Ronaldo va jahon chempionatlari: tugamagan hisob-kitob
Ronaldo va jahon chempionatlari: tugamagan hisob-kitob
2006 yil, Germaniya
Yoshi 21 da, yelkasida 7-raqam, ko‘zida esa hech kim to‘xtata olmaydigandek ishonch. Cristiano Ronaldo o‘zining ilk Jahon chempionatida darhol tarixga kiradi: Portugaliya tarixidagi eng yosh mundial to‘purariga aylanadi. Eron darvozasiga kechgi penalti – 2:0, guruhdagi ikkinchi o‘yin, sahnaga yangi yulduz chiqadi.
Ammo bu turnirdagi yagona goli bo‘lib qoladi.
O‘sha paytda Ronaldo bugungidek jarima maydoni ichidagi qotil hujumchi emas, chiziq bo‘ylab uchadigan, fint bilan raqibni yiqitadigan vinger edi. Shuning uchun pley-off bosqichidagi to‘rt o‘yinda ham gol ura olmagani katta muhokama bo‘lmadi. Portugaliya to‘rtinchi o‘rinni oldi, lekin turnir tugamasdan turib, boshqa narsa muhokama markaziga aylandi: uning fe’l-atvori.
Fransiyaga qarshi yarim finalda Ronaldo to‘pga har safar tegganida, butun stadion hushtak chaldi. Sabab – Angliyaga qarshi chorak finaldagi mashhur epizod. Manchester Uniteddagi jamoadoshi Wayne Rooney Ricardo Carvalho’ga qo‘pollik qiladi, maydondan chetlatiladi, Ronaldo esa hakamga qarab, o‘zini ishora qilayotgandek tutadi. Keyin esa Portugaliya zaxira o‘rindig‘iga qarab, ko‘z qisadi.
Angliya matbuoti portlab ketadi. Steven Gerrard: “Uni hakamga sariq kartochka ko‘rsat deyotganini ko‘rdim, bu mutlaqo noo‘rin edi. U mening jamoadoshim bo‘lganida, undan jirkanardim”, – deydi. Frank Lampard ham uni Rooney’ga nisbatan hurmatsizlikda ayblaydi. O‘sha wink – o‘sha ko‘z qismoq – Ronaldoning ilk katta mundialidagi eng esda qolgan lahzaga aylanadi. Ammo yaxshi ma’noda emas.
Ronaldo Angliyaga qarshi penaltilar seriyasida hal qiluvchi zarbani aniq bajaradi, o‘zini oqlashga urinadi, “hech qanday qoidabuzarlik qilmadim” deydi. FIFA texnik guruhi esa boshqa qaror chiqaradi. Ular sportchilik ruhini hisobga olib, turnirning eng yaxshi yosh o‘yinchisi sovrinini Ronaldoga emas, Lukas Podolski’ga topshiradi.
Holger Osieck bu qarorni izohlarkan: “Biz yaxshi xulq-atvorni istaymiz. Biz bu borada tanqidiy bo‘ldik. Futbolchilar o‘rnak bo‘lishi kerak, fair play biz uchun mezon”, – deydi u. Ronaldo Jahon chempionatida ilk bor katta sahnada yutqazadi. Bu safar – imijda.
Kapitanlik bosimi va Janubiy Afrika iztirobi
2010 yilga kelib, Ronaldo endi Portugaliya sardori, ramzi, timsoli. Janubiy Afrikadagi mundial uning uchun boshqacha bo‘lishi kerak edi. Ammo bo‘lmadi.
U bor-yo‘g‘i bir marta – Shimoliy Koreyaga qarshi 7:0 hisobidagi qirg‘in o‘yinda – oltinchi golni uradi. Eng alam qiladigani shuki, bu – terma jamoadagi 16 oylik golsiz seriyasini uzgan zarba edi. Sardor uchun bu raqamlar juda og‘ir.
Ispaniyaga qarshi 1:0 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng u mikrofon oldida sinib tushgandek ko‘rinadi: “O‘zimni butunlay tushkun, umidsiz va tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada qayg‘uli his qilyapman”, – deydi. Vatanida esa uni boshqa sabab bilan ham tanqid qilishadi.
Kamera Ronaldoni ushlab qoladi: “Qanday tushuntiray? Bu savolni Carlos Queiroz’ga bering”, – deydi u. Bu gaplar Portugaliyada portlashga sabab bo‘ladi: sardor murabbiyga barmoq bilan ko‘rsatdimi?
Ronaldo keyinroq vaziyatni yumshatishga urinadi: “Men ‘savolni murabbiyga bering’ deganimda, u matbuot anjumanini o‘tkazayotgandi, xolos. Men ham odamman, azob cheksam, yolg‘iz azob chekish huquqim bor. Men sardorman, mas’uliyatni har doim olganman va olaman”, – deya tushuntiradi.
