PSG navbatdagi zarbani belgiladi: Mika Godts transferi
Paris Saint-Germain yozgi hujum chizig‘ini yangilash rejasini yashirmayapti. Klub allaqachon AS Monaco hujumkori Maghnes Akliouche bo‘yicha yakuniy bosqichga kirgan bir paytda, endi navbat Ajax qanot hujumchisi Mika Godtsga kelgan.
Fabrizio Romano xabariga ko‘ra, Parij klubi Amsterdam grandiga rasmiy muzokaralarni boshlab bo‘lgan. Gap shunchaki qiziqish haqida emas – bu transfer reja markazida turibdi.
Ajax Godtsni qo‘yib yuborishni istamayapti
PSG hujumni kuchaytirishga majbur. Klub ichida Godts nomi ustuvor maqsad sifatida tilga olinmoqda, ammo yo‘l silliq emas. Ajax belgiyalik iqtidorni saqlab qolishga qat’iy qaror qilgan, klub rahbariyati uni kelasi loyiha markazida ko‘rmoqda.
Shunga qaramay, Parij tomonida ishlar jiddiy ketmoqda. Godts klub sport direktori Luis Ocampos bilan “to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ijobiy” muloqotlardan so‘ng PSGga qo‘shilishga rozilik bildirgani aytilmoqda. Endi asosiy to‘siq – Ajaxning pozitsiyasi va transfer narxi.
Barcola chiqib ketadi, chap qanot bo‘shab qoladi
Bu shoshilinchlikning sababi aniq. Bradley Barcola yozda klubni tark etishi kutilmoqda. U 2028-yilgacha amal qiladigan shartnomasini uzaytirmasligini allaqachon klubga ma’lum qilgan. Bu esa kelishuvni cho‘zib o‘tirmasdan, uni hozir sotib yuborish ehtimolini keskin oshiradi.
Barcola uchun hozircha eng faol da’vogar – Liverpool. Angliya grandi yaqin kunlarda fransiyalik futbolchi uchun ilk rasmiy taklifini taqdim etishi kutilmoqda. Agar bu transfer amalga oshsa, Luis Enrique hujum chizig‘ida muhim variantlardan birini yo‘qotadi.
Chap qanot bo‘shab qoladi. Aynan shu bo‘shliqni PSG Godts bilan to‘ldirmoqchi.
Hazard soyasi ostidagi iqtidor
Mika Godts – o‘ng oyoqli, lekin chap qanotda o‘ynashni afzal ko‘radigan hujumchi. Zarurat bo‘lsa, u markaziy hujumkor yarim himoyachi sifatida ham ishlay oladi. Bu moslashuvchanlik Luis Enrique taktik sxemalari uchun ayni muddao.
Uni tezligi, tor zonadagi texnikasi, ijodkorligi va darvoza oldidagi xotirjamligi bilan tanishadi. Shuning uchun ham u ko‘pincha Eden Hazard bilan qiyoslanadi. Taqqoslash yelkasiga yuk bo‘lishi mumkin, lekin Godts o‘tgan mavsumda bu bosimni ijobiy natija bilan qarshi oldi.
21 yoshli futbolchi barcha musobaqalar doirasida 44 uchrashuvda maydonga tushib, 17 ta gol urdi va 15 ta golli uzatma berdi. Bu raqamlar nafaqat iqtidor, balki tayyor mahsulot borligini ko‘rsatadi.
Mehnati e’tiborsiz qolmadi: u 2025/26 yilgi Eredivisie mavsumida “Yil iqtidor egasi” sovrinini qo‘lga kiritdi. Bu yo‘lda u bir qator nomzodlarni, jumladan yirik klublar nishoniga aylangan AZ futbolchisi Kees Smitni ham ortda qoldirdi.
PSGning yangi chap qanoti tayyormi?
PSG uchun bu transfer oddiy rotatsiya emas. Barcola ketishi mumkin bo‘lgan, Akliouche kelishi kutilayotgan bir pallada Godts – yangi hujum liniyasining muhim bo‘lagi bo‘lishi mumkin.
Savol bitta: Ajax o‘z iqtidorini qanchaga baholaydi va Parij klubi bu narxni to‘lashga qay darajada tayyor?
Yozgi bozor hali endigina qiziyapti. Godtsning keyingi qadamini esa yarim Yevropa kuzatib turibdi.







