UZB SPort

PFL New York: mag‘lubiyat nimaligini bilmaydigan jangchilar

PFL Nyu-York turnirining dastlabki janglari hali kech kirib ulgurmay turib oktagonga keskinlik olib keldi. Karta pastidan boshlangan oqim asta‑sekin kuchayib, har bir jang bilan bosim, shovqin va dramatizm oshib bordi.

Levan Khabalaev – chaqmoqdek start

Kechaning ilk yengil vazn toifasidagi jangi Chamy Delva va Levan Khabalaev o‘rtasida bo‘ldi. Delva rejasini yashirmadi – darrov oyoqqa kirib, jangni parterga tushirmoqchi bo‘ldi.

Ammo Khabalaev bu niyatni ildizidan uzdi. Qisqa, ammo o‘ta og‘ir zarbalar bilan tanaga ishladi, Delva tanasini bukib yerga o‘tirishga majbur bo‘ldi, baribir korpusdan ushlagancha ilinj bilan yopishib turdi. Bir necha soniya ichida Khabalaev bo‘shashgan gavdadan sirg‘alib chiqdi va to‘fondek zarbalar yog‘dirdi. Hakam Keith Peterson 1:44 da aralashdi – TKO.

5-0. Khabalaev PFL sahnasiga “tezkor tugatishlar” yorlig‘i bilan kirib keldi.

Tatiana Postarnakova – UFC veterani ustidan bayonot

Keyngi bo‘lib ayollar flyweight toifasida Montana De La Rosa va mag‘lubiyat nimaligini ko‘rmagan Tatiana Postarnakova to‘qnashdi. Bu yerda tajriba va “nol mag‘lubiyat” to‘qnashuvi edi.

Birinchi raunddan boshlab tashabbus Postarnakova qo‘lida bo‘ldi. U nafaqat zarbada, balki kurashda ham De La Rosadan ustun keldi, raund so‘ngida esa orqa tomondan bo‘g‘ish bilan jiddiy tahdid yaratdi. Gong De La Rosani qutqardi.

Ikkinchi raundda De La Rosa nihoyat o‘z o‘yinini – parterni ishga soldi, lekin o‘zi ham xavf ostida qoldi. Chuqur guillotine, so‘ng o‘zining guillotine urinishi – ikkala tomon ham bo‘g‘ishlar bilan javob qaytardi, ammo tap yo‘q.

Uchinchi raundda kurash to‘liq taktik jangga aylandi. Postarnakova muhim almashuvlarda scramblinglarni yutdi, yuqori pozitsiyani egallab, yerda zarbalar bilan hakamlar ko‘z o‘ngida ustunlikni mustahkamladi.

Natija – split decision: 29-28, 28-29, 29-28. Postarnakova rekordini 8-0 ga yetkazadi, De La Rosa esa 13-10-1 bilan oktagondan chiqib ketadi. PFL ayollar flyweight toifasida yangi jiddiy nom paydo bo‘ldi.

Qon, bo‘g‘ishlar va charchoq: Omar El Dafrawy – Jonathan Piersma

Catchweight (175 lbs) jangida Jonathan Piersma ishni tez boshladi – tezkor takedown va ustun pozitsiya. Ammo El Dafrawy pastdan ham xavfli ekanini ko‘rsatdi. Bir tirsak zarbasi bilan Piersmani yorib yubordi, kanvasni qon bo‘yadi.

Piersma orqa tomondan osilib, bo‘g‘ishlar bilan tahdid qildi, lekin orqa pozitsiyani ushlab tura olmadi. Sirg‘alib tushdi, o‘zi pastda qoldi va zarbalar qabul qila boshladi. Raund yakunida El Dafrawy tik turgan holatda ham chiroyli seriya bilan o‘z so‘zini aytdi.

Ikkinchi raund – yana tezkor Piersma takedowni. Bu safar u nazoratni ancha yaxshiroq ushladi, lekin oxiriga kelib yana El Dafrawy qutuldi, o‘zi raqibini yiqitdi va og‘ir ground and pound bilan raundni o‘g‘irladi.

Uchinchi raundda charchoq hammasini ochib tashladi. El Dafrawy yana kuchli zarbalar bilan boshladi, takedownni ag‘darib, yuqori pozitsiyani oldi. Piersma faqat raund oxirida bo‘g‘ish bilan so‘nggi urinishni amalga oshirdi, xolos.

Hakamlar bir ovozdan El Dafrawyni g‘olib deb topdi: 30-27, 29-28, 30-27. Uning rekordi 16-6, Piersma esa 12-4 bilan chekinadi. Bu jangda hamma narsa bor edi: qon, grappling janglari, va oxirida chidam ustunligi.

Sean Gauci – sovuqqon ustunlik

Bantamweight toifasida Allan Begosso va Sean Gauci oktagonga chiqdi. Bu jangda portlashlar kam, lekin nazorat ko‘p bo‘ldi.

Birinchi raunddayoq Gauci markazni egallab oldi va uni bo‘shatmadi. U zarbalar almashinuvida doim bir qadam oldinda bo‘ldi, raund yakunida esa jangni yerga tushirib, ustun pozitsiyada gongni kutdi.

Ikkinchi raundda ssenariy takrorlandi. Gauci zarbalarda ham, parterda ham Begossodan ustun ko‘rindi. Har bir kichik epizodda u yaxshiroq vaqt tanladi, yaxshiroq burchak topdi.