Queiroz esa chegarani chizib qo‘yadi: “Hech kimga terma jamoa manfaatlaridan ustun turishga yo‘l qo‘ymayman. Portugaliyaga Ronaldo kerak, Ronaldoga Portugaliya kerak. Agar bu futbolka kimnidir asabiylashtirsa, u yerda bo‘lishga haqqi yo‘q”, – deydi u. Sardorlik nishoni og‘irlashib borardi.
Braziliyada so‘nib qolgan yulduz
2014 yilgi saralashda Ronaldo Portugaliyani deyarli yolg‘iz o‘zi mundialga olib kiradi. Shvetsiyaga qarshi pley-off – to‘rtta gol, sahnada faqat u va Zlatan. Portugaliya yutadi, Ronaldo yana qahramon.
Braziliyaga esa tizzasi va sonidagi muammolarga qaramay, “100 foiz tayyorman” degan da’vo bilan keladi. Ammo maydonda boshqa Ronaldo ko‘rinadi. Soya. Charchagan, og‘ir, odatdagi portlashsiz.
Germaniyaga qarshi 0:4 – dahshatli start. AQSh bilan 2:2 – u Silvestre Varela’ning oxirgi daqiqadagi goliga golli uzatma beradi. Gana ustidan 2:1 – Ronaldo 80-daqiqada g‘alaba golini uradi. Ammo hammasi kech. Portugaliya uchinchi o‘rin, guruhdan chiqish yo‘q.
U odatda bemalol yakunlaydigan vaziyatlarni boy bergani uchun tanqidlar yomg‘iri ostida qoladi. Murabbiy Paulo Bento esa uni himoya qiladi: “Bu turnirda xatolarni uchta o‘yinning har birida jamoadek qildik. Men hech qachon bitta o‘yinchini ayblamayman. Maqsadga erisha olmaganimiz uchun javobgarlik meniki”, – deydi u. Keyin qo‘shadi: “Cristiano odatda juda samarali, lekin birdaniga uddalay olmadi. Baribir, uni aybdor qilmayman”.
Braziliya Ronaldoning mundial bilan bo‘lgan murakkab munosabatiga yana bir chiziq qo‘shdi. Ammo yakuniy nuqta emasdi.
Rossiyadagi portlash va yana pley-offdagi sukut
2018 yil, Sochi. Ronaldo o‘zining eng shov-shuvli mundial startlaridan birini qiladi. Ispaniyaga qarshi 3:3 – hat-trick, katta turnirdagi ilk jarima zarbasi goli, Portugaliyaga qimmatli ochko. U o‘zi haqida gapirganda ham, jamoadan og‘ishni istamaydi: “Bu shaxsiy rekord, lekin eng muhimi – jamoa nima qildi. Biz favoritlardan biriga qarshi o‘ynadik, ikki marta oldinga chiqdik, oxirida durang – adolatli natija deb o‘ylayman. Jamoa yaxshi holatda, biz albatta yaxshi o‘ynaymiz”, – deydi u.
Guruhdan chiqish – odatiy maqsad. Ammo yana o‘sha eski hikoya. Pley-offda gol yo‘q, assist yo‘q. Urugvayga qarshi 1:2, Portugaliya uyga qaytadi. Ronaldo 33 yoshda, savol esa bitta: bu uning so‘nggi Jahon chempionatimi?
U bu mavzudan qochadi: “Hozir bu haqda gapirish vaqti emas deb o‘ylayman. Lekin terma jamoamiz dunyoning eng yaxshilaridan bo‘lib qoladi, ajoyib o‘yinchilar, fantastik guruh, yoshlar bor. Ambitsiya katta, shuning uchun hammasidan mamnunman”, – deydi u. Mundial bilan bo‘lgan ichki kurash esa davom etadi.
Qatar: tushlar sinishi va obro‘ sinovi
Qatarga Ronaldo odatdagidek – o‘ziga xos ishonch bilan keladi. Manchester United’dagi ikkinchi davrning sharmandali yakunidan so‘ng, u tanqidchilarni jim qoldirishni, nihoyat yetishmayotgan yagona sovrinni – Jahon chempioni kubogini ko‘tarishni xohlaydi.
Ammo turnir uning uchun Old Traffordni tark etganidagidek yakunlanadi: maydonda asabiy reaktsiyalar, chetda esa mish-mishlar. Eng katta shov-shuv – murabbiy Fernando Santos uni Shveysariyaga qarshi 1/8 finalda zaxiraga o‘tirgizgani haqidagi voqea. Portugaliya Goncalo Ramos hat-tricki evaziga 6:1 hisobida g‘alaba qozonadi. O‘rnini bosgan yigit sahnani egallaydi, Ronaldo esa chetda qoladi.
