Regisning qulashi: Pirituba soyasida yo‘qolgan hayot
Pirituba soyasida yo‘qolgan hayot: sobiq hujumchi Regisning qulashi
San-Paulu shimolidagi Pirituba tumanida, vayronalar va chiqindilar o‘rtasidagi kichikgina maydonda, bir paytlar Braziliya stadionlarini larzaga keltirgan hujumchi bugun karton va yirtiq adyollar ostida tunab qolmoqda. Bu odam – Ponte Preta, Corinthians va Vasco safida o‘ynagan sobiq hujumchi Regis.
49 yoshli sobiq futbolchi hozir ko‘chada yashaydi. Uning "uy"i – shunchaki brezent, eskirgan ko‘rpa va kartonlardan qilingan bechora pana joy. Atrofini to‘plangan chiqindilar, singan beton bo‘laklari va chang bosgan skameykalar o‘rab turibdi. Bir paytlar stadion chiroqlari ostida yashnagan hayot endi ko‘cha chiroqlari ostidagi sovuq kechalar bilan almashgan.
Bu fojianing markazida bitta so‘z turibdi: krek-kokain. Og‘ir giyohvandlik unga uyini, sha’nini va deyarli barcha yaqinlarini yo‘qotdirgan. Globo Esporte jurnalisti Emilio Botta bilan suhbat chog‘ida Regis o‘z iztirobini yashirmadi. U bir jumla bilan butun fojeasini ifoda etdi: "Yaxshisi, ular meni o‘lik deb o‘ylashsin... Men mavjudligimni hech kim bilishini istamayman".
Bu so‘zlar stadionlarda gol nishonlagan, muxlislar qarsak chalgan, himoyachilarni aldab o‘tgan insondan chiqqaniga ishonish qiyin. Ammo haqiqat shafqatsiz.
Xavotir birinchi bo‘lib sobiq jamoadoshlari orasida ko‘tarildi. Ular bilan u endi professional emas, havaskor jamoada birga o‘ynagan, ammo shundoq ham zaiflashgan sog‘lig‘i tobora yomonlashayotgani sezilgan. O‘sha paytda ham giyohvandlik soyasi uning ortidan quvib yurgan.
Regisning bu yo‘ldagi ilk izlari futbolchilik davridayoq ko‘rina boshlagan. U odatiy antidoping nazoratlarida ikki marta kannabis uchun ijobiy natija bergan. O‘sha paytda bu faqatgina intizomiy muammo bo‘lib ko‘ringan bo‘lishi mumkin, lekin aslida chuqurroq jarayonning boshlanishi edi.
Shunga qaramay, u maydonda o‘z izini qoldirishga ulgurgan. Professional faoliyati davomida 170 ta rasmiy o‘yinda 49 ta gol urgan. U Braziliyada Coritiba, Bahia, Portuguesa klublarida to‘p surgan, shuningdek, Yaponiya, Turkiya va Saudiya Arabistonida ham legioner sifatida o‘ynagan. Turli mamlakatlar, turli stadionlar, turli liboslar – ammo bitta umumiy chiziq: gollar, umidlar, imkoniyatlar.
Futbol tugagach esa, boshqa o‘yin boshlandi. Bu safar raqib – narkotika. U esa maydondagi har qanday himoyachidan ham ayovsizroq bo‘lib chiqdi. Professional sportdan ketgach, noqonuniy moddalar uning shaxsiy hayotini tobora ko‘proq egallay boshladi. Rejim, mashg‘ulotlar, tartib yo‘qoldi – o‘rnini bo‘shliq va qaramlik egalladi.
Huquqiy muammolar ham uzoq kuttirmadi. 2025 yilda u binoning boshqaruvchisiga hujum qilgani uchun hibsga olingan. Shu voqea ortidan u o‘zi yashab turgan kvartirasidan mahrum bo‘ldi. Tom ma’noda ko‘chaga chiqarib yuborildi. Shundan keyin Pirituba ko‘chalari uning yagona "manzili"ga aylandi.
Bugun Regis hayoti stadiondagi statistikalar bilan emas, balki tirik qolish uchun har kuni olib borayotgan kurashi bilan o‘lchanadi. Bir paytlar u g‘alaba uchun ter to‘kkan maydonlaridan yiroqda, kimsasiz maydonchada o‘tiribdi. O‘tmishidagi 49 gol hozir hech narsani o‘zgartira olmaydi. Savol esa ochiq qoladi: bu qulashi qanchalik chuqur bo‘lishi mumkin va uni qayta tiklashga hali kech emasmi?






