,1 blok. Bu raqamlar uni Nyu-York muxlislarining sevimlisiga aylantirdi – sababi faqat statistikada emas, uning ikki tomonlama, tinimsiz o‘yin uslubida.
Endi Knicks oldida tarixiy vazifa turibdi. So‘nggi to‘qqiz mavsumda hech bir jamoa chempionlikni ketma-ket yillarda himoya qila olmadi. Liga bo‘ylab transferlar, tarkiblar yangilanmoqda, kuchlar muvozanati o‘zgarib turibdi. Aynan shunday sharoitda chempionlikni saqlab qolish – chinakam sinov.
Anunoby esa bu sinovga tayyor ko‘rinadi. U endi nafaqat klub uchun, balki butun bir basketbol madaniyatini ortidan ergashtirayotgan ramzga aylangan.
Eng buyuk ingliz basketbolchisi?
Luol Deng, Ben Gordon, James Donaldson – ingliz basketboli tarixidagi yirik nomlar. Ammo bugun ko‘plar bir fikrga kelmoqda: OG Anunoby ularning barchasidan yuqoriga ko‘tarilgan bo‘lishi mumkin.
NBA chempionligi, ikki tomonlama elita darajadagi o‘yin, pley-offdagi yetakchilik – bularning barchasi uni ingliz basketboli tarixidagi eng yuksak cho‘qqiga olib chiqmoqda. Eng muhimi, u bu yutuqlarni o‘zidan keyingi avlod uchun eshik ochish vositasiga aylantiryapti.
Camdendagi Argyle Square maydonida to‘p sachrab tushgan har bir zarba endi boshqacha jaranglaydi. Bu faqat mahalla bolalarining o‘yini emas. Bu – Harlesdenda tug‘ilgan, Missouri’da ulg‘aygan va New York’da chempion bo‘lgan yulduzning vatanga qaytib, “navbat sizda” deyishidir.
Savol shunday: bu yangi maydonlardan qaysi biri ertaga NBA sahnasiga chiqadigan navbatdagi ismni tarbiyalaydi?