Matbuotda “lagerni tark etaman, ketaman” degan xabarlar ko‘payadi. Ronaldo esa turnir tugagach, ijtimoiy tarmoqlarda yozadi: “Ko‘p narsa aytildi, yozildi, taxmin qilindi, lekin mening Portugaliyaga bo‘lgan sadoqatim bir soniyaga ham susimagan. Men har doim hammaning maqsadi uchun kurashgan oddiy o‘yinchi bo‘lganman. Hech qachon jamoadoshlarimga va yurtimga orqa o‘girmaganman”.
Keyin esa shunday yakunlaydi: “Hozircha ko‘p narsa deyishning hojati yo‘q. Rahmat, Portugaliya. Rahmat, Qatar… Endi vaqt o‘z ishini qiladi, har kim o‘zi xulosa chiqaradi”.
Uning bu mundialdagi yagona goli – Ganaga qarshi ochilish o‘yinida penalti. Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda almashtirilganida, reaksiyasi – ochiqchasiga g‘azab. Shveysariya va Marokashga qarshi o‘yinlarda esa zaxira, so‘nggi hushtakdan keyin esa ko‘zlari yoshga to‘lib, to‘g‘ri tunnelga qarab ketayotgan Ronaldo. Hech kim bilan so‘zlashmaydi. 37 yosh. Yana ikkita mundial pley-off o‘yinida golsiz.
U o‘zi ham bu bob yopilgandek his qiladi. Instagram’da shunday yozadi: “Portugaliya bilan Jahon chempionatini yutish – kareramdagi eng katta va eng ambitli orzuim edi. 16 yil ichida besh marta mundialda qatnashib, buyuk o‘yinchilar bilan birga o‘ynab, millionlab portugaliyaliklarning qo‘llab-quvvatlashini his qilib, maydonda borimni berdim. Hech qachon jangdan qochmadim, bu orzudan voz kechmadim. Afsuski, bu orzu kecha tugadi”.
Ko‘pchilik uchun ham shunday edi: Ronaldo va Jahon chempionati hikoyasi shu yerda yakunlangandek tuyuldi.
“I’m back!” – lekin qanchalik?
Qatardagi fiyaskodan so‘ng ham, sahnaga qaytish uchun imkoniyat chiqdi. Portugaliya O‘zbekistonni 5:0 hisobida yenggan zahoti, yakuniy hushtakdan so‘ng Ronaldo kameraga qarab baqiradi: “I’m back! I’m back!” – “Qaytdim!” Signal aniq. U o‘zini yana dunyo sahnasida ko‘rishni xohlaydi.
Ammo hamma ham bunga ishona olmaydi. Chunki turnirning ilk o‘yinida DR Congo’ga qarshi u deyarli ko‘rinmay qolgan edi. O‘zbekiston darvozasiga ikkita gol – ha, bu Ronaldo uchun hamon odatdagi ishdek tuyulishi mumkin. Lekin raqib – FIFA reytingida 60-o‘rindagi jamoa. Shuning uchun ham euforiyaga berilmaslik kerak edi. Vaqt buni tasdiqladi.
Kolumbiyaga qarshi o‘yinda u yana qiynaldi. Raqib Portugaliyani juda bemalol ushlab turdi, 0:0, guruhda birinchi o‘rin Kolumbiyaga nasib etdi. Roberto Martinez jamoasi ikkinchi bo‘lib, endi yanada xavfli raqibga duch keladi.
Endi navbat – Modric va haqiqat oniga
Endi Portugaliya Luka Modric boshchiligidagi Xorvatiyaga qarshi o‘ynaydi. Bu jamoa ham avvalgidek emas, avvalgi portlash yo‘q, lekin baribir xavfli. Katta turnirlarda tajriba, sovuqqonlik va kichik epizodlarni o‘zingga og‘dirish san’ati ularda hanuz bor.
Xuddi shunday ta’rifni Ronaldoga ham qo‘llash mumkin. 41 yoshda u hali ham Jahon chempionatida gol ura olishini isbotladi. Ammo uning eng katta bo‘shligi hanuz to‘lmagan: pley-off bosqichida bitta ham gol yo‘q.
Uning butun mundial tarixini ochib ko‘rsak, unda deyarli hamma narsa bor: ilk mundialda rekord, Fransiyaga qarshi hushtaklar, Angliyaga qarshi penaltilar dramatikligi, Janubiy Afrikadagi ko‘z yoshlari, Braziliyadagi og‘riqli tanqidlar, Rossiyadagi hat-trick va jarima zarbasi, Qatardagi zaxira va ko‘z yoshlari. Faqat bitta narsa yetishmaydi – pley-offdagi gol.
Endi esa, ehtimol, oxirgi imkoniyat.
Xorvatiyaga qarshi o‘yin faqat Portugaliya uchun emas, Ronaldo uchun ham mezon bo‘ladi. U yana bir bor vaqtni yenga oladimi? Yoki Jahon chempionatlari tarixida pley-offdagi golsiz daholardan biri sifatida qoladimi?
Endi navbat senda, Cristiano.







