Real Madridning Diomande uchun ehtiyotkor rejalari
ning eng qimmat yulduzi hozircha zaxirada. Bu tasodif emas, hisob-kitob qilingan xavfsizlik rejasi.
Diomande uchun “zirh” rejasi
19 yoshli ivoriyalik Yan Diomande klub tarixidagi eng qimmat transferga aylandi: Leipzigga 125 million yevro, bonuslar bilan bu summa 140 milliongacha yetishi mumkin. Bunday raqamlar odatda bir narsani anglatadi – darhol asosiy tarkib, darhol markazga chiqish, darhol bosim.
Madridda esa boshqa yo‘l tanlandi.
Diomande hali birorta uchrashuvni asosiy tarkibda boshlamadi. Maydonga chiqdi, lekin faqat so‘nggi daqiqalarda, o‘yinning yakuniy bo‘limlarida. Tomoshabinlar hayron, raqiblar hushyor, lekin klub ichida hech kim shoshilmayapti.
Buning ortida aniq qarash turibdi: Jose Mourinho va klub sport rahbariyati Diomandeni “qadamma-qadam” rejasi asosida olib chiqmoqchi. Murabbiy bu yo‘l xaritasini Interga qarshi o‘yin oldidan ochiq aytib ham qo‘ydi – u jamoaga kech qo‘shildi, moslashishi kerak, vaqti keladi, lekin hozir emas.
Mastantuono sabog‘i
Ispan matbuoti, xususan, “Mundo Deportivo” bu ehtiyotkorlikning soyasida o‘tgan yozdagi boshqa bir hikoyani ko‘ryapti. Ism tanish: Mastantuono.
Argentinalik iste’dod River Platedan 63,2 million yevroga kelganida, 18 yoshli yigit Madrid kelajagining ramzidek ko‘rilgan edi. Unga “vaqt” emas, darhol “mas’uliyat” berildi. Reja emas, shoshilish ustun bo‘ldi.
Xabi Alonso qo‘l ostida Mastantuono ketma-ket uchrashuvlarda asosiy tarkibda tushdi. Bir necha o‘yinda ham. Kutilmalar osmonda, tanqidlar tayyor, sabr esa deyarli yo‘q edi. Natija uzoq kuttirmadi: bosim uni sindirdi.
U asta-sekin startdagi o‘n birdan yo‘qola boshladi, zaxiraga ko‘chdi, so‘ng esa butunlay chetga surildi. Eng achinarlisi – bu yozda u ijaraga Fiorentinaga jo‘natildi. Bir yil avval “kelajak yulduzi” sifatida kutib olingan yigit bugun boshqa liga, boshqa ranglar, boshqa ambitsiyalar bilan band.
Madrid bu xatoni unutgani yo‘q.
125 millionni xavfga qo‘yishmaydi
Shu tarix fonida Real Madridning Diomandega bo‘lgan munosabati tushunarli bo‘lib qoladi. Klub 125 million yevrolik sarmoyani maydonga otib, “yo porlaydi, yo yonib ketadi” degan qimor o‘ynamoqchi emas.
Ular bu safar himoya devorini oldindan qurishyapti. Bosimni filtrlashyapti. Diomandeni asta-sekin Bernabeu sahnasiga olib chiqishyapti – so‘nggi daqiqalar, qisqa epizodlar, nazorat ostidagi vaziyatlar orqali.
Bu yondashuv tomoshabinga sabrsiz tuyulishi mumkin. Transfer summasi fonida esa yanada. Lekin Madrid bugun bir narsani aniq biladi: Mastantuono tajribasi takrorlansa, bu safar zarba ikki baravar og‘ir bo‘ladi – sport jihatdan ham, moliyaviy jihatdan ham.
Diomande Bernabeuda yulduzga aylanishi uchun hamon vaqt bor. Savol faqat shunda: bu sekin va ehtiyotkor reja uni himoya qiladimi yoki eng qimmat transferni ortiqcha ehtiyotkorlik bo‘g‘ib qo‘yadimi?






