UZB SPort

Rayan Cherki: Futbol Dahosi

Sage: Cherki – dahomi allaqachon ko‘rinib turgan yulduz

Lyon akademiyasi va birinchi jamoasida birga ishlagan yillari Jeremi Sage uchun bir narsani aniq qilib qo‘ydi: Rayan Cherki odatiy iqtidor emasdi. Unga ko‘ra, bu iste’dod allaqon o‘sha paytda portlab chiqishga tayyor bo‘lgan.

Janubiy Londondagi juma kungi bahs arafasida Sage o‘sha davrni eslab, Cherki atrofidagi shubhalar haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik bu yigitning katta futbolda o‘zini ko‘rsata olishiga ishonmagan.

“Bu jarayon edi, chunki juda ko‘p odamlar uning kariyerasida muvaffaqiyat qozona olmasligini o‘ylardi. Men bunday o‘ylamaganman”, – deydi u. “Unga tushuntirganman: ‘Senda katta talant bor va menimcha, sen uni maxsus kontekstlarda ko‘rsata olasan’. Va u shuni oxirgi o‘yinida Bournemouthga qarshi namoyish qildi”.

Sage uchun Cherkini to‘g‘ri yo‘lga solishning kaliti – muvozanatni topish bo‘lgan. Hujumda erkinlik, lekin jamoa uchun qora ishni ham bajarish.

“Jamoa uchun himoyada ham bir narsa berishing kerak, hujumda esa talantingni saqlab qolishing zarur”, – deydi u. “Men unga hujum bo‘yicha deyarli hech narsa demasdim, chunki u o‘yinni mendan ham yaxshiroq tushunardi. Uni nazorat qilishning eng yaxshi yo‘li – unga uzatiladigan paslarni to‘xtatish. Chunki u to‘pni olsa, biz tasavvur qilmaydigan ishlarni qila oladi”.

Shu orada klub ichkarisida ham Cherki haqida qarorlar pishib ulgurgan. City rahbariyati uni jamoaning ijodkorlik markazida Kevin De Bruyne o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan uzoq muddatli yechim sifatida belgilab qo‘ygan. Bu – oddiy maqtov emas, balki butun hujum falsafasini unga tayab qurish niyatidan dalolat.

Sage esa sobiq shogirdi tomonidan “futbol dahosi” sifatida ta’riflanganida, ohangni yanada balandroq ko‘tardi. U o‘zini emas, aynan Cherkini osmonga ko‘tardi.

“Dahodan ham yuqori so‘z bormi, bilmayman, – deydi u. – Men daho emasman; u daho. Biror narsani tushuntirish va o‘rgatish – bu bir bosqich. Lekin o‘sha narsalarni maydonda bajarish – boshqa bosqich. U shu darajada. Balki Xudo?”

Bu so‘zlar shunchaki hissiyot emas, balki murabbiyning ichki ishonchi. Cherki uchun endi savol bitta: bu darajaga ko‘tarilgan ta’rifni u hafta sayin maydonda tasdiqlay oladimi?

Rayan Cherki: Futbol Dahosi