Pio Esposito Inter Milan'da qolishni tanladi
Manchester United yozgi transfer rejasining muhim bo‘lagidan ayrildi. Inter Milan hujumchisi Pio Esposito atrofidagi noaniqlik tugadi: italiyalik iste’dod yangi shartnoma bilan “San Siro”da qolishga qaror qildi.
Bu qaror Manchester United rahbariyatining so‘nggi haftalardagi faol harakatlaridan keyin qabul qilindi. Klubning asosiy nishoni sifatida Benjamin Sesko ko‘rilayotgan bir paytda, “Old Trafford”dagilar unga raqobat qiladigan, kelajakda esa asosiy “to‘qqizlik”ka aylanishi mumkin bo‘lgan yana bir markaziy hujumchini qidirayotgan edi.
Matheus Cunha hujum chizig‘ida o‘ynay oladi, lekin u tabiatiga ko‘ra klassik jarima maydoni “qotili” emas. Joshua Zirkzee ham Michael Carrick qo‘l ostida variantlardan biri sifatida ko‘rilayotgan bo‘lsa-da, u ham to‘liq markaziy forvard emas va ustiga-ustak, Juventus qiziqishi fonida uning Manchesterda qolishi ham katta savol ostida.
Shu fon’da Pio Esposito nomi Manchesterdagi skautlar stoliga jiddiy variant sifatida qo‘nib olgan edi.
Unitedning Esposito rejasiga chiziq tortildi
TEAMtalk’ning transfer bo‘yicha insayderi Graeme Bailey ma’lumotiga ko‘ra, Manchester United allaqachon Chelsea taklif etgan Liam Delap variantidan voz kechgan. E’tibor esa Espositoga qaratildi.
Bailey 8-iyun kuni bergan xabarida klub skautlari Italiya terma jamoasi safida Luksemburg va Gretsiyaga qarshi o‘yinlarda Pio Espositoni yaqindan kuzatganini ma’lum qilgan. O‘sha paytda klub ichkarisidagi manbalar Espositoni “eng yuqori darajadagi markaziy hujumchiga aylanishi mumkin bo‘lgan fazilatlarga ega” futbolchi sifatida baholayotganini aytgan edi.
Bunga asos bor edi. 21 yoshli hujumchi o‘tgan mavsumda Inter safida barcha musobaqalar bo‘yicha 48 o‘yinda maydonga tushib, 10 ta gol urdi va 6 ta golli uzatma berdi. Bu raqamlar uni Serie A’dagi eng istiqbolli yosh hujumchilardan biriga aylantirdi. Klub raisi va bosh ijrochi direktori Giuseppe Marotta esa 2025-yil noyabrida FCInter1908 nashriga bergan intervyusida uni “bir necha yillardan beri go‘yo taqdirida yozilgan iste’dod” sifatida ta’riflagan.
Shunday futbolchi uchun kurash keskin bo‘lishi tabiiy edi. Ayniqsa, hujum chizig‘ini qayta qurayotgan Manchester United uchun.
“Hech qanday pul yetarli emas edi”
Italiya matbuotiga ko‘ra, Manchester United Espositoni qo‘lga kiritish uchun jiddiy “hujum” boshlagan. Lekin bu safar pul ham yetmadi.
Ishonchli italiyalik jurnalist Alfredo Pedulla o‘z saytida shunday yozdi: Inter Pio Espositoga bo‘lgan barcha turdagi “hujum”larga, ayniqsa 2005-yilda tug‘ilgan hujumchini diqqat markaziga olgan Manchester Unitedga qarshi turdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Nerazzurri” pozitsiyasi qat’iy bo‘lgan – bu qarorni o‘zgartirishga hech qanday summa yetmasdi.
Pedulla bir oy avval Espositoning yangi shartnomasi bo‘yicha raqamlarni ham oldindan aytib o‘tgan: bazaviy maosh taxminan 3,5 million yevro atrofida, ustiga bonuslar qo‘shilishi kutilmoqda. Inter bu jarayonda shoshilmadi. Sababi aniq edi: Pio Esposito doimo birinchi navbatda Interni tanlashini bildirdi.
Endi esa muzokaralar yakuniy bosqichga kirib bormoqda. Tomonlar “masalaning yuragi”ga tobora yaqinlashmoqda va bu, amalda, Espositoning yangi shartnoma bilan Milan klubiga bog‘lanishini anglatadi.
United uchun savol: keyingi nishon kim?
Espositoning qarori Manchester United transfer rejasida bo‘shliq qoldirdi. Benjamin Sesko asosiy “to‘qqizlik” sifatida ko‘rilayotgan bo‘lsa-da, klub rahbariyati hujum chizig‘ini bitta futbolchiga bog‘lab qo‘ymoqchi emas. Cunha va Zirkzee singari ko‘p vazifali hujumchilar bor, lekin Carrick tizimida haqiqiy markaziy hujumchi yetishmayotgani ayon.
Inter esa o‘z navbatida kelajagini qo‘lida ushlab turibdi. Pio Esposito qolishni tanladi, klub esa unga atrofida jamoa qurish imkonini bermoqchi.
Savol endi bitta: Manchester United keyingi “predestinatsiyalangan” hujumchini qaerdan topadi?