Uchinchi raundga kelib, tomoshabinlar sekinlashgan tempdan norozi bo‘lib hushtak chalishni boshladi, lekin oktagon ichida voqea o‘zgarmadi. Gauci o‘z rejasidan chekmadi, xavfga bormadi, lekin jangni to‘liq nazorat qildi.

Natija – bir ovozdan qaror: 30-27, 30-27, 30-27. Gauci 12-1, Begosso 10-5-1. Statistik emas, lekin murabbiylar qadrlaydigan tipdagi “toza ish kuni”.

Jake Paul shovqini va Lazaro Dayronning hisob-kitobi

Keyngi bantamweight jangida sobiq Bellator chempioni Raufeon Stots mag‘lubiyat nimaligini bilmaydigan Lazaro Dayron bilan to‘qnashdi. Qog‘ozda – yuqori darajadagi duel, amalda esa ehtiyotkorlik ustun bo‘ldi.

Birinchi raund – deyarli to‘liq razvedka. Yakka zarbalar, oyoqlarga tepki, vaqti-vaqti bilan boshga chiqish. Raund oxirida Dayron biroz faollashdi, takedown oldi, lekin u yerdan ko‘p narsa chiqarmadi.

Ikkinchi raundda harorat biroz oshdi, lekin baribir ehtiyotkor jang davom etdi. Dayron markazni ko‘proq egalladi, zarbalarda ham, kichik epizodlarda ham ko‘rinib turgan ustunlikni yig‘a boshladi.

Raundlar orasida arenadagi atmosfera birdan o‘zgardi. Ekranda Jake Paul ko‘rsatildi, zaldan esa bir ovozdan “F*ck Jake Paul” degan hayqiriqlar ko‘tarildi. Oktagon tashqarisidagi bu shovqin ichkaridagi muzdek taktik jangga mutlaqo zid edi.

Uchinchi raundga kelib Stots nihoyat shoshildi, tempni oshirdi, lekin Dayron markazni ushlab, grapplingni ishga soldi va jangni o‘z qo‘lida saqlab qoldi.

Natija – split decision: 28-29, 29-28, 29-28 Dayron foydasiga. Uning rekordi 11-0-1, Stots esa 21-5 bilan ortga qaytadi. Bu g‘alaba Dayronni nafaqat mag‘lubiyatsiz saqlab qoldi, balki sobiq chempion ustidan olingan juda muhim bayonotga aylandi.

Moustapha Diakhate – 205 funtda ogohlantirish

Light heavyweight toifasida Moustapha Diakhate va Darryl Walker kechaning eng tezkor portlashlaridan birini taqdim etdi. 205 funtlik jangchilar gong chalinishi bilan ishni og‘ir zarbalardan boshlashdi.

Diakhate o‘zining qudratli strikingi va tezkor takedownlari bilan darhol ustunlikni qo‘lga kiritdi. U jangni yerga tushirdi, pozitsiyani mustahkamladi va yuqoridan chap qo‘l bilan shafqatsiz zarbalar yog‘dira boshladi.

Hakam Tommy Santana 2:35 da jangni to‘xtatdi – TKO. Diakhate rekordi 6-0-1, Walker 2-1. PFL bu vazn toifasida yangi, xavfli nomga ega bo‘ldi. Va bu hali faqat kirish so‘zi bo‘lishi mumkin.

Amru Magomedov – oyoqdan boshlangan yakun

Yengil vazn toifasidagi Angel Alvarez va mag‘lubiyatsiz Amru Magomedov jangi karta o‘rtasini jonlantirib yubordi. Dastlabki daqiqalarda ikkisi ham ehtiyotkor, lekin barqaror tempda harakat qildi.

Raund o‘rtalariga borib Magomedov zarbalar almashinuvida ustunlikni qo‘lga oldi va jangni o‘z shartlariga ko‘ra olib bordi. U raqibni pastdan “o‘qigancha”, tasodifiy bo‘lsa-da, ancha qattiq low blow bilan jangni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Pauzadan so‘ng esa hech narsa bo‘lmagandek ishini davom ettirdi – bu safar faqat ruxsat etilgan zarbalar bilan.

Ikkinchi raundda Magomedov oktagon markazini egalladi va Alvarezni turli tepki kombinatsiyalari bilan ortga sura boshladi. Ayniqsa, boldirga yo‘naltirilgan calf kicklar hal qiluvchi omilga aylandi. Bir qattiq tepki Alvarezni qotirib qo‘ydi – u yiqilmadi, lekin oyog‘i bo‘shashgancha gandiraklab qoldi. Oradan ko‘p o‘tmay, yana bir og‘ir calf kick – bu safar kanvasga quladi.

Magomedov fursatni qo‘ldan boy bermadi: ustiga yopishib, zarbalar bilan bo‘ron ko‘tardi, full mountga chiqdi va yarim daqiqa qolganda hakam Dan Miragliotte to‘xtatmaguncha og‘ir zarbalar yog‘dirdi.

Natija: TKO, 4:28, 2-raund. Magomedov 11-0, Alvarez 11-3. Bu faqat g‘alaba emas, bu yengil vazn tepasiga yuborilgan aniq signal edi.

Oldinda esa hali co-main event – Dakota Ditcheva va Denise Kielholtz jangi, va kechaning bosh qismi kutib turibdi. PFL Nyu-York oqshomi allaqachon o‘z tonini topdi: mag‘lubiyatsiz rekordlar, tezkor to‘xtatishlar va yangi yulduzlar. Savol bitta: bu oqshomni kim yakuniy so‘z bilan yopadi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling